XIV asr o‘rtalarida Markaziy Osiyo. Siyosiy hayot.
REJA:
XIV asrning o‘rtalarida Movarounnahrdagi siyosiy axvol.
Amir T emuming hokimiyat tepasiga kelishi.
Amir Temurning markazlashgan davlatga asos solishi.
Amir Temurning harbiy yurishlari.
Amir Temur davlatining parchalanishi.
Tayanch so‘z va iboralar: Ko‘ragon, sohibqiron, barlos, “jangi loy”, sarbadorlar, suyurg‘ol, Kanigil, Suyurg‘otmish, Xorazm, uch yillik urush, besh yillik urush, yetti yillik urush, To‘xtamish, Boyazid Yildirim, Amir Temur pirlari.
XIV asr o‘rtalarida Chingizxon egallab olgan yerlar uning merosxo‘rlari qo‘l ostida bo‘lsa ham, bu yerlar mayda bo‘laklarga bo‘linib ketib, ularda toju-taxt, hokimiyat uchun o‘zaro nizolar kuchayib ketgan edi. Qozonxon (1336-1347) o‘limidan so‘ng mamlakat hududlari parchalanish, iqtisodiy vayronlik sari yuz tutdi. Amir Qozog‘on (1347-1357) davrida bu jarayon yanada avj oldi. Amir Qozog‘on fitna tufayli o‘ldirilgach, Chig‘atoy ulusi beklari o‘zlarini mustaqil deb e’lon qildilar: Keshda Hoji Barlos, Xo‘jandda Boyazid jaloyir, Balxda O‘ljoy Bug‘o suldus, Shibirg‘onda Muhammad Xoja Aperdi nayman, Xuttalonda amir Kayxusrov va O‘ljoy Aperdi, Totkand va Saripulda Xizr Yasovuriy, Ko‘histonda Amir Sotilmish hukmronlik qildilar. 1348 yilga kelib Yettisuv, Farg‘onaning sharqiy qismi, Sharkiy Turkiston yerlarida Mo‘g‘uliston davlati tashkil topdi, uning xoni etib Chig‘atoy avlodidan To‘g‘luq Temur ko‘tarildi. To‘g‘luq Temur dastlabki davrlardanoq o‘z yerlarini kengaytirish maqsadida Movarounnahr yerlariga ikki marta (1360-1361) harbiy yurish uyushtirdi. Mana shunday ichki o‘zaro urushlar avj olib, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy inqiroz kuchayib borgan davrda tarix maydoniga mo‘g‘ul bosqinchilariga qarshi kurashda nom chiqargan buyuk sohibqiron, mohir sarkarda Amir Temur kirib keldi.
Amir Temur 1336 yil 9 aprelda Shahrisabz yaqinida Xo‘ja Ilg‘or qishlog‘ida (hozirgi Yakkabog‘ tumani hududida) barlos beklaridan Muhammad Tarag‘ay oilasida dunyoga kelgan. Uning amakisi Xoji Barlos Kesh shahrining hokimi edi. Temur yoshligidanoq harbiy mahoratga ega shaxs bo‘lib, u o‘z atrofiga barlos urug‘idan chiqqan yosh jangchilarni to‘plagan edi. 1360-1361 yillarda To‘g‘luq Temur Movarounnahr yerlariga bostirib kirganida Hoji Barlos Xurosonga qochadi. Vatanparvarlik, milliy g‘urur va iftixor hissiyoti kuchli bo‘lgan yosh Temur esa amakisi hokimlik qilib turgan yerlarini dushman qo‘liga bermaslik uchun To‘g‘luq Temur xizmatiga kiradi. 25 yashar Amir Temur Kesh viloyati hokimi etib tayinlanadi.
Amir Temurning bu ishi Movarounnahrda siyosiy tarqoqlik o‘zaro kurashlar va boshboshdoqlik hukm surgan davrdagi birdan-bir to‘g‘ri yo‘l edi. Chunki Movarounnahr amirlarining To‘g‘luq Temurga qarshi bosh ko‘tarib chiqishi mo‘g‘ul bosqinchilarining Movarounnahr yerlarini yana bir bor vayron etishiga olib kelishi mukarrar edi.
To‘g‘luq Temur 1361 yilda Movarounnahr yerlarini boshqarishni tajribasiz o‘g‘li Ilyosxo‘jaga topshiradi. Lekin Temur Ilyosxo‘jaga xizmat qilishdan bosh tortib, o‘sha vaqtda Balx hokimi bo‘lib turgan Amir Qozog‘onning nabirasi Amir Husayn bilan ittifoq tuzadi. Temur o‘z hokimiyatini mustahkamlash maqsadida mo‘g‘ullarga qarshi kurash boshlaydi. Mahalliy hokimiyat uchun bo‘lgan janglarning birida, aniqrog‘i Seyistonda turkmanlarga qarshi bo‘lgan janglarda o‘ng qo‘li va o‘ng oyog‘idan yaralanib bir umrga oqsoq bo‘lib qoladi.
1365 yilda To‘g‘luq Temurning o‘g‘li Ilyosxo‘ja Movarounnahrga qo‘shin tortadi. Toshkent va Chinoz oralig‘ida bo‘lgan mashhur «loy jangi»da ittifoqchilar Ilyosxo‘jadan yengiladi. Mana shunday og‘ir, qaltis vaziyatda nafaqat Samarqand, balki umuman Movarounnahr taqdirida sarbadorlar harakati alohida rol o‘ynadi. Bu kurashning tepasida madrasa tolibi Mavlonozoda, kalava yigiruvchi Abu Bakr, mergan ustasi Xo‘rdak Buxoriy singari sinalgan yo‘lboshchilar turgan. Ular xalqni oyoqqa turg‘izib, Ilyosxo‘ja qo‘shinini shaharga yo‘latmasdan unga qaqshatqich zarba berdilar. Mag‘lubiyatga uchragan mo‘g‘ullar qo‘shini Samarqandni tark etadilar.
Movarounnahrda mo‘g‘ullar ustidan qozonilgan g‘alaba haqida xabar eshitgach, Amir Temup va Amir Husayn Movarounnahrga yo‘l olib, Samarkand yaqinidagi Konigil degan joyda sarbadorlarning rahbarlari bilan uchrashadilar. Bu uchrashuvda o‘zaro kelishmovchilik kelib chiqib, sarbadorlarning rahbarlari hiyla yo‘li bilan o‘ldiriladi. Movarounnahrda Samarqand taxtini Amir Husayn egallab, uning hukmronligi tiklanadi. Shu vaqtdan boshlab Amip Husayn va Amir Temur o‘rtasidagi munosabatlar yanada keskinlashib ketadi.
Bu vaqtga kelib butun Movarounnahr yerlarida o‘zaro urushlar oqibatida ijtimoiy-iqtisodiy ahvol og‘irlashib ketgan edi. Mana shunday bir vaqtda, mamlakatda o‘zaro urushlarga barham beradigan markazlashgan davlatni barpo etish nihoyatda zarur edi. Buni birinchi bo‘lib anglagan Amir Temur Amir Husaynga qarshi zimdan kurash olib bordi. 1370 yil bahorida u Balxga qo‘shin tortib Amir Husayn qo‘shinlarini tor-mor keltiradi. Amirlar Qurultoyida Amir Temur Movarounnahr hukmdori etib saylandi.
Amir Temur o‘zini xon deb atamadi, balki uning davrida Chingizxon avlodiga mansub bo‘lgan Suyurg‘otmish (1370-1388), keyinchalik Sulton Mahmud xon edilar. Davlat boshqaruv tizimi esa Movarounnahr amiri nomini olgan Amir Temir himoyasida qoldi, hamda Kesh shahridan Samarqandga ko‘chib, uni o‘z davlatining poytaxtiga aylantirdi.
Amir Temur Movarounnahr taxtini egallagan vaqtdan boshlab, o‘z davlati chegaralarini mumkin kadar kengaytirishga kirishadi. Shu maqsadda u Amudaryo va Sirdaryo oralig‘idagi yerlarni o‘z tasarrufiga oladi. Amir Temur Xorazm ustiga besh marotaba (1372, 1373, 1375, 1379, 1388 yillarda) qo‘shin tortgan. Shu vaqtdan buyon Xorazm Amir Temur davlati tarkibiga, keyin esa Temuriylar davlati tarkibiga kirgan. Shunday qilib, Yettisuvdagi va Sirdaryo etaklaridagi yerlardan tashqari, Turkiston yerlarining hammasi Amir Temur qo‘liga o‘tdi.
Temur o‘zining uch yillik (1386-1388), besh yillik (1392-1398) va yetti yillik (1399-1405) yurishlari davomida Ozarbayjonda jaloyirlar (1336-1411), Sabzavorda sarbadorlar (1337-1381), Hirotda kurdlar davlatini (1337-1381) tugatib, Eron va Xurosonni o‘z tasarrufiga oladi. Amir Temur 1389, 1391 va 1394-1395 yillarda Oltin O‘rda xoni To‘xtamishga qarshi yurish qiladi, Oltin O‘rda xududini egallaydi.
Amir Temur 1398 yilda Hindistonga yurishida Dehli shahrini, 1400 yilda Suriyaga yurishida Xalab va Bayrut shaharlarini, 1401 yilda Damashq shahrini egallaydi.
1402 yilda Usmoniylar imperiyasining sultoni Yildirim Boyazidga qarshi yurishida uni mag‘lubiyatga uchratdi. Bu g‘alaba bilan Temur Yevropaning usmoniylar asoratiga tushishini yarim asr orqaga surib yubordi.
Temur 1404 yilda Kichik Osiyodan Samarqandga keladi va Xitoyga yurish uchun harbiy taraddud ko‘radi. 1404 yilda Temur 200 minglik qo‘shin bilan Xitoy safariga otlandi. Ammo 1405 yilning 18 fevralida buyuk sohibqiron Amir Temur betobligi tufayli O‘tror shahrida vafot etadi.
Amir Temur 35 yil davomida harbiy yurishlar kiladi. Bu yurishlar natijasida u buyuk davlat tashkil qilishga erishdi. Uning tarkibiga Movarounnahr, Xorazm, Kaspiy atrofidagi viloyatlar, hozirgi Afg‘oniston, Eron, Turkiya, Hindiston, Iroq, Janubiy Rossiya, Kavkaz va G‘arbiy Osiyoning bir qator mamlakatlari kiradi.
Shuni alohida takidlash lozimki, Amir Temur hayotligidayoq, mamlakatining g‘arbiy viloyatlarini o‘rtancha o‘g‘li Mironshohga, Balx viloyatini katga o‘g‘li Jahongir mirzoga, Xurosonni kichik o‘g‘li Shohrux mirzoga suyurg‘ol etgan edi. U nabiralariga ham suyurg‘ol bergan. Jumladan, Kobul, G‘azna, Qandahor, Hind yerlari Pirmuhammadga, Isfaxonni Umarshayxning o‘g‘li Rustamga, Bag‘dodni Mironshoxning o‘g‘li Abu-Bakrga suyurg‘ol qiladi.
Buyuk Sohibqiron Xitoy sari katta harbiy yurishga tayyorgarlik arafasida, 1405 yilning 18 fevralida betoblanib vafot etdi. Bu shubhasiz, mamlakat uchun benihoya og‘ir yo‘qotish bo‘ldi. Temuriy shahzodalar o‘rtasida toj-taxt talashib o‘zaro kurashlar avj oldi. Bu hol yurt tinchligi, fuqaro osoyishtaligining buzilishi, mamlakat parokandaligining kuchayishiga olib keldi. Bir necha yil to‘xtovsiz davom etgan bunday besamar urush-nizolar natijasi o‘laroq, bir qancha temuriy shahzodalar, shu jumladan, valiahd Pirmuhammad intiqom topdi, qudratli saltanat larzaga keldi va u parchalanish sari yuz tutdi. Chunki mamlakatda yuz bergan alg‘ov-dalg‘ovdan foydalangan ichki va tashqi dushman kuchlar, markazdan qochuvchi mahalliy beku amirlar o‘zlarining bir yoqlama o‘zboshimcha hatti-harakatlari bilan markaziy davlatni ichdan qo‘porishga, o‘z hududlari mustaqilligini qo‘lga kiritishga intildilar. Bunda agar temuriy shahzodalar egallagan hududlarni istisno qilganda ham, masalan, Turkiston, Sabron, O‘tror, Sayram amir Berdibek, O‘ratepa bilan Farg‘ona amir Xudoydod, Xorazm esa Oltin O‘rda amirlaridan Idiku O‘zbek tasarrufiga o‘tib qoladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |