«ahobish»ni oyoqqa turg‘azdilar. Bu safar Badr jangida bir yo‘la otasi, akasi va
amakisidan ayrilgan Abu Sufyonning xotini Hind
va boshqa Makka ayollari
alohida jonbozlik ko‘rsatdilar. Natijada 3000 tuya, 200 otga ega bo‘lgan 3000
kishilik askar to‘plandi. Jangchilardan 700 kishi sovut kiygandi. Ana shu qo‘shin
Madinaga yaqinlashib, 625 yil 21 mart kuni Uhud tog‘i yonbag‘rida o‘rnashdi.
Muhammad (sav) bu murakkab ahvoldan chiqish chorasini topish uchun
maslahat kengashini chaqirdi. Ibn Ubayy ajdodlar tajribasidan kelib chiqib,
barchani markaziy qo‘rg‘onda to‘plash, ayol va
yosh bolalarni shahar devori
ustidagi istehkomlarda joylashtirish va dushman bilan tor ko‘chalarda
to‘qnashishni taklif etdi. Payg‘ambarga bu taklif ma’qul tushgandi. Ammo
qiziqqon yoshlar shahar tashqarisida, ochiq joyda jang qilishni talab qildilar.
Shundan so‘ng 1000 kishilik musulmon askari kechqurun Qanot vodiysi, ertasi
ertalab esa Aynan tog‘ining shimoli-g‘arbida, makkaliklarga yuzma-yuz joylashdi.
Ko‘p o‘tmay musulmon qo‘shinidan 300 kishi “munofiq” Ibn Ubayy boshchiligida
maydonni tark etdi va Madinaga qaytib ketdi. Musulmonlar 3
bayroq ostida -
muhojirlar o‘rtada, avs va xazraj ikki qanotda saf tortdilar. Makkaliklar ham xuddi
shu shaklda ro‘baro‘ turdilar, ammo ularda qo‘shimcha tarzda maxsus otliq qism
bor edi. Bunga javoban payg‘ambar 50 kishilik kamonchilar qismini tashkil etib,
ularga har qanday sharoitda ham o‘z o‘rnidan jilmaslik haqida qat’iy buyurdi.
Bunday qat’iylik bejiz bo‘lmagan ekan, zero oxir-oqibatda jang taqdirini aynan ana
shu kamonchilarning intizomsizligi hal qildi.
Odatdagidek jang yakka kurash (muboraza) bilan boshlandi.
Bir necha
jangda musulmonlarning qo‘li baland keldi. So‘ng butun maydon uzra qizib ketgan
to‘qnashuvlarda ham musulmonlar g‘olib kela boshlagach, mushriklarning saflari
buzilib, chekina boshladilar. Mana shu chog‘da madinaliklar dushmanni ta’qib
qilish o‘rniga o‘lja yig‘moqqa kirishib ketdilar. O‘ljadan quruq qolishdan qo‘rqqan
kamonchilarning katta qismi o‘z mavqelarini tashlab,
boshqalar bilan aralashib
ketdilar. Bu holni ko‘rib turgan Xolid ibn Valid pistirmada turgan otliq qismni
maydonga tashladi. O‘z joyida qolgan o‘ntacha kamonchini yakson qilib,
Muhammad (sav) turgan tepalikka ot soldi.
Birozdan so‘ng mushriklardan Ibn Qumaysa baland ovoz bilan Muhammad
o‘ldirildi, deb hitob qildi. Musulmonlar bir lahza sarosimaga tushib qoldilar. Keyin
eng sodiq sahobalar kurak tishi singan va boshidan jarohatlangan Rasulullohning
atrofida mahkam halqa hosil qilib, uni himoya qildilar. Abu Sufyon «Badr uchun
qasos olindi, yetadi» degach, mushriklar buni «masala hal bo‘ldi» degan ma’noda
qabul qilib, jangni to‘xtatdilar-da
tuyalariga minib, otlarning jilovlaridan
yetaklagan holda maydonni tark etdilar. Mo‘minlardan bu jangda 74 kishi halok
bo‘ldi, mushriklar esa uch barobar kam odam yo‘qotdilar.
Musulmonlar uchun bu birinchi mag‘lubiyat va achchiq saboq bo‘ldi.
Bezovtalik bilan o‘tgan tun bo‘yi ansorlar masjidlarda navbatchilik qilib chiqdilar.
Ertasi kuni saharlab Payg‘ambar faqat jangda qatnashgan 250 musulmonni Abu
Sufyonni ta’qib qilish uchun safarbar etdi. Ular
Xamra al-Asad degan joyga
yetganlarida ikki makkalikni asir oldilar va shu yerga vaqtinchalik chodir tikdilar.
Ta’qibchilar sonini ko‘paytirib ko‘rsatish maqsadida 500 gulxan yoqildi. Shu
zaylda 4 kun o‘tgandan keyin Madinaga qaytib ketildi.
625 yil davomida Madinadan tashqaridagi xuzayma, amir b.sa’sa’a, bani
musta’liq va g‘atafan qabilalariga yurishlar qilindi va ularning ba’zi qismi islomni
qabul qildi. Makka mushriklariga xayrihohligi va ularni ma’lumot bilan ta’minlab
turganligi uchun yahudiy bani Nadir qabilasi Madinadan quvib chiqarildi. Banu
Nadir qabilasidan katta o‘lja qolgandi: qurol-yarog‘,
asbob-uskunadan tashqari
serunum, sug‘oriladigan yerlar. Payg‘ambar bu yerlarni birinchi navbatda
muhojirlarga bo‘lib berdi, ansorlardan faqat eng faqir 2 kishiga yer tegdi. Norozi
bo‘lgan ansorlarga bu xususdagi oyati karima (al-Hashr, 6-9) javob bo‘ldi. Aytish
joizki, birinchi bor qo‘llanilgan bu tajriba-keyinchalik
musulmon davlat
huquqining asosini tashkil qildi, ya’ni yer yuzidagi ja’miki narsa-xoliq Allohniki
va u uni hohlagan insonga a’to etishi mumkin. Payg‘ambar hayoti davrida bunday
«fay» Allohning elchisi tasarrufida bo‘ldi.
Do'stlaringiz bilan baham: