Tasdiqlayman:_____________ O’quv tarbiya ishlari bo’yicha direktor o’rinbosari.
6 -fizika ___.___2013yil Mavzu:Laboratoriya ishi: NAZARIY QISM Blok. Blok qirrasi ariqchadan iborat g'ildirak bo'lib, undan ip, tros yoki zanjir o'tkaziladi. Ipning bir uchiga yuk osib, ikkinchi uchidan tortiladi. Yukni ko'tarish davomida blok qo'zg'almasdan joyida qolsa, uni ko'chmas blok deyiladi (55-rasmda 1). Yuk bilan birgalikda harakatlanadigan blokni ko'char blok deyiladi (55-rasmda 2). Ko'chmas blokda yuk uchun kuch yelkasi AO masofa, F kuchning yelkasi OB masofa bo'ladi (56-rasm). Ular teng bo'lganligidan F kuch yuk og'irligiga teng bo'ladi. Shu sababli ko'chmas blok kuchdan yutuq bermaydi. Ko'chmas blok kuch yo'nalishini o'zgartirib beradi.
Ko'char blokda esa aylanish o'qi O nuqtaga to'g'ri keladi. Shunga ko'ra yuk uchun yelka OA masofani, F kuch uchun yelka OB masofani tashkil etadi. OA = R, OB = 2 · R bo'lganligidan (R — g'ildirak radiusi) F · 2 · R= m · g · R bo'ladi. Bundan
F = m · g / 2
Ko'char blok kuchdan ikki barobar yutuq beradi. Ko'char va ko'chmas bloklardan bir nechtasi o'zaro ulansa, uni polispast deb ataladi. Polispastda n ta ko'char blok qatnashsa, kuchdan 2n marta yutish mumkin bo'ladi.
Qiya tekislik. Yukli bochkani mashinaga ortishda qiya tekislikdan yumalatib chiqarish oson. Bunda F kuch og'irlik kuchining bir qismini tashkil etadi:
F = m · g · h / s
Vint. Mashinalarning baloni teshilib qolganda, uni almashtirish uchun «domkrat» deb ataluvchi vintli ko'targichdan foydalaniladi. Uning ishlash prinsipini 58-rasmdagi vintdan tushunish qiyin emas. Uydagi go'sht maydalagichda, maktab duradgorlik va temirchilik ustaxonasidagi «tiski» (siqib ushlagich)da ham vintdan foydalaniladi.
Pona. Mamlakatimizning ayrim joylarida bo'lg'usi kuyovlarni sinash uchun ularga to'nkani o'tin qilib maydalashni taklif qilishgan deyishadi. Shunday holda «pona» qo'l keladi. Pona old tomonidan qaralsa, uchburchak shaklida bo’lgan jism bo'lib, uni to'nkaga rasmda ko'rsatilganidek qo'yib, tepa qismidan uriladi.
Chig'iriq. Bu oddiy mexanizmdan ko'pincha quduqlardan suvni ko'tarishda foydalanishgan.
Chig'iriqda arqon o'raluvchi baraban radiusi r, uni aylantiruvchi tirsak uzunligi R bo'lsa, qurilmaning kuchdan beradigan yutug'i R / r ga teng bo'ladi. Chig'iriqning takomillashgan varianti lebyodka deyiladi.
Unda ikkita chig'iriq o'zaro bog'langan. Birinchisi aylantiruvchi tirsak va kichik radiusli tishli g’ildirak. Bu tizim kuchdan R1 / r1 marta yutuq beradi. Ikkinchisi katta radiusli tishli g`ildirak va arqon o`raluvchi silindr. Bu tizim kuchdan R2 / r2 marta yutuq beradi. Lebyodkaning kuchdan beradigan umumiy yutug'i n:
bo'ladi.
Bu ko’rgazmali tajribada biz har bir mexanizmlarning qo’llanilishi va qanday qilib kuchdan yutilayotganini amalda ko’ramiz.Buning uchun biz mexanizmning har bir qismiga dinamometr qo’yib kuchlarni o’lchaymiz.Masofadan yutiladigan mexanizmlarda esa masofa aniq ko’rinib turadigan ko’rgazmali mexanizmlardan foydalanamiz.
Tajriba 4 qismdan iborat bo’lib, har bir mexanizm uchun bitta qism bag’ishlangan.
I. Blok
II. Qiya tekislik
III. Vintli mexanizm
IV. Chig’iriqli mexanizm
AMALIY QISM
Zaruriy jihozlar: dinamometrlar(100 N,10 kN), yuklar; bloklar tizimi; qiya tekislikli moslama; vintli va chig’iriqli mexanizmlar.
Ishning bajarilish tartibi:
I
1. Ko’char blokka yukni dinamometr bilan ketma-ket iling, bloklar tizimi arqonining bu uchiga ham bir dinamometr iling va sekinlik bilan bir xil tezlikda torting;
2. Dinamometrlar ko’rsatishiga e’tibor bering, qo’lingizdagi dinamometr deyarli ikki marta kam ko’rsatmoqda, ya’ni ozgina kuch bilan og’r yukni ko’taryapsiz;
3. Ko’char blokka yanada og’irroq yuk qo’yib tajribani takrorlang.
II
1. Biror yukni olib uni og’irligini o’lchang va yozib qo’ying;
2. Qiya tekislikning eng quyi qismiga biror yukni qo’ying va yukning ilmog’iga dinamometrni ilib sekinlik bilan bir xil tezlikda dinamometrdan torting;
3. Dinamometrning ko’rsatishiga e’tibor bering, qo’lingizdagi dinamometr yukning og’irligiga nisbatan bir muncha ozroq qiymatni ko’rsatmoqda. Demak siz kuchdan yutmoqdasiz.
4. Moslamaning qiyaligini o’zgartirib tajribani takrorlang.
III
1. Vintli mexanizmni kerakli joylariga dinamometrlarni o’rnating, borgichga kuch qo’yib vintni bir xil tezlikda sekinlik bilan aylantiring;
2. Dinamometrlarni ko’rsatishiga e’tibor bering, bu mexanizmda kuchdan yutuq dastlabki ikki mexanizmga qaraganda juda ko’p.
IV
1. Biror yukni olib og’irligini o’lchang va chig’iriqli mexanizmga iling;
2. Mexanizmning bandiga ham dinamometr ulab dinamometrdan sekinlik bilan bir xil tezlikda aylantiring;
3. Har ikkala dinamometrlarni ko’rsatishlarini solishtiring va tegishli xulosa chiqaring.
Savollarga javob bering.
1. Masofadan yutiladigan mexanizmga misol keltiring.
2. Bu ishda mexanizmlarni bir xil tezlikda harakatga keltirish tavsiya etildi, nima uchun?
3. Har bir mexanizmning qo’llanilish sohalariga misol keltiring, o’zingiz qaysi mexanizmdan amalda foydalangansiz?