6.4.
Mehnat potensialining shakllanishiga demografik omillarning ta’siri.
Vaziyatni tahlil qilish, odatda, asosiy demografik darajalarni o‘rganishdan
boshlanib, ular ichida aholi soni ko‘rsatkichi ko‘proq ahamiyatga ega.
XX asr boshida O‘zbekiston hududida atigi 3,9 mln. kishi yashagan bo‘lsa,
butungi kunga kelib, ya’ni o‘tgan 100 yildan sal ko‘proq vaqt mobaynida aholi 6,8
baravar ko‘paydi va ushbu ko‘rsatkich hozirda 33,5 mln. kishini tashkil etmokda.
Mamlakatimizda demografik jarayonlarning murakkab ko‘rinishiga sabab
bo‘lgan omillardan biri sifatida aholining respublika hududlari bo‘ylab notekis
taqsimotini ko‘rsatish mumkin. Kishilarning turli mintaqalarda turlicha miqdor va
zichlikda joylashuvi o‘ziga xos muammo hisoblanib, bu holat mamlakatning
tarixiy, jug‘rofiy va tabiiy-iqlimiy xususiyatlari hisobiga yuzaga kelgan.
Respublikada keyingi yillardagi aholining migratsiya harakatlari ularning
nisbatan sanoatlashgan shaharlar va yaqin xorijiy mamlakatlarga ish izlab
borishlari bilan asoslanadi. Chunki bu vaqtga kelib ortiqcha ishchi kuchi mavjud
va ishsizlik yuqori bo‘lgan hududlardagi kishilar o‘zlariga munosib ish topish va
yuqori mehnat daromadini qo‘lga kiritish maqsadida o‘z yashash joylarini tark eta
boshladilar. Mazkur ko‘rsatkich 2001 yildan boshlab ko‘tarilib borib, 2005 yilda
107,0 ming kishini tashkil etdi.
Mamlakatning jami migratsiya qoldig‘i miqdorida Qoraqalpog‘istonning
ulushi yuqori bo‘lib, mazkur vaziyatni noqulay ekologik muhit natijasida aholi
sog‘lig‘ining yomonlashuvi, o‘lim sonining oshishi, turmush darajasining
pasayishi va ishsizlikning yuqori ko‘rsatkichi kabi holatlar keltirib chiqargan.
Toshkent, Farg‘ona, Samarqand, Andijon, Namangan, Qashqadaryo va
Surxondaryo viloyatlarida ham aholining migratsion harakatlanish sur’ati yuqori
bo‘lib, ushbu hududlardagi demografik jarayonlarning murakkab ko‘rinishga
egaligi va unga bog‘liq ravishda mehnat bozorining yuqori bosimli holati, ya’ni
ishchi kuchi taklifining unga bo‘lgan talab mikdoridan oshib ketishi va ish
o‘rinlarining yetishmasligi natijasida yuz bermoqda.
Demografiya va migratsiya harakatlari bevosita aholining soniga ta’sir
qilibgina qolmay, uning yosh va jins tuzilmasidagi o‘zgarishlariga ham sabab
bo‘ladi. Kishilar yosh va jins tarkibi mehnat potensialining ham mikdor, ham sifat
jihatdan shakllanishining bosh omillaridan biri bo‘lib xizmat qiladi. Bu
o‘zgarishdagi eng muhim natijalardan biri – uning mehnatga yaroqli qismidagi
o‘zgarishlar hisoblanadi. Ishga layoqatli yoshdagi aholi nisbiy va mutlaq
ko‘rsatkichlarining o‘zgarishi mehnat resurslari shakllanishi va u orqali mamlakat
iqtisodiy taraqqiyoti sur’atlariga katta ta’sir ko‘rsatadi. Chunki aholi tarkibida
yoshlar salmog‘ining yuqori ulushi jamiyatning salohiyati demakdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |