8.2. Mevalarning tabiatdagi va odamlar hayotidagi ahamiyati
Mevalar juda xilma-xil bo‘lib, ularning tabiatdagi va odamlar hayotidagi ahamiyati ham juda katta. Mevalar, birinchi navbatda, o‘simliklarning ko‘payishi, tarqalishi va nasl qoldirishi uchun kerak. Yovvoyi holda o‘sadigan o‘simliklarning mevasidan tabiatdagi barcha tirik mavjudot oziqlanadi. Ayrim mevalar yerga to‘kilib, chirib, yerni organik moddalarga boyitadi. Odamlar hayotini esa mevasiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Bu haqda Hadisda shunday deyilgan: «Qaysi bir mo‘min biror ekin eksa yoki mevali daraxt o‘tqizsa-yu, ularni qushlar, odamlar yoki hayvonlar yesa, bu uning uchun sadaqa hukmida bo‘ladi».
Qadim zamonlardan odamlar o‘simliklarning mevasidan oziq-ovqat sifatida (olma, yong‘oq, o‘rik, uzum, bug‘doy, mosh, loviya, tariq, qo‘noq, no‘xat) va dori-darmon tayyorlashda (marmarak, zubturum, na’matak) foydalanishgan.
Mevalardan olinadigan moylardan xalq xo‘jaligining turli sohalarida (texnika, og‘ir sanoat, atir-upa) foydalaniladi.
Kundalik turmushimizda ishlatadigan nonimiz bug‘doy unidan, yog‘imiz g‘o‘za chigiti, kungaboqar pistasi va zaytun mag‘zidan olinadi.
O‘zbekistonda eng ko‘p tarqalgan ziravorlarga zira, alqor, kashnich, sedana va murch kiradi. Mevalar iste’mol qilinishidan tashqari, ulardan turli zeb-ziynat buyumlarini tayyorlashda ham foydalaniladi (yersovun, tasbehmunchoq, qalampirmunchoq). Iqlimi issiq mamlakatlarda qovun daraxti, non daraxti, banan, kokos palmasi o‘simliklari o‘sadi. Bu o‘simliklarning mevasi ham mahalliy aholining asosiy oziq-ovqati hisoblanadi.
Mevalarni faqat pishganda terib olish kerak. Ammo ko‘pincha, ular pishmasdan yig‘ib olinadi. Masalan, urug‘i yetilmagan zira tupi bilan o‘rib olinadi. Har qanday mevani yig‘ish vaqtida uning tabiatda ko‘payishiga e’tibor berish kerak. Yetilgan mevalarni terishda ularning tabiiy holda ko‘payishini hisobga olish lozim.
Ko‘pgina hollarda yong‘oq, bodom, o‘rik kabi mevalar tayoq bilan qoqib tushiriladi. Natijada daraxtlar qattiq shikastlanadi, ko‘plab shoxlari sinadi. Ularni mevasi pishganda qo‘lda terib olish yoki yengilgina silkitib, keyin yig‘ib olish kerak.
Yem-xashak o‘simliklari har yili, ayni gullagan vaqtda, yem-xashak uchun o‘rib olinadi. O‘simliklarning yer usti qismidan ajralishi, gulining urug‘ bermay nobud bo‘lishi tabiatda o‘simliklarning kamayib ketishiga sabab bo‘ladi. Tabiatdagi har bir tur o‘simlikning urug‘i pishib yerga to‘kilishi va o‘z-o‘zidan ko‘payishi kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |