"Ommaviy madaniyat" tushunchasi.
“Biz bugun yurtimizda yangi hayot barpo etar ekanmiz bir masalaga alohida e’tibor berishimiz lozim. YA’ni kommunistik mafkura va ahloq normalaridan voz kechilgandan so‘ng, jamiyatda paydo bo‘lgan g‘oyaviy bo‘shliqdan foydalanib, chetdan biz uchun mutlaqo yot bo‘lgan, ma’naviy va ahloqiy tubanlik illatlarini o‘z ichiga olgan “ommaviy madaniyat” yopirilib kirib kelishi mumkinligi barchamizga ayon bo‘lishi kerak”.
Islom Karimov
Jamiyat hayotining barcha sohalari globallashib borar ekan, u albatta madaniyat sohasida birinchilar qatorida o‘zini namoyon qiladi. Shunday hodisalardan biri "ommaviy madaniyat" hisoblanadi.
Ommaviy madaniyatning paydo bo‘lishi va rivojlana boshlashi XIX asr oxiri va XX asr boshlariga to‘g‘ri keladi. “Ommaviy madaniyat” an’anaviy madaniyatning ma’lum yo‘nalishi sifatida emas, balki madaniyatdagi sifat o‘zgarishi, hayot taqozasi asosida yuz berdi. Ommaviy axborot va kommunikatsiya (radio, kino, televideniye, ko‘p nusxali gazetalar, suratli jurnallar, internet) vositalarining keskin rivoji va tarqatilishi bunga sabab bo‘ldi. Ma’naviy boyliklarni industrial tijorat ishlab chiqarish va tarqatish, madaniyatni demokratlashtirish, aholi bilim darajasi o‘sishi bilan birga uning ma’naviy ehtiyojlarida pasayish jarayoni kuzatila boshladi.
Tadqiqotchilar ommaviy madaniyatning dastlabki shakli XIX asrning 30-yillarida
adabiyotda paydo bo‘lgan va ommalashib ketgan sarguzasht janrini ko‘rsatishadi. Asr oxirida haftalik ommaviy axborot vositalari ana shunday asarlarni tinimsiz chop eta boshladilar. Vaqt o‘tishi bilan ushbu jarayonga “Yurak matbuoti” yoki “Qalb industriyasi” deb nom berdilar. Asr oxirida Amerika Qo‘shma Shtatlarida ommaviy madaniyatning komiks shakli paydo bo‘la boshladi. Bu janr boshda faqat bolalar uchun mo‘ljallangan bo‘lsa, bora-bora kattalar hayotining ham ajralmas qismiga aylandi. Aniqrog‘i, “Ommaviy madaniyat”ning keskin rivoji XX asrning o‘rtalariga to‘g‘ri keladi. Shu vaqtdan boshlab u keng qamrov va xujumkorlik bilan tarqala boshladi.
An’anaviy madaniyatda bo‘lganidek, ommaviy madaniyatning ham universal xarakteristikasi hamon mavjud emas. Buni shunday tushuntirish mumkin. Gap shundaki,
“Ommaviy madaniyat” ilmiy-falsafiy kategoriya sifatida o‘ziga yakdil uchta tushunchani qamraydi. Birinchidan, “madaniyat” – alohida xarakterdagi mahsulot. Ikkinchidan, “ommaviylik” – mahsulotni tarqatish meyori. Uchinchidan, “madaniyat” – ma’naviy boylik.
" Ommaviy madaniyat" nima? Bu savolga har bir xalq o‘zining manfaatlari va qadriyatlaridan kelib chiqqan holda javob beradilar. Umuman olganda "ommaviy madaniyat" bizning qadriyatlarimizga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydigan madaniyatlar qatoriga kiradi. Bu xususda Prezidentimiz SH.M.Mirziyoyev: "Barchangizga ayon, hozirgi kunda dunyo miqyosida beshafqat raqobat, qarama-karshilik va ziddiyatlar tobora keskin tus olmoqda. Diniy ekstremizm, terrorizm, giyohvandlik, odam savdosi, noqonuniy migratsiya, "ommaviy madaniyat" kabi xavf-xatarlar kuchayib, odamzot asrlar davomida amal qilib kelgan e’tiqodlar, oilaviy qadriyatlarga putur yetkazmoqda. Mana shunday va boshka ko‘plab tahdidlar insoniyat hayotida jiddiy muammolarni keltirib chiqarayotgani - ayni haqiqat va buni hech kim inkor etolmaydi"5, - degan edi. Shu nuqtai nazardan qaraganda biz uchun ommaviy madaniyat - bu bir guruh boylikka o‘ch odamlar tomonidan zamonaviy axborot-texnologiyalarining imkoniyatlaridan unumli foydalangan holda axloqiy buzuqlik, zo‘rovonlik, o‘z manfaatini o‘zgalar manfaatidan ustun qo‘yish, "men "ni ulug‘lash kabilarni aks ettiruvchi har xil o‘ta sayoz madaniyat asarlarini moddiy va ma’naviy hayot maydonlariga tashlab, ko‘ngilocharlik bahonasida tijoratga asoslangan iste’molchilikni yo‘lga qo‘yib xalqlarni o‘z milliy qadriyatlariga asoslangan madaniyatidan judo qilish evaziga katta daromad topishga qaratilgan aksilmadaniyatdir.
«Ommaviy madaniyat»ning belgilari: axloqiy buzuqlik, zo‘ravonlik, individualizm, egotsentrizm va boshqalar kiradi.
Axloqiy buzuqlik. Bu eng tuban insoniy faoliyat bo‘lib, u asta-sekin «erkin muxabbat»dan «bir jinsli insonlar o‘rtasida nikoh tuzish»gacha bo‘lgan bosqichlarga ko‘tariladi. U yoshlarni ma’naviy jihatdan aynitib, minglab yillardan buyon ardoqlanib kelayotgan muqaddas muhabbat an’anasi o‘rniga zinokorlikni taqdim qiladi.
Zo‘ravonlik. Bu illat mazmunini insonning inson, millatning millat, davlatning davlat
ustidan o‘z hukmronligini o‘tkazish tashkil qiladi. Zo‘ravonlik shaxs hukuqini paymol qilib, uning ongida hayvoniylik his-tuyg‘ularini va xususiyatlarini tarkib toptiradi.
Individualizm. Bu g‘oyaga ko‘ra shaxs o‘z manfaatlarini o‘zgalar manfaatlaridan ustun qo‘yadi. Individualizm jamoaviylikning jiddiy ko‘rinishi bo‘lib, u shaxsni jamiyatdan ayro yashashga, qo‘ni-ko‘shnichilik, mahalla-ko‘ychilik va jamoaviylikka qarshi ruhda voyaga yetkazadi. Bu illatga mubtalo bo‘lgan kishi o‘z manfaatlarini o‘zgalarnikidan ustun qo‘yadi, faqat o‘zi uchun yashash odatini o‘zlashtiradi.
Egotsentrizm. Bu g‘oya inson «men»ligini ustuvor qo‘yishdan iboratdir. Unga ko‘ra, inson har bir narsaga o‘zining «men»lik nuqtai nazaridan qaraydi. Buning eng tashvishli jihati shundaki, unday odam o‘zini doimo haq deb biladi, o‘zgalarga nisbatan bepisand qarash, o‘z xatti-harakatlarini mutlaqo to‘g‘ri deb bilish egotsentrizmning eng asosiy belgisidir.
Madomiki, ushbu madaniyat milliy qadriyatlarimiz ildiziga bolta urayotgan ekan, unga qarshi kurashishimiz zarurdir. Bu esa quyidagi chora-tadbirlarni ko‘llashni taqozo etadi:Kontrabanda yo‘li bilan yurtimizga kirib kelayotgan shahvoniy filmlar, turli pornografiyalar vositasida axloqiy buzuqlikni targ‘ib qiluvchi mahsulotlarni mamlakat ichkarisiga kiritmaslik. Pinhona ish yuritayotgan fohishaxonalarning faoliyatiga chek ko‘yish tadbirlarini kuchaytirish.
Yoshlarning badiiy ehtiyojlarini qondirish, ular o‘rtasida “ommaviy madaniyat” mahsulotlarining tarqalmasligi uchun muayyan ishlar amalga oshirilayotir, albatta ularning san’atga, adabiyotga va boshqa ma’naviy mahsulotlarga bo‘lgan ehtiyojlarini o‘rganib borish hozir izchil olib borilmoqda.
“Ommaviy madaniyat”ning hayotimizga bostirib kelishida dastlab ommaviy axborot vositalari asosiy rolni o‘ynadi. Bugunga kelib esa, reklama uning ajralmas yo‘ldoshiga aylanib qoldi. Bozor qonuniyatlari “ommaviy madaniyat” mahsulotlarini keng tarqatishdan manfaatdor bo‘lib maydonga chiqmoqda. Zamonaviy audio-videotexnikalar, ovoz yozish va kuchaytirgich asboblarining yuzlab turlari “ommaviy madaniyat” mahsulotlari reklamasi bilan kun ko‘rmoqdalar. U sanoat asosiga ko‘chirilgach, o‘rtacha, bo‘sh “ommaviy madaniyat” mahsulotlarini ko‘paytirish va sotish bo‘yicha qudratli tizim yaratildi. Istagan do‘kondan dunyoning har qanday xonanda yoki sozandasi ijro etgan qo‘shiq, klip audiovideotasmasini topish mumkin. San’atga, “ommaviy madaniyat”ga mas’uliyatsizlik bilan munosabatda bo‘ladigan, yengil-yelpi ijod bilan elga tanilgan san’atkorlar armiyasi paydo bo‘ldi. O‘zlari shoir, o‘zlari kompozitor bo‘lgan, musiqiy maxsus bilimi bo‘lmagan juda ko‘plab guruhlar paydo bo‘ldi va ular o‘z mahsulotlarini istagancha reklama qilmoqdalar. Yoshlar esa ana shunday siyqasi chiqqan, lekin ma’lum ma’noda “o‘z auditoriyasini topgan”, “san’atkor”lar armiyasi bilan yuzma-yuz turibdilar. Reklama – yaratuvchi kuch emas, balki u ommaviy psixologiyani aks ettiruvchidir.
Ba’zan kliplarda chiroyli qizlar va yigitlar nima deyotganligini o‘zlari ham tushunishmaydi. Kuchli musiqa sadosi ostida nimalardir deyishadi, mashinalarga o‘tirib qayerlargadir borishadi. “Ommaviy madaniyat” mahsuli bo‘lgan bunday “asarlar” millat mentalitetini pasaytirishga xizmat qilayotgani sir emas. Reklama nima deydi? Birorta shirin ichimlikni iste’mol qilib cheksiz rohat va farog‘at olish mumkin. Biror narsaga erishish uchun jon kuydirish, ter to‘kib, mehnat qilish shart emas, ichimlikni sotib olish kerak va uni iste’mol qilish kerak. Yoki yozib olingan fonogrammaga mos qilib, labni qimirlatib turaverish kerak, tamom vassalom. Endi o‘sib, jamiyatga kirib kelayotgan yoshlarga, o‘smirlarga ham OAVlar shunday ta’lim bermoqdalar va u qay bir darajada o‘z xaridorini topmoqda hamda ongiga ta’sir etmoqda. Demak, “ommaviy madaniyat”ning ana shunday siyqalanib, jo‘nlashib borishi hammamizni ogohlikka chorlashi lozim.
“Ommaviy madaniyat” o‘z g‘irdobiga yoshlarni tartib olmasdan oldin, ularni milliy urfodatlar, tarixiy qadriyatlarimiz ruhida tarbiya ishlarni jadallashtirishimiz lozim.
Globallashuvning ijobiy tomonlari:
· Jahondagi xalqlarning tinchlik uchun kurashi;
· Turli hil mamlakatlarning iqtisod-siyosat, fan-texnika, madaniyat, ta’lim va boshqa sohalardagi xamkorlik;
· Qurollanish poygasiga qarshi kurash;
· Terrorizm va giyoxvandlikka qarshi kurash;
· YUqumli kasalliklar epidemiyalariga qarshi kurash;
· Tabiiy ofatlar ya’ni zil-zila, suv toshqinlari, yong‘inlar, vulqon otilishi, sunami va boshqalardan zarar ko‘rgan aholiga boshqa mamlakatlarning beg‘araz yordami.
Globallashuvning salbiy tomonlari:
· Ekologik muammolar ya’ni ozon teshiklari er xaroratining oshib borishi, o‘rmonlarining kamayishi, ya’ni cho‘l va saxrolarning paydo bo‘lishi, orol dengizi fojiasi va boshqalar;
· Turli mamlakatlarga kasallik epidemiyalarini tarqalishi, ayniqsa OITS;
· Terrorizm va giyoxvandlikning oshishi;
· Ommaviy ma’naviyat tahdidi.
· Qurol va giyoxvand moddalar savdosining kengayishi va boshqalar.
Do'stlaringiz bilan baham: |