Olimpiya o’yinlarini tashkil qilish va o’tkazish tartibi. Olimpiya xartiyasi bo’yicha Olimpiya o’yinlari har 4 yilda bir marta o’tkaziladi. 1994 yildan boshlab yozgi va qishki olimpiya o’yinlarining orasidagi farq ikki yilni tashkil qiladi. Yozgi olimpiya o’yinlari 16 kun va qishki olimpiya o’yinlari 12 kun davom etadi.
Olimpiya o’yinlari planetar ahamiyatga ega bayram bo’lib, ularni yuqori saviyada tashkil qilish va o’tkazish har bir mamlakat uchun katta sharafdir. Olimpiya o’yinlarini o’tkazish huquqi XOQ tomonidan tanlangan va tasdiqlangan shaharga beriladi. Nomzod shaharlar tomonidan XOQ Ijroiya qo’mitasiga berilgan talabnomada Olimpiya o’yinlarini o’tkazish vaqti va sanasi ko’rsatiladi.
Olimpiya o’yinlarini o’tkazish uchun shaharni tanlab olish huquqiga faqat XOQ egadir. Shahar nomzodi mamlakat emas, shaharning nomidan tavsiya qilinadi. Nomzod shahar hokimiyatining talabnomasi mazkur mamlakatning hukumati va milliy olimpiya qo’mitasi tomonidan ma’qullangan bo’lishi kerak. Bunda milliy olimpiya qo’mitasi shaharning o’z zimmasiga olgan barcha majburiyatlari uchun ma’sul tashkilot hisoblanadi.
XOQ Ijroiya qo’mitasi tomonidan “Nomzod shaharlar uchun shartlar” ishlab chiqilgan bo’lib, har bir nomzod shahar ushbu shartlarga rioya qilishi to’g’risidagi kafolat hujjatini XOQga yozma ravishda taqdim etishi kerak. Ushbu “Shartlar”da Olimpiya o’yinlarining Olimpiya Xartiyasi va olimpiya sport turlari bo’yicha Xalqaro sport federatsiyalarining talablariga muvofiq o’tkazilishi kafolatlangan. Ular xavfsizlikni ta’minlash, moddiy va moliyaviy kafolatlardan iborat. Barcha nomzod shaharlar XOQ sessiyasidan 6 oy oldin Ijroiya qo’mitaga moliyaviy kafolatlarini berishi lozim.
1999 yilda XOQning 110-sessiyasida ikki bosqichdan iborat tanlov qoidalari tasdiqlangan. Tanlovning birinchi bosqichida XOQning ma’muriy vakillari va tashqi ekspertlardan tuzilgan ishchi guruh nomzod shaharlardagi asosiy texnik talablarni o’rganib, XOQ Ijroiya qo’mitasiga ma’lumotlarni beradi. Ijroiya qo’mita tanlovning birinchi bosqichidan o’tgan nomzod shaharlar ro’yxatini tasdiqlaydi. XOQ Ijroiya qo’mitasiga nomzod shaharlar to’g’risida barcha ma’lumotlar taqdim etilganidan so’ng tanlovning ikkinchi bosqichida XOQning nomzodlarni baholash Hay’ati har bir shaharga tashrif buyuradi. Hay’at tarkibi olimpiya harakatining barcha tashkilotlari XOQ, XSF, MOQ, Xalqaro Paralimpiya qo’mitasi a’zolari, sportchilar, ekspertlardan iborat bo’ladi. Nomzodlarni baholash Hay’ati har bir nomzodni o’rganib chiqib, shahardagi sport inshootlarini tekshirib, nomzod shahar tanlovi o’tkaziladigan Sessiyagacha bo’lgan ikki oy muddat ichida har bir nomzod to’g’risidagi yozma hisobotni XOQga berishi lozim.
Olimpiya o’yinlarini o’tkazish uchun nomzod shaharlarni ko’rib chiqish jarayoni qo’yidagi asosiy tadbirlardan iborat:
XOQ va nomzod shaharlarning axborot uchrashuvi;
Nomzodni ko’rib chiqish jarayoni to’g’risidagi tadbirlarni imzolash;
Nomzod taqdimoti uchun uning emblemasini yaratish;
XOQ Ijroiya qo’mitasiga nomzod shahar kichik delegatsiyasining taqdimoti. Taqdimot maqsadi - XOQ Ijroiya qo’mitasini nomzod shaharlarning o’z rahbariyati va boshqaruvi bilan tanishtirishdir;
XOQga nomzod shaharning o’zi haqidagi ma’lumotlari bilan birgalikda 150 ming AQSH dollari miqdorida badal puli to’lanadi. Olimpiya o’yinlarini o’tkazish huquqini olmagan nomzod shaharlarga badal puli foizi bilan qaytariladi;
XOQ Ijroiya qo’mitasi tomonidan nomzod shaharlarni tasdiqlash va kelgusida XOQ sessiyasida Olimpiya o’yinlari o’tkaziladigan shaharni tanlash;
XOQ sessiyasi tomonidan Olimpiya o’yinlari o’tkaziladigan shaharni tanlash.
Olimpiya o’yinlarini tashkil qilish huquqini olish uchun nomzod shahar sessiyada qatnashayotgan XOQ a’zolarining eng ko’p ovozini to’plashi kerak (ovozlarni yarmi va yana bir ovoz). Agarda ovoz berishning birinchi va keyingi bosqichlarida shaharlarning hech biri talab etilgan ovozlar sonini to’play olmasa, ulardan eng kam ovoz olgani nomzodlar orasidan chiqariladi va ovoz berishning yangi bosqichi o’tkaziladi.
Olimpiya sportining obro’sini tushirishiga sabab bo’ladigan turli xil qoidabuzarlik va suiste’molchilik holatlariga yo’l qo’ymaslik uchun XOQ tomonidan Olimpiya o’yinlarini o’tkazish uchun nomzod shaharlarni tanlab olishning asosiy tamoyillari ishlab chiqilgan. Shu tarzda nomzod shaharlar uchun ma’lumotnoma ishlab chiqilgan bo’lib, uning moddalari nomzodning faylida yoritilishi kerak. Mazkur ma’lumotnomaning mazmunida bu masalalar bo’yicha XOQning bugungi kundagi nuqtai nazari ifodalangan. Ma’lumotnoma mazmuni 18 ta mavzudan iborat: nomzod shaharning milliy va mintaqaviy tavsifi; huquqiy asoslari; bojxona va immigratsion rasmiyatchiliklar; atrof muhit himoyasi va meteorologik sharoitlar; moliya; marketing; umumiy sport konsepsiyasi; sport turlari; paralimpiya o’yinlari; olimpiya shaharchasi; tibbiy xizmat va sog’liqni saqlash xizmati; xavfsizlik; joylashtirish; transport; texnologiyalar; aloqa va mediaservis xizmati; olimpizm va madaniyat; kafolatlar.
Hozirgi kunda Olimpiya o’yinlarini tashkil qilish katta moddiy harajatlarni va ulkan tayyorgarlik ishlarini talab etadi. Shuning uchun talab etilgan moddiy-texnik bazasi, vositalari va ish tajribasi mavjud bo’lgan shaharlar Olimpiya o’yinlarini tashkil qilish va o’tkazish imkoniyatiga ega. Bunda tashkilotchi shaharga qo’yiladigan talablarning oshishi va ishtirokchilar sonining ko’payishi hisobidan Olimpiya o’yinlarini o’tkazish qiymati ham yildan-yilga o’sib borishini e’tiborga olish zarur.