Asosiy ziddiyatlar strukturaning qarama-qarshi tomonlari o’rtasida, ikkinchi
darajali ziddiyatlar esa – bog’lovchi bo’g’inlar o’rtasida yuzaga keladi. Asosiy
ziddiyatlar sifatli, muhim va zarurdir. Asosiy ziddiyatlarsiz predmet, uning sifat
jihatidan muayyanligi va yaxlitligi mavjud bo’lmaydi. Ikkinchi darajali ziddiyatlar
tasodifiy xususiyat kasb etadi, ularning borligi yoki yo’qligi predmetning sifatini
o’zgartirmaydi. zaruriy ziddiyatlar – bir lahzalik ziddiyatlardir: ular ichki yoki
tashqi, asosiy yoki ikkinchi darajali bo’lishi mumkin. Masalan, inson hayoti qil
ustida turadigan avtomobil halokati yuz bergan paytda barcha ichki ziddiyatlar
(psixologik konfliktlar, stresslar va fiziologik patologiyalar) ikkinchi darajali
ahamiyat kasb etadi.
Borliqning ichdan ziddiyatligi – obyektiv hodisa, tabiat va jamiyatning asosiy
va umumiy xossasidir. Har bir inson hayotiga kelsak, u ziddiyatlar bilan har kuni
to’qnash keladi, qarorlar qabul qiladi, baholar beradi, o’z qilmishlaridan
pushaymon bo’ladi, ko’pincha yo’l qo’ygan xatolaridan afsus chekadi. Har qanday
voqyea, vaziyat, taxminning ichki ziddiyatlarini ko’rib, o’zi qabul qilayotgan
qarorlarning ijobiy va salbiy tomonlarini taroziga solish tafakkurning yetuklik
belgisidir.
Bizni qurshagan dunyoda ziddiyatlar juda serqirra; ularni turli asoslarga ko’ra
tasniflash odat tusini olgan
Yuqorida aytilganlardan kelib chiqib shuni qayd etish mumkinki, dialektik
ziddiyatlilik qonuni barcha narsalar, tizimlar, hodisalar va jarayonlar ichki
ziddiyatlar, qarama-qarshi tomonlar va tedensiyalar bilan tavsiflanishini nazarda
tutadi. Ularning o’zaro aloqasi, ular o’rtasidagi «kurash» o’zgarish va rivojlanish
manbai hisoblanadi, ziddiyatlarning kuchayishiga sabab bo’ladi. Bu ziddiyatlar
oxir-oqibatda muayyan bosqichda eskining yo’qolishi va yangining vujudga kelishi
bilan yechiladi.
Dialektika tizimida bu qonunning markaziy o’rni nima bilan belgilanadi?
Birinchidan, bu qonun har qanday harakat va rivojlanish manbaini yoritadi, ya’ni
rivojlanish nazariyasining eng muhim savollariga javob beradi. Ikkinchidan, bu
qonun dialektikaning qolgan barcha qonunlari va kategoriyalarining asosi
hisoblanadi. Ko’rsatilgan qonunlar va kategoriyalarning har birida biz birlik va
kurash munosabati bilan bog’liq bo’lgan qarama-qarshiliklarga duch kelamiz.
Uchinchidan, dialektik ziddiyatlilik qonuni yagonani tafakkurda ikkilantirish va
uning qarama-qarshiliklarini ularning tahlilini sintez bilan birlashtirish orqali
o’rganishni talab qilib, bilish dialektik metodining bosh mazmunini belgilaydi.
Rivojlanish manbaini yorituvchi dialektik ziddiyatlilik qonunidan farqli
o’laroq, miqdor va sifat o’zgarishlarining bir-biriga o’tishi qonuni rivojlanish
jarayonining mexanizmini yoritadi, u qay tarzda va qanday shakllarda amalga
oshirilishini ko’rsatadi (Bu qonunning xususiyatini, u qanday namoyon bo’lishi va
amal qilishini aniqlash uchun uning asosiy tushunchalari: sifat, miqdor, me’yor,
sakrashning mazmunini yoritish talab etiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: