xos bo’lgan jihatni aks ettiradi. Yakkalik ayrim narsalar nisbatan mustaqil
mavjudligini ham, mazkur narsaning bu nisbatan mustaqilligi, diskretligi,
alohidaligi natijasida yuzaga kelishi mumkin bo’lgan individual betakror belgilarni
ham qayd etadi.
Umumiylik ayrim narsaning muayyan turkumga mansub barcha narsalar
bilan o’xshashligini belgilovchi xossalar bilan ifodalanadi. «Umumiylik» - bu
narsalar va hodisalar o’rtasida muayyan sifat jihati doirasida amalda mavjud
bo’lgan ayniylikdir.
Umumiylik yakka narsaning mohiyatini aks ettiradi. Umumiylikni faqat
mohiyatni aniqlash orqali ochib berish mumkin. Yakkaliksiz umumiylik sezgilar
darajasida idrok etiladigan belgilardan, yakkalikning betakror individualligi,
boyligidan mahrum bo’lgan mavxumlik bo’lib qoladi. Yakkalik va umumiylikning
keltiriladigan ta’riflari ularni ayni bir ayrim obyektning tomonlari sifatida
tavsiflaydi. Masalan, hayot bugungi kunda oqsilli jismlar va nuklein kislotalarning
mavjudlik shakli sifatida tavsiflanadi. Irsiyat va o’zgaruvchanlik – butun
tiriklikning umumiy xossalari. Ammo oqsilning kimyoviy tarkibi va ayniqsa
tuzilishi har bir organizmda individual darajada betakrordir. Bu bir jonzotni boshqa
jonzotdan farqlash imkonini beruvchi birdan-bir xossadir. Mantiqda yakkalik va
umumiylik – tushunchalar tavsifidir sifatida namoyon bo’ladi. Umumiylik
tushunchasida ikki va undan ortiq predmet, yakkalik tushunchasida esa – bitta
predmet tushuniladi. Grammatik jihatdan umumiylik turdosh ot bilan, yakkalik esa
– atoqli ot bilan ifodalanadi. Falsafada yakkalik va umumiylik borliq
hodisalarining o’xshashligi va farqlarini belgilovchi xossalardir.
Yakkalik ham, umumiylik ham mustaqil mavjud bo’lmaydi. Har qanday ayrim
narsa yoki hodisa qarama-qarshiliklar birligi hisoblanadi. Bir vaqtning o’zida u
ham yakkalik, ham umumiylikdir. Har qanday umumiylik ayrim narsa, hodisaning
tarkibiy qismi, elementi hisoblanadi, chunki u ayrim narsa yoki hodisani to’liq
emas, balki bir yoqlama – narsalarda mavjud ayniy jihatlarni aks ettiradi. Yakkalik
o’z mohiyatiga ko’ra mavhum hisoblangan umumiylikdan boyroqdir. Ammo
umumiylik narsaning mazmuni, mohiyatini chuqurroq yoritadi. Ayrim narsalar,
hodisalar, jarayonlar mustaqil mavjud bo’ladi. Umumiylik ham, yakkalik ham
faqat ayrim narsa yoki hodisadagina mavjuddir.
O’rta asrlar falsafasida umumiy tushunchalar tabiati haqidagi masala atrofidagi
bahs uning ishtirokchilari realistlar va nominalistlarga bo’linishiga olib keldi.
Realistlar umumiylikni yakkalikdan ajratib, umumiylikni mustaqil holda mavjud
hodisa sifatida, narsalar paydo bo’lgunga qadar – narsalarning (Xudo aqlidagi) ilk
timsoli sifatida, narsalarda – Xudoning ro’yobga chiqarilgan g’oyasi sifatida talqin
qilganlar. Shunday qilib, realistlar fikricha umumiylik narsalarga qadar, narsalarda
va narsalardan keyin narsaning muayyan g’oyasi sifatida mavjud bo’ladi.
Nominalistlar esa, aksincha, faqat yakka narsalar amalda mavjud, umumiy
tushunchalar esa, ayrim narsalarning nomlari, xolos, deb hisoblaganlar. Mazkur
tasavvurlar aks sadosiga bugungi kunda ham, masalan, umumiylik obyektlar
to’plami bilan, yakkalik esa – bitta predmet bilan tenglashtirilgan holda duch
kelish mumkin. Amalda umumiylik va yakkalik kategoriyalari obyektlarni emas,
balki ularning xususiylik tomonlari sifatida birgalikda mavjud bo’lgan xossalarini
aks ettiradi. Umumiylik va yakkalikning birligi o’ziga xosdir, chunki ularning har
bir obyektdagi ko’rinishi, uyg’unligi, birining ikkinchisidan ustunligi betakrordir.
Shu sababli har bir ayrim hodisa, narsa – xususiydir.
Xususiylik tushunchasi zikr etilgan kategoriyalar mazmunini ochib beruvchi
asosiy tushunchadir. Xususiylik – «narsa» tushunchasining sinonimi, ya’ni
borliqning nisbatan mustaqil, sifat jihatidan muayyan parchasi. U xossalar
to’plamiga ega. «Xususiylik» yakkalik va umumiylik o’rtasidagi oraliq kategoriya
hisoblanadi. Xususiylik – yakkaga nisbatan umumiy bo’lgan va umumiyga nisbatan
yakka bo’lgan narsa yoki hodisa. Masalan: modda (qonun moddasi) – yakka;
qonun – xususiy; huquq - umumiy. «Qonun» tushunchasi «modda» tushunchasiga
nisbatan umumiydir. O’z navbatida «qonun» tushunchasi «huquq» tushunchasiga
nisbatan yakkalikni aks ettiradi.
Yakkalik, umumiylik va xususiylik kategoriyalari bilish jarayonida uning
tayanch nuqtalari, bilimsizlikdan bilim sari bosqich rolini o’ynaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: