Adsorbtsion xromatografiya.
Bu usulda aralashma moddalarni ajratish va tozalash ularni adsorbent yuzasida adsorbtsiyalanish (yutilish) va erituvchi bilan desorbtsiyalanish (yuvilpsh) jarayoni turlicha bo‛lishiga asoslangan.
Adsorbtsion xromatografiya maxsus xromatografik kolonkalarda olib boriladi. Xromatografik kolonka o‛rnida (tozalanishi kerak bo‛lgan moddaning miqdoriga qarab) turli o‛lchamdagi shisha trubkalar ishlatiladi (rasm).
Trubka tubiga ozgina paxta joylashtirilib, vertikal holatda shtativga o‛rnatiladi. So‛ngra kolonkaning 2/3 yoki 3/4 qismi bir xil o‛lchamdagi ma’lum adsorbent bilan to‛ldiriladi. Xromatografiyada adsorbent sifatida asosan alyuminiy oksid, silikagel, gilmoya kukuni, sellyuloza, poliamid va boshqalar ishlatiladi. Ko‛pincha moddalarni xromatografik kolonkalarda ajratishda maxsus «xromatografiya uchun» deb belgilangan turli markadagi alyuminiy oksid va silikagellar ishlatiladi. Bunday adsorbentlar ishlatilishidan oldin teshiklari 0,25 mm li elakdan o‛tkaziladi. Adsorbent va xromatografiya uchun tanlangan erituvchi kolbaga solinib, yaxshilab chayqatiladi. So‛ngra xosil qilingan alyuminiy oksidning suspenziyasi kolonkaga oz-ozdan quyiladi va adsorbentni yaxshi joylashtirish uchun kolonka vaqti-vaqti bilan qalin vakum kauchugi bilan urib turiladi. Kolonka devoriga yopishgan adsorbent esa erituvchi bilan yuvib tushiriladi, adsorbent sirtiga ozroq shisha paxta joylashtiriladi. Shu tarzda kolonka adsorbent bilan to‛ldirilgandan so‛ng tozalanilishi lozim bo‛lgan aralashma eritma holida yoki alyuminiy oksid bilan aralashtirilgan xolatida kolonkaga asta-sekin solinadi, kolonka erituvchi bilan yuviladi.
Kolonkadan erituvchining oqib o‛tish tezligi jo‛mrak yordamida boshqarib turiladi. Bunda kolonkadan oqayotgan erituvchining tezligi minutiga 30—40 tomchidan oshmasligi kerak. Yuvilish natijasida moddalar adsorbent ustuni — xromatografik kolonkaning yuqori qismidan pastga surilib, moddalar aralashmasi bir-biridan ajralib, xalqalar xosil qila boshlaydi..
Xromatografik kolonka.
1-adsorbent;
2-paxta;
3-erituvchi.
Shu tarzda moddalar oldinma-keyin erituvchi bilan birga yuvilib tushadi. Bu yuvilib tushayotgan moddalar eritmasi elyuatni fraktsiya-erituvchilarga bo‛lib yig‛iladi va har qaysi fraktsiya alohida alohida tekshiriladi. Agarda xromatografiya uchun ishlatilayotgan elyuat-erituvchi kolonkada qolgan moddani yuvib chiqara olmay qolsa, u holda elyuotrop qatorida bu erituvchidan keyin kelgan erituvchi qo‛llaniladi. 14-jadvalda adsorbentga adsorbilangan (yutilgan) moddalarni yuvib chiqarish xususiyatiga ko‛ra erituvchilar oldinma-keyin bir qatorga joylashtirilgan. Bu qator erituvchilarning elyuotrop qatori deyiladi. Eng kuchli adsorbilangan moddalar ko‛pincha etil yoki metil spirt bilan yuviladi.
Xromatografiya usulda ajratilayotgan aralashma rangli moddalardan iborat bo‛lsa, tanlangan erituvchida yuvilganda kolonkada turli balandlikda har xil rangli halqalar hosil bo‛ladi. Shuning uchun bunday hollarda yana erituvchi bilan yuvish to‛xtatilib, kolonkaning rangli xalqalar hosil qilgan qismlari kesgich bilan kesib olinadi yoki extiyotlik bilan sekin tushirib olinadi.
Shu usul bilan M. S. Tsvet birinchi bo‛lib, o‛simlik bargiga yashil rang beruvchi pigmentlarni aniqlab, ular asosan to‛rt xil modda — xlorofill β (sarg‛ish-yashil), xlorofill α (yashil-ko‛k), ksantofill (sarg‛ish) va karotin (sariq)dan tashkil topganligini va ularning rangini aniqladi.
Adsorbsion xromatografiya usulida aralashma moddalarni ajratish va tozalash ularni adsorbent yuzasida adsorbtsiyalanish, (yutilish) va erituvchi bilan desorbsiyalanish, (yuvilish) jarayoni turlicha bo‘lishiga asoslangan.
Bu usul maxsus xromatografik kolonkalarda olib boriladi. Ko‘pincha moddalarni xromatografik kolonkalarda ajratishda maxsus xromatografiya uchun tayyorlangan alyuminiy oksid va silikagel adsorbentlardan foydalaniladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |