Ion almashinish adsorbtsiyasi.
Kuchli elektrolitlarning suvli eritmasidagi elektrolitlar erituvchida to’la - to’kis ionlarga dissotsilangan holatining qattiq jism sirtida yutilishiga ion almashinish adsorbtsiyasi deyiladi.
Elektrolitlarning adsorbtsiyasi uch xil bo’ladi: Ekvivalent, almashinish va spetsifik adsorbtsiyalar.
Ekvivalent adsorbtsiyada elektrolitning kation va anionlari bir xil miqdorda adsorbent sirtida yutiladi.
Almashinish adsorbtsiyasida elektrolitning ionlari adsorbent sirtida yutilgan ionlarni siqib chiqarib, ular o’rniga yutiladi. Agar adsorbent yutilgan tuz ionlari o’rniga eritmaga vodorod yoki gidroksil ionlarini chiqarsa, gidrolitik adsorbtsiya bo’ladi.
Suvni kation va anionlardan to’liq tozalash maqsadida keyingi yillarda ion almashinuv smolalaridan foydalaniladi.
Smolalar o’z xususiyatiga ko’ra ikkiga bo’linadi: kationitlar va anionitlar.
Kationitlarning sirt qismi manfiy zaryadga ega bo’lib, o’ziga faqat kationlarni qabul qilib, eritmaga vodorod kationlarini chiqaradi.
Anionitlar esa, eritmadan o’ziga faqat anionlarni qabul qilib, gidroksil ionlarini chiqaradi.
Adsorbtsiya xodisasi hozirgi zamon xromatografiyasining asosini tashkil etadi.
Adsorbtsion xromatografiya usulda aralashma moddalarni ajratish va tozalash ularni adsorbent yuzasida adsorbtsiyalanish, (yutilish) va erituvchi bilan desorbtsiyalanish, (yuvilish) protsessi turlicha bo’lishiga asoslangan.
Bu usul maxsus xromatografik kolonkalarda olib boriladi. Ko’pincha moddalarni xromatografik kolonkalarda ajratishda maxsus xromatografiya uchun tayyorlangan alyuminiy oksid va silikagel adsorbentlardan foydalaniladi.
Shu bilan birga taqsimlanish xromatografiyasining bir turi bo’lmish qog’oz xromatografiyasidan foydalaniladi. Bu usul murakkab aralash moddalarni ajratishda va bo’lishda ishlatiladi. Bunda maxsus filtr qog’ozdan foydalaniladi.
Qog’oz xromatografiyasi erituvchining yo’nalishiga qarab, yuqoriga, pastga suriluvchi va gorizontal - aylanma xromatografiya turlariga bo’linadi. Moddalarni quyidagi taqsimlanish koeffitsienti K formulaga asosan aniqlanadi:
K = a / v
a - modda tomizalgan nuqtadan dog’ markazigacha bo’lgan masofa,
v - start chizig’idan erituvchi frontigacha bo’lgan masofa.
Hozirgi vaqtda sintetik, ayniqsa tabiiy moddalarni analiz qilishda xromatografiyaning ancha qulay va tez bajariladigan usuli yupqa qatlamda xromatografiyalashdir. Bu usulning afzalligi shundaki, bunda ximiyaviy reaktsiyalarning borishini kontrol qilish, kolonka yordamida ajratilayotgan murakkab aralashmalarni ayrim komponentlariga ajralishini kuzatish va xromatografik plastinkalarni tezda tayyorlab, moddalarni tezroq identifikatsiyalash mumkin.
Qattiq jismlar sirtidagi adsorbtsiya protsessi xalq xo’jaligining ko’p tarmoqlarida keng qo’llaniladi.
Qattiq jismlardan tayyorlangan adsorbentlar gaz sanoatida gazlarni tozalashda, koks gazlardan benzol olishda, protivogaz tayyorlashda va moddalarni ajratishda va tozalashda keng qo’llaniladi.
Ion almashinuvchi smolalar yordamida suvni tozalash, xalq xo’jaligining ko’p tarmoqlarida, ayniqsa, yuqori bosimda ishlaydigan suv qozonlari uchun katta ahamiyatga ega.
Do'stlaringiz bilan baham: |