Kategoriya tushunchasi va uning tasnifi.
Kategoriya nima? Bu savolga javob
berish uchun biz qanday fikrlashimiz va o’z fikrlarimizni boshqa odamlarga
qanday yetkazishimizni ko’rib chiqamiz. Biz tushunchalar, mulohazalar va
mushohadalar ko’rinishida fikrlaymiz. Fikrlash jarayonining asosiy materiali
tushunchalar bo’lib, predmetlar umumiy va muhim belgilarida ular orqali
fikrlanadi. Tushunchalar yordamida biz voqyea va hodisalar ma’nosini anglaymiz,
ularning o’zimiz uchun ahamiyatini aniqlaymiz. Tushuncha va tushunish
o’zakdosh so’zlardir, shu sababli bizning dunyoni tushunishimiz, dunyoga ongli
munosabatimiz inson ixtiyorida mavjud bo’lgan tushunchalar apparati bilan
belgilanadi. Biz o’z fikrlarimizni so’zlar yordamida ifodalaymiz.
So’z – fikr va
dunyo o’rtasidagi vositachi
. U fikrlash omili, fikrni ifodalash, uni boshqalarga
yetkazish vositasi hisoblanadi. So’z boyligimiz qancha katta bo’lsa, bizning
dunyoni anglash borasidagi imkoniyatlarimiz shuncha keng bo’ladi. Obyektiv
borliqni aniqroq va teranroq aks ettirish uchun inson fikrlash mantiqiy
vositalarining muayyan majmuini, tushunchalarning muayyan doirasini yaratadi.
Tushuncha – bu shunday bir fikrki, unda narsaning takrorlanuvchi xossalari,
aloqalari va tomonlari aks etadi. Tilda tushuncha so’z bilan ifodalanadi
. Masalan,
«talaba», «universitet», «auditoriya» so’zlari muayyan darajada umumiy va
mavhumdir. Ammo shunday tushunchalar ham borki, ularda shunchaki umumiy
emas, balki o’ta umumiy narsalar va hodisalar qayd etiladi. Bunday tushunchalar
juda yuqori darajadagi mavhumlashtirish (muayyandan uzoqlashish) mahsuli
hisoblanadi.
Mana bunday mavhumlashtirishning taxminiy yo’li: «bu atirgul» («bu» so’zi
bilan aniq belgilangan); «atirgul» (bu yerda «bu» ishorasi mavhumlashtirilgan);
«atirgul» so’zi «bu atirgul» iborasidagidan umumiyroq narsani qayd etadi.
Shundan so’ng bu iboraga «gul» so’zini qo’shamiz va u amalda mavjud barcha
gullarni qamrab oladi. Shunday qilib biz gullarning muayyan rang-barangligidan
fikran uzoqlashamiz, chunki e’tibor barcha gullarda mavjud bo’lgan umumiy
jihatga qaratiladi. «O’simlik» so’zi butun o’simliklar dunyosini o’z ichiga oladi va
yanada kengroq mavhumlik hisoblanadi. Mavhumlashtirish (muayyandan
uzoqlashish) yo’lida harakatni davom ettiramiz. Bu yo’lda «tirik» tushunchasi
yanada umumiyroq bo’ladi, chunki o’simliklar dunyosinigina emas, balki hayvonot
dunyosini ham o’z ichiga oladi. «Tiriklik» tushunchasi mavhumlashtirishning
yanada yuqoriroq darajasida turadi. Bunday tushunchalar kategoriyalar (yunon. –
asos, umumiy baho) deb ataladi.
Fikr bizning dunyo bilan o’zaro aloqa qilish tajribamizni u yoki bu darajada
umumlashtiradi. Dunyo o’z xossalari, narsalari va munosabatlarining rang-
barangligi jihatidan cheksiz darajada boydir. Bizning so’z boyligimiz o’zimiz
yashayotgan dunyodan qashshoqroqdir. Fanda yangi kashf etilgan hodisalarni
ifodalash uchun mos keladigan atamani topish zaruriyati tez-tez yuzaga kelishi
tasodifiy hol emas. Bizning dunyo haqidagi tasavvurlarimizni ifodalovchi
so’zlarning ma’no boyligi qancha aniq bo’lsa, tafakkurimiz shuncha teranroq
bo’ladi, bizning tushunchalar apparatimiz qancha keng bo’lsa, fikrlash
qobiliyatimiz shuncha teranroq bo’ladi.
Har qanday tushuncha muayyan narsalar va hodisalarning jamuljam ifodasi
hisoblanadi. Ammo uning hajmi, ya’ni unda fikrlangan narsalar va hodisalar
miqdori har xil bo’ladi. Masalan, har qanday xalqning tarixan vujudga kelgan tilida
odamlar kundalik hayoti va faoliyatining tajribasi qayd etiladigan va anglab
yetiladigan tushunchalar mavjuddir. Ijtimoiy hayotning murakkablashuvi tabiiy til
so’z boyligining kengayishi va boyishiga turtki beradi. Fan va falsafaning
rivojlanishi alohida maqomga ega bo’lgan va bilish jarayonida maxsus
funksiyalarni bajaradigan tushunchalar shakllanishiga olib keldi. Bu tushunchalar
kategoriyalar deb nomlandi.
Do'stlaringiz bilan baham: |