6-mavzu: O’zbekistonda muzey ishi tarixi
Reja:
1.Muzeylarning shakllanish tarixi.
2.Rus bosqini davrida o’lkada muzey ishi.
3.Sovet hukumatining muzeylar sohasidagi chora-tadbirlari.
Mavzuga oid tayanch tushuncha va iboralar: O’rta Osiyo, Turkiston, Buxoro-Xiva xonliklari, Ost-Indiya kompaniyasi, Rossiya bosqini, Turkkomstaris, O’zkomstaris, muzey ishlari, eksponatlar, jahon urushi, ekspozitsiya, o’lkashunoslik muzeylari, ilmiy-tadqiqot ishlari, ekspeditsiyalar.
1-savolning bayoni: Markaziy Osiyo xalqlari qadimdan Yaqin Sharq, G’arb mamlakatlari, ya’ni Urartu, Misr, Gretsiya, Bobil, Rim kabi davlatlar bilan iqtisodiy va madaniy aloqalar o’rnatganlar. Zaminimizda o’tgan mashhur Buyuk ipak yo’li Sharqiy Osiyo va Hindistonni o’rta er dengizi mamlakatlari bilan bog’lagan edi.
Bunday jozibali o’lka barcha davlatlarda chet el istilochilarining diqqat markazida bo’lgan. Shu sababli taqdir taqozosi bilan O’rta Osiyoning tarixiy qismati juda og’ir kechdi. Bosqinchilik urushlari, hukmron doiralarning o’zaro ichki ziddiyatlari tufayli to’s to’polonlar ham tez-tez yuz berib turgan. Doimiy qirg’inlar tufayli betakror saroylar, go’zal shaharlar, noyob inshootlar vayronaga aylanib, to’plangan bebaho madaniy boyliklar g’oliblar o’ljasi bo’lar edi.
Mo’g’ullar bosqinidan so’ng, oradan 150 yil o’tgandan so’ng O’rta Osiyoda fan va madaniyat qayta kurtaklay boshladi. Ayniqsa, Amir Temur tomonidan yagona markazlashgan davlat barpo etilgach va Samarqandning poytaxt qilinishi katta boyliklarning to’planishiga sabab bo’ldi. Me’moriy yodgorliklar, maqbaralar, masjid-madrasalar, saroylar bunyod etildi. Amir Temur zabt etilgan mamlakatlardan qadimiy qo’lyozmalar, xon, amirlarga tegishli yozishma va elchilik hujjatlari, musulmon dunyosining muqaddas kitobi bo’lmish “Usmon Qur’oni”ning asl nusxasini Samarqandga keltirdi. Dunyoga mashhur Temur kutubxonasini yaratdi. Temurning sevikli nabirasi, Sharqning buyuk astronom olimi Mirzo Ulug’bek bu kutubxonani yanada boyitdi. Temuriy hukmdorlarning barchasi madaniyatni rivojlantirishda katta hissa qo’shdilar.
Ma’lumotlarga ko’ra, Alisher Navioyning juda katta, nodir qo’lyozmalarga boy shaxsiy kutubxonasi bo’lgan. Bu kutubxonadan tarixchi Xondamir, musavvir Bexzod va boshqa ko’plab olimu-fozillar foydalanganlar.
Buxoro, Xiva xonliklarida ham nodir qo’lyozmalar kollektsiyasini to’plab, saroy va shaxsiy kutubxonalar barpo etish odat bo’lgan. Xiva xoni Muxammad Rahim II, (Feruz tahallusi bilan mashhur shoir 1865-1910) kutubxona barpo etib uni dunyoning xar chekkasidan keltirilgan nodir qo’lyozmalar bilan boyitib boradi. O’rta Osiyoda birinchi bo’lib Xivada litografiya tashkil qilib, noshirlik san’atini rivojlantiradi. XIX asrda Xiva xonligi o’zining kitob xazinasi bilan dunyoga mashhur bo’ldi. Bu erda arab, fors tojik tillaridagi qo’lyozmalar o’zbek tiliga tarjima qilingan.
Qo’qon xonligida ham boy kutubxona bo’lib, nodir qo’lyozmalarga ega edi. Bu davrda O’rta Osiyoning yirik shaharlari Farg’ona, Buxoro, Qo’qon, Toshkent va boshqa shaharlarda kitob ixlosmandlari bo’lib, ular juda katta mablag’ sarflab nodir qo’lyozmalarni yiqqanlar. Masalan Toshkentda Jo’rabekning shaxsiy qo’lyozmalar kollektsiyasi mashhur edi. Boqijon boy, Qozi Muxiddin, Andijondagi Dukchi eshon kutubxonalari , Buxoroda yashagan Qori Sharifjon Maxzun Ziyoning kutubxonasi va undagi qo’lyozmalar o’zining nodirligi va qadimiyligi bilan mashhur bo’lgan. Shunday qilib, yuqoridagi faktlar asosida shunday xulosaga kelish mumkinki, O’rta Osiyo diyorida moddiy va ma’naviy yodgorliklarni to’plash asriy an’ana bo’lib, milliy xususiyatlarga, islom dini urf odatlarga rioya qilgan holda amalga oshirilgan.
O’rta Osiyolik buyuk allomalarning qomusiy, shox asarlari XII asrdan Evropa mamlakatlarida lotin tiliga tarjima qilinishi, dunyo fani rivojiga katta hissa qo’shdi. Sharq mamlakatlarida esa, bu shoh asarlar kutubxonalarning oltin fondiga aylandi. Qadimdan Evropalik olimlar, hukmron doiralar O’rta Osiyo xalqlarining tarixi, madaniyati va madaniy yodgorliklarini egallashga harakat qildilar. Keyingi davrga kelib, O’rta Osiyodan faqat erli mualliflarning qo’lyozmalari emas, balki Sharqdagi buyuk mutafakkirlarning faqat nomlarigina ma’lum, ammo o’zi topilmagan asarlari ham xuddi shu erdan chiqish mumkin degan mulohazada bo’ldilar.
Darhaqiqat, ularning taxminlari to’g’ri chiqdi va izchil olib borilgan harakatlari natijasida O’rta Osiyoning ma’naviy xazinalari Evropa-Osiyo davlatlarining mulkiga aylandi. Bu ishlar xilma xil yo’llar bilan amalga oshirildi. Bu boyliklar xonliklarga kelgan elchilarga sovg’a sifatida berildi, savdogarlar ataylab kelgan sayyohlarning harakatlari, o’rtadagi vositachilar orqali va bosqinchilik harakatlari tufayli xorijiy mamlakatlarga chiqib keta boshladi. Masalan 1740 yili Eron shohi Nodirshoh O’rta Osiyoni bosib oladi va Amir Temur maqbarasidan ko’p yodgorliklarni talon-taroj etadi. Temur qabri ustidagi qabr toshi, sohibqironning maqbaraga qo’yilgan oltin sopli qilichi, qalqonlari, qabr ustiga qo’yilgan Qur’on Samarqanddan totib olingan behisob o’ljalar bilan birga olib ketiladi. Ammo Temur qabri toshini yo’lda sinib qolganligi uchun uni tezda joyiga qaytaradi.
1831-1833 yillarda Ost-Indiya kompaniyasining leytenanti Aleksandr Byorns Buxoroda yashab, qadimiy tilla va kumush tangalarni yig’adi va 200 dan ortiq nodir numizmatika kollektsiyasini barpo etib, Britaniya muzeyiga taqdim etadi. Bugungi kunda ushbu kollektsiya bebaho hisoblanadi. Ammo bu borada Rus imperiyasi alohida keng ko’lamda “izlanish” ishlarini olib bordi.
Bu jarayon ayniqsa XIX asrga kelib juda avj oldi. Peterburgdagi Osiyo muzeyining direktori, sharqshunos olim X.D.Fren 1834 yil O’rta Osiyodan izlab topilishi mumkin bo’lgan Sharq mualliflariga mansub “Yuz asarning xronologik ro’yxati” ni tuzib chiqdi. Orenburg bojxonsiga savdogarlarni jo’natish va ko’rsatilgan qo’lyozmalarni Peterburgga jo’natish haqida farmoyish berildi, bu vazifa buyurganligidan ham a’lo darajada bajarilib, Yaqin va O’rta Sharq xalqlari tarixi, geografiyasiga doir qimmatli qo’lyozmalar Peterburgga oqib kela boshladi. Bu O’rta Osiyo moddiy va ma’naviy yodgorliklarining olib kelinishining birinchi bosqichi edi.
Shu davrdayoq Evropa davlatlari va Rossiyaning podsho saroylari kutubxonalarida Turkiston yodgorliklari paydo bo’la boladi. 1853 yili rus qo’shinlari tomonidan Oq masjid qal’asining qo’lga kiritilishi paytida moddiy va ma’naviy xazinalarimiz rus qo’shini tomonidan vahshiylarcha talandi.
Do'stlaringiz bilan baham: |