7.7. Temuriylar davrida ilm-fan va adabiyot
XV asrda Samarqand va Hirotda olimlar-u fuzalolar, shoirlar-u bastakorlarning kattagina guruhi toʻplangan edi. Ilm-fan va san’atning taraqqiyotida zamonasining madaniy muhitida tarbiyalanib, yoshligidayoq mashhur olim sifatida shuhrat qozongan Ulugʻbekning hissasi nihoyatda buyukdir. Ulugʻbek mamlakatni boshqarish bilan bir qatorda, ilmiy ishlar bilan shugʻullanadi, olimlarning munozaralarida faol qatnashadi.
Ulugʻbek oʻtmishdoshlari Ahmad Fargʻoniy, Abu Nasr Farobiy, Muhammad Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy va Ibn Sino asarlarini batafsil oʻrganadi. Bu buyuk mutafakkirlarning asarlari orqali u qadimgi yunon olimlari Aflotun, Arastu, Gipparx, Ptolomeylarning mumtoz asarlari bilan ham tanishadi. Astronomiya va matematika sohasida erishilgan buyuk muvaffaqiyatlar Temuriylar davlatiga katta shuhrat keltirdi. Bu shuhrat birinchi navbatda Ulugʻbek nomi bilan bogʻliqdir.
Samarqandda oʻz atrofida toʻplangan taniqli olimlarning bevosita ishtiroki va yordamida Mirzo Ulugʻbek 1424-1429- yillarda shahar yaqinidagi Obirahmat anhori boʻyida rasadxona qurdirdi. Hanuzgacha olimlarning qiziqishini uygʻotib kelayotgan bu ulkan imoratning balandligi 31 metr edi. Gʻiyosiddin Jamshid boshchiligida rasadxonaning asosiy oʻlchov asbobuskunasi – ulkan sekstant oʻrnatilgan. Samarqand sekstanti oʻsha davrda Sharqda ma’lum boʻlgan sekstantlarning eng kattasi hisoblangan. Ulugʻbekning faol ishtiroki bilan Ulugʻbek rasadxonasi oʻsha zamon sharoitiga mukammal astronomik asbob va uskunalar bilan jihozlangan oliy darajadagi ilmgohga aylanadi. Rasadxonada Ulugʻbek bilan birga mashhur matematik va astronomlardan “Aflotuni zamon” deb nom olgan Qozizoda Rumiy, Gʻiyosiddin Jamshid Koshoniy, “oʻz davrining Ptolomeyi” nomi bilan shuhrat qozongan Ali Qushchi va koʻpgina boshqa olimlar ilmiy kuzatishlar va tadqiqotlar olib boradilar. Xullas, Ulugʻbek Samarqandda butun bir astronomiya maktabini yaratdi.
Ulugʻbekning shoh asari “Ziji jadidi Koʻragoniy” (Koʻragoniyning yangi astronomik jadvali) nomli kitobidir. “Ziji jadidi Koʻragoniy” asosan ikki qismdan: keng muqaddima va 1018 ta qoʻzgʻalmas yulduzlarning oʻrni va holati aniqlab berilgan jadvallardan iborat. Ulugʻbekning astronomik jadvali oʻsha zamondagi shunga oʻxshash jadvallar orasida yuksak darajada aniqligi bilan ajralib turadi. Shuningdek, Ulugʻbekning- yil hisobini hozirgi hisob-kitoblarga solishtirgudek boʻlsak, u bor-yoʻgʻi bir minut-u ikki sekundga farq qiladi. Bu XV asr uchun gʻoyat yuksak aniqlik boʻlib, hozirgi zamon oʻlchovlariga juda yaqindir.
Ulugʻbek “Tarixi arba’ ulus” (“Toʻrt ulus tarixi”) nomli tarixiy asar hamda musiqa ilmiga bagʻishlangan beshta risola ham yozgan. Ulugʻbekning astronomiya maktabi oʻz davrining oʻziga xos akademiyasi edi. Ulugʻbek tevaragida uyushgan 100 dan ortiq olimlarning oʻz bagʻrida yetishtirgan nomi jahonga mashhur Samarqand rasadxonasi shu vazifani oʻtagan. Ulugʻbekning astronomiya maktabi oʻrta asrlar musulmon Sharqi astronomiyasining rivojlanishiga katta ta’sir koʻrsatdi.
Durbek tomonidan qayta ishlangan “Yusuf va Zulayho” dostoni, toshkentlik shoir Atoiyning devoni shu davr badiiy adabiyotining durdonalaridir. Bu davrda oʻzbek shoirlari ichida Lutfiy (1366–1465) alohida oʻrin tutadi. Navoiyga qadar oʻzbek she’riyatida Lutfiy darajasiga yetadigan shoir boʻlmagan. U birgina turkiy tilida asarlar yaratib qolmadi, balki fors tilida ham qasidalar yozdi. Lutfiy ijodida haqiqat va adolatni sevish, shafqat va muruvvatli boʻlishni targʻib qilish, ilm va san’atni sevish kabi fikrlar katta oʻrin olgan.
XV asr badiiy adabiyoti ravnaqida buyuk davlat arbobi, ulugʻ shoir, olim, mutafakkir Alisher Navoiy (1441-1501) va buyuk fors-tojik shoiri Abdurahmon Jomiy (1414-1492) ning hissalari gʻoyat buyukdir. Navoiy butun faoliyati va ijodiyotini insonning baxt-saodati uchun kurashga, xalqning osoyishtaligiga, oʻzaro urushlarning oldini olishga, obodonchilik ishlariga, ilm-fan, san’at va adabiyot taraqqiyotiga bagʻishladi. U oʻzbek adabiy tili, oʻzbek mumtoz adabiyotini yangi pogʻonaga koʻtardi. Navoiy oʻttizdan ortiq yirik badiiy asar yozdi. “Xamsa”, “Xazoyin ul-maoniy”, “Mahbub ul-qulub”, “Lison ut-tayr” shular jumlasidandir.
8- mavzu: Oʻrta Osiyo hududlarining xonliklarga boʻlinib ketishi, uning sabablari va oqibatlari
Do'stlaringiz bilan baham: |