Ne ajab, ul sarvinozim o‘n sakkiz yoshindadur.
O‘n sakkiz yil dema, yuz sakson yil o‘lsa, uldurur,
Husn shohi, ul balolarkim ko‘zi qoshindadur.
She’riy, poetik mulohazalar, Arastu fikricha, tasvirlanmish hayotning xilma-xilligi bilan, ya’ni, hayotning qaysi jihatlarini, qanday xarakterlarni tasvirlashi bilan ham farqlanadilar: “San’atkorlar muayyan shaxslarni tasvirlaydilar, ular esa yaxshi yoki yomon bo‘lishi mumkin. (Negaki, hamma odamlar o‘z xarakteridagi illatlari va fazilatlari bilan farqlanadilar). Ular bizdan yaxshiroq, bizdan yomonroq yoki hatto bizdek bo‘ladilar. ” (Xuddi rassomlardagidek. Polignot masalan, eng yaxshi odamlarni, Pavson – yomonlarni, Dionisiy esa bizga o‘xshash kishilarni tasvirlaydi. Homer eng yaxshilarni, Kleofont oddiy odamlarni ko‘rsatadi. Parodiyalarning birinchi ijodchisi Fasosli Gegemon yoki “Deliada”ning avtori Nikoxar yomon odamlarni gavdalantirgan”. (Arastu. Poetika. Axloqi kabir. T. Yangi asr avlodi 2004. 22-bet). Arastu fikricha, shoirlarning qaysi janrda ijod qilishi ham ular hayotning qaysi tomonlarini, qanday xarakterlarni tasvirlashi bilan bog‘liqdir. Ya’ni shoir she’riy mulohazalarida poetik tafakkurning qaysi turiga murojaat qilishi uning ijodiy niyati, poetik g‘oyasi bilan bog‘liqdir. Shu sababli, komediya hozirgi vaqtda (Arastu vaqtida) yashaganlardan yomonlarini, tragediya esa, yaxshiroq kishilarni ifoda etishga intiladi. Muhammad Forobiy shu fikrlarga qo‘shimcha qilib, yana aytadiki, “Ular (she’r tadqiqotchilari) she’rlarni (ma’nolariga qarab) turli navlarga, chunonchi hajviya (satira), madhiya, mufoxara (yoki faxriya), lug‘z-topishmoqli she’rlar, kulgili (komik), g‘azaliyot, vasfiy she’r hamda kitoblarda topilishi qiyin bo‘lmagan boshqa navlarga bo‘ladilar. U yerda, (Arastu “Poetikasi”)da bular bitilganligi bizni bu haqda mufassal eslashimiz va gapni cho‘zib o‘tirishimizdan qutqaradi.” Muhammad Forobiy she’r turlarini vaznlariga qarab farqlash asosan yunon shoirlariga xos ekanligini ko‘rsatar ekan, arab shoirlari (aniqrog‘i, turli millatlarning arab tilida ijod qiluvchi shoirlari) bunday yo‘l tutmaganini aytadi. “Asarlari bizgacha yetib kelgan o‘tmish va hozirgi zamon (Forobiy zamoni) shoirlarining ko‘pchiligi she’rlarning ahvoliga qarab (ma’nolariga qarab) vaznlarini aralashtirib yuborganlar. Ular she’riyatda mavjud bo‘lgan navlarning har biriga, ularning mazmuniga qarab maxsus vazn belgilab chiqmagan. Bu holatdan faqatgina yunonlargina xoli, xolos. Ular she’r navlarning har biriga maxsus vazn turlarini belgilab chiqqanlar. Chunonchi, (yunon she’riyatida) madhiyalar vazni hajviyalar vaznidan tamomila boshqacha, hajviyalar vazni esa kulgili komediyalar vaznidan butunlay farq qiladi. Boshqa vaznlarning ahvoli ham huddi shunday.”
Yunon she’riyatining navlari haqida Forobiy bunday deydi: “Ammo, satiraga kelganda shuni aytish kerakki, bu ham she’riyatning bir navi bo‘lib, uning o‘ziga xos vazni bor. Bu navdagi she’rlarni musiqachi olimlar ijod qilganlar. Ular o‘z kuylari bilan to‘rt oyoqli hayvon, hatto jamiki hayvon zotlarini harakatga keltiradilar. Shunda bu hayvonlar o‘zlarining tabiiy harakatlaridan bir oz chetga chiqqan bo‘lib (ya’ni, yarim echki, yarim odam – satirlar o‘yinidan satirik she’r kelib chiqqan), odamlarni, (tomoshabinlarni) taajjubga soladilar. Demak, Forobiy fikricha, badiiy asar (qadimgi zamonlarda barcha san’at asarlari – poeziya deyilgan) hayotdagi juda qiziqarli, iloji boricha, ajoyib-g‘aroyib voqealarni va harakatlarni tasvirlashi, tinglovchilarda, tomoshabinlarda taajjub, hayrat uyg‘otishi zarur.
Poetik mulohazalarning hajviy turi badiiy nasrga ham taalluqlidir. Badiiy nasrda ham hajvchi shoir jamiyat hayotidagi turli ijtimoiy illatlarni biror voqea va unda qatnashuvchi xarakterlarga taqlid qilish, ularga o‘xshatish bilan ko‘rsatadi, aks ettiradi. Rim imperatori Neronga zamondosh (yangi eraning 50-60-yillari) o‘tkir hajvchi bo‘lgan adib Gay Petroniy Arbitr mashhur “Satirikon” romanida sobiq qullardan chiqqan, katta mansabdorlarning xizmatini qilib, badavlat mulkdor bo‘lib ketgan Trimalxion o‘z uyida yig‘ilgan mehmonlar uchun haftalab shohona ziyofat berishini tasvirlar ekan, mimesis-taqlid tamoyiliga ko‘ra, qahramonlarning gap-so‘zlari orqali: 1. Uning xarakterini, cheksiz boyliklari bilan maqtanishini. 2. O‘zi tentak, ilmsiz, savodsiz bo‘lsa ham, go‘yo oliy tabaqaga xosman, deb, ma’rifatli odam bo‘lib ko‘rinishini. 3. Rim imperiyasi boyonlari cheksiz noz-ne’matlarni, boyliklarni sira mehnat qilmay, tekinxo‘rlik bilan iste’mol qilishini. 4. Bunday mulkdorlar davlatga, jamiyatga zarracha foyda keltirmasa ham izzat-hurmatda, zebu ziynatda yashayotganligini. 5. Rim imperiyasi ma’naviy tanazzulga uchraganligini ko‘rsatadi. “Yaqinda bir parcha yerimga Sitsiliyani ham qo‘shib olmoqchiman, – deydi u. – Ana shunda Afrikagacha o‘z dengizlarimda suzib boraman”. Aslida u jug‘rofiyadan xabarsiz, qaerda va qaysi davlatlar borligini ham yaxshi bilmaydi. Homer dostoni voqealarini bilaman, deb maqtanadi, lekin qahramonlarni bilmay, yanglishadi. Asar tili nozik qochirimlarga boyligi bilan zavqlantiradi. Afsuski, bu durdona asar to‘liq yetib kelmagan.
Qadimgi Yunonistonda barcha dramatik asarlar yanada qadimiyroq xalq milliy an’anaviy bayrami – may va uzumchilik ma’budi Dionis (rimcha-Vakx) sharafiga o‘tkaziladigan bayramda, mifologik mavjudotlar – echkioyoqli satirlar hamda mast-alast Dionis qizlari (Vakx qizlari)ning raqs va qo‘shiqlaridan kelib chiqqani uchun, xususan, komediyada musiqa va qo‘shiq keng o‘rin olgan. Ming yillardan keyin ham musiqali komediya rivojlanganligi sababi – bu tomoshalar: ham bayramlarda ko‘ngil ochish, ham yomonlar ustidan va jamiyat hayotidagi kamchiliklardan kulish, ham xalqni shu yo‘l bilan tarbiyalash maqsadlarida ijod qilinar edi. Forobiy ham shu fikrlardan kelib chiqib, “ko‘pincha uning (komediyaning) bo‘laklariga ohang-nag‘malar qo‘shilib, bularda ham qoralanadigan xulq-atvor (xarakterlar)da inson, hayvon va ikkoviga aloqador bo‘lgan xunuk shakl-timsollar, (ya’ni o‘shanday yomon hulq-atvorlar, xarakterlarni ifodalovchi niqoblar kiygan aktyorlar) ishtirok etadilar” . Masalan, Aristofanning “Suvoriylar” komediyasida aktyorlar yog‘och ot minib, “Qushlar” satirik komediyasida aktyorlar o‘zlariga tumshuq va qanotlar bog‘lab, “Qurbaqalar” komediyasida qurbaqaga o‘xshab kiyinib chiqadilar.
Poetik ijodning hayotiyligi haqida Forobiy bunday deydi: “Ammo komediyaga kelsak, bu she’riyatning ma’lum bir turi bo‘lib, uning ham ma’lum vazni bo‘ladi, unda yomon fe’l-atvorlar zikr qilinadi. Odamlar, ularning axloqlarida qoralanadigan, xush ko‘rilmagan tabiatlar (xarakterlar) hajv qilinadi”. Yuqorida ko‘rib chiqqanimiz, “Satirikon” asaridan bir parchada jamiyat mulkini tekin yeb tugatuvchi, mol – dunyoga, anvoyi taomlarga ochofat, qullari, boyliklari mehnatsiz topilgani bilan maqtanuvchi Trimalxion kabi mulkdorlar va ularning hamtovoqlari hajv qilingan. Bu esa badiiy asarning hayotiyligi dalilidir.
Komediya ruhi hajv, kulgi drama navida ham, badiiy nasrda ham mavjuddir. Ba’zi hajviy xarakterlarni she’riyatda ham, prozada ham ravshan tasvirlash mumkin. Mumtoz jahon adabiyoti tarixida romanlar she’r bilan, dostonlar nasrda yozilgan hollarini ham uchratamiz. O‘rta asr ritsarlik romanlari she’rda, poema shaklida (“Roland haqida qo‘shiq”, “Said haqida qo‘shiq”) va ba’zi dostonlar badiiy nasrda (“Romeo va Juletta”, “Farhod va Shirin”, “Hazrat Ali jangnomasi”, “Abo Muslim jangomasi” xalq qissalari shaklida) yozilgan. Navoiy shu xalq poetik ijodidan yaxshi foydalangan.
Muhammad Forobiyning yunon she’riyati navlari haqidagi ba’zi fikrlari taxminiy, ba’zilari noaniq ekanligini ko‘ramiz. “Difiramba – she’riyatning bir turi bo‘lib, uning vazni tragediya vaznidan ikki barobar katta bo‘ladi. Unda yaxshilik va maqtaladigan barcha xulq-atvorlar, insoniy fazilatlar zikr etiladi. Difirambada ma’lum bir podshoh yoki kishini madh etish maqsad qilib olinmaydi, balki ulardagi umumiy yaxshiliklar zikr qilinadi.
Shunisi qiziqarliki, Nizomiyning “Maxzanul-asror”, Sa’diyning “Bo‘ston”, Navoiyning “Hayratul-abror” asarlarida adolat, mehr-muruvvat, sabr-qanoat, himmat, ehson, kamtarinlik, ishq, shukronalik kabi fazilatlarning maqtovi Forobiyning tavsifiga to‘liq muvofiq keladi. Qadimgi yunon she’riyatida ham bu insoniy fazilatlar doimo maqtalib kuylab kelingan. Feokrit, Vergiliy, Goratsiy idilliyalarida, bukolikalarida, eklogalarida tabiat go‘zalliklari orasida bog‘bonlar, cho‘ponlar, dehqonlarning bunyodkor va kamtarona mehnat bilan yashashi ulug‘langanini eslaylik. Bu esa she’riyatning jamiyat taraqqiyotidagi muhim mavqeiini ham belgilaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |