O’spirinlik davrida jismoniy rivojalanish xususiyatlari.
O’spirinlik davrida balog’atga etish nihoyasiga etadi.
Yigit va qizlar 18 yoshda jismonan etuklikka erishadi. Ularning jismoniy rivojlanishi kattalarnikidan deyarli farq qilmaydi. Endi organizmning gurkirab o’sishi va rivojlanishi asosan to’xtaydi. Jismoniy rivojlanishning “tinch” davri boshlanadi. Organlarning tarkib topishi va organizm to’qimalarining takomillanishi nihoyasiga etadi. O’spirinlarning jismoniy baqquvat, mehnatga qobiliyatli bo’lishi ularda bir qator jismoniy va aqliy ishlarni mustaqil bajara olish xususiyatining tarkib topishiga ta’sir etadi.
17-18 yoshli qiz va yigitning bo’yiga o’sishi, og’irligining ortishiga qaramay sport bilan haddan tashqari ko’p shug’ullanishi yoki o’ta og’ir jismoniy mehnat qilishi uning organizmida, ayniqsa, suyaklarida yomon iz qoldiradi. O’spirinlarning o’z yoshi va kuchiga yarasha jismoniy mehnat, fizkultura bilan muntazam shug’ullanishi hayotiy ahamiyat kasb etadi. O’spirinlik davrida uning organizmi mustahkamlanishi kerak. Bu davrda o’spirinning jismoniy normal rivojlanishiga ahamiyat bermaslik yoki uni o’z yoshi va kuchiga mos kelmagan ish bilan band qilib qo’yish nihoyatda zararlidir. Organizmdagi bu o’zgarishlar faqat o’spirinning og’irligiga, bo’yiga mos bo’lmay, balki o’pka, yurak, qon tomirlariga ham, asab tizimining faoliyatiga ham ta’sir etadi. O’spirinlarda yurak charchashi-harsillash, yurakning to’xtab-to’xtab ishlashi kabi hollar asta-sekin yo’qolib boradi. Bunday hollar bo’lmasligi uchun o’spirinning asab tizimi sog’lom bo’lishi kerak.
Demak, yigit va qizlar uchun jismoniy mehnat, aqliy faoliyat va dam olishni to’g’ri yo’lga qo’yish juda katta ahamiyat kasb etadi.
Bu davrda o’spirinning asab tizimida ham, faoliyatida ham o’zgarish bo’ladi. Bu o’zgarish miya hajmining kengayishi bilan bog’liq bo’lmay, balki miya xujayralari tuzilishining rivojlanishi bilan ham bog’liqdir.
O’spirinlikda bosh miya po’stlog’idagi xujayralarning tuzilishi katta kishilarning miya po’stlog’i xususiyatiga asta-sekin yaqinlashadi. Bosh miya po’stlog’ining atroflarida asab bog’lanishlarining soni ko’payadi. O’qish va mehnat qilish natijasida bosh miya yarim sharlarida analitik va sintetik faoliyatning rivojlanishiga imkoniyat tug’iladi. Bu holat, o’z navbatida tashqi ta’sirni aniq ajrata oladigan xususiyatni o’stira oladi, farq qilish xarakteridagi (differentsiallashgan) tormozlashni vujudga keltiradi. Ularda abstraktlash, atrofdagi voqea va hodisalarni umumlashtirish qobiliyatining o’sib borishini, aqliy faoliyatida analitik va sintetik jarayonlarning murakkablashishini ko’rish mumkin. Shuni ham aytib o’tish kerakki, o’spirinlarda bosh miya yarim sharida tashqi qo’zg’atuvchilarga nisbatan ta’sirlanishning haddan tashqari kuchayganligi aniqlanadiki, bunda normal faoliyat buziladi. Bunga asosan o’qish rejimining buzilishi, kam uxlash, charchash, chekish, qattiq ishlash, tartibsiz ovqatlanish va boshqa odatlar sabab bo’ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |