O‘tloq sebargasi bo‘yi 25–50 sm keladigan ko‘p yillik o‘t. U asosan tog‘ etaklarida, daryolar va ariqlarning bo‘ylarida, qisman begona o‘t sifatida sug‘oriladigan ekinlar orasida uchraydi.
Barglari uzun bandli, uch yaproqchali. Gullari mayda, 2–3,5 sm keladigan boshcha shaklidagi to‘pgulga joylashgan. Dukkagi bir urug‘li, tuxumsimon, uzunligi 1,5–2 mm.
O‘zbekistonda sebarga turkumining 7 ta turi o‘sadi. Bularning hammasi yuqori sifatli oziqbop va guli asal-shiraga boy o‘simliklar hisoblanadi.
Ko‘pchilikka tanish, burchoqdoshlarga mansub o‘simliklar qatoriga yantoq ham kiradi.
Yantoq asosan tog‘ etaklaridagi tekisliklarda, qir va cho‘llarda o‘sadi, respublikamizda yantoq turkumiga oid 4 ta tur tarqalgan.
Yantoqning yoshi oshgan sari uning ildizi ham chuqurlikka va yoniga qarab uzaya boradi. Chuqurlikka qarab o‘sgan ildiz ko‘p vaqt o‘tmay, yer osti suvlariga yetib boradi. Shuning uchun unga «uning boshi olovda, oyog‘i esa suvda» deyishadi.
Yantoq bebaho, to‘yimli oziqbop o‘simlik. U qorako‘lchilik o‘tloqlarining asosiy o‘simliklaridan biri hisoblanadi. Yantoqning guli asal-shiraga boy.
Yozning issiq kunlarida yantoqdan shakar ajraladi. Respublikamiz aholisi qadimdan va hatto urush yillarida ham yantoq shakaridan foydalanishgan.
Tabiatda burchoqdoshlarning turli maqsadlarda ishlatiladigan isirg‘ao‘t, quyonsuyak, shirinmiya, oqquray, zirako‘t, qashqarbeda, afsonak, astragal, boqila, burchoq, beda kabi turkumlarining turlari o‘sadi.
Bu oilaning madaniy o‘simliklari – mosh, no‘xat, loviya, soya va yasmiq alohida ahamiyatga ega.
Respublikamizning sug‘oriladigan yerlarida burchoqdoshlar oilasiga kiruvchi yeryong‘oq va boshqalar ekiladi. Bu o‘simlikning vatani Braziliya. Yeryong‘oq bir yillik o‘t, barglari juft patsimon murakkab. Guli to‘q sariq, dukkagi cho‘ziq. Gullari changlanib va urug‘lanib bo‘lgach gulli novdalari qayrilib tuproq ichiga kiradi va meva hosil qiladi.
Respublikamizning shahar va qishloqlaridagi istirohat bog‘larida, xiyobonlarda va ko‘chalarda manzarali daraxt sifatida ekiladigan o‘simliklardan tuxumak (Yapon saforasi), tikan daraxt, gledichiya va oq akatsiya burchoqdoshlar oilasiga kiradi.
Burchoqdoshlar oilasi O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilgan o‘simliklarga boyligi, ya’ni 60 turni o‘z ichiga olishi bilan alohida o‘rinda turadi. Turlar sonining ko‘pligi jihatidan astragal (37 tur), oksitrops (13 tur) va tangao‘t (8 tur) turkumlari ajralib turadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |