6-mavzu: Axborotlashgan jamiyat taraqqiyotida shaxs ma’naviyati
Reja:
1.
Ma’naviyat va globallashuv.
2.
Ma’naviy hayotda axborotlashuv va modernizatsiya jarayonlari
3.
Axborotlashgan jamiyatda ma’naviyat.
4.
Axborotlashgan jamiyat taraqqiyotida shaxs ma’naviyati.
Insoniyat ilm-fan, adabiyot va san’at, ijodning maxsus turlari bilan aqliy
mehnat jismoniy mehnatdan ajralib chiqqandan buyon maxsus shug‘ullaniladi. Bu
davrda aniqlangan, to‘plangan yangi bilimlarni eslab qolish, saqlash, yangi avlodga
o‘rgatish va meros qoldirish doimo katta muammo bo‘lib kelgan. Uni hal qilish
yo‘lida odamlar tinimsiz izlangan. Dastlab odamlar qoya toshlarga, g‘or devorlariga
har xil piktogrammalar, suratlar, primitiv (jo‘n) kalendarlarni chizganlar. Buning
uchun tabiiy bo‘yoqlardan foydalanganlar. Keyinchalik, aqliy mehnat inson
faoliyatining alohida sohasiga aylangach, yozuvni, yozish qurollari va materiallarini
ixtiro qilgan. Ular uzluksiz takomillashtirilgan. Ierogliflar, mixxatlardan asta-sekin
so‘z bo‘g‘inlari va alohida tovushlarni ifodalaydigan fonetik imlolarga, yozishda
foydalanilgan papirus, sopol taxtacha, pergamentlardan qog‘ozlarga o‘tilgan. Eng
muhim ahamiyatga ega bo‘lgan ma’lumotlar, eposlar, asotirlar, g‘oyalar, tarixlar,
qonunlar toshlarga, qoyalarga, ehromlarning yirik tosh ustunlariga o‘yib yozilgan.
Qadimgi sivilizatsiyalardan qolgan bunday yozuvlarning ilmiy, tarixiy, umuman
ma’naviy qadr-qimmati bebaho. Yozuvlar, piktogrammalar, suratlar, sopol
haykallar, ibodat va sig‘inish maqsadida yasalgan buyumlar, xalq og‘zaki ijodi
asarlari – asotirlar, dostonlar, rivoyatlar, ertaklar, qo‘shiqlar, topishmoqlar, latifalar
va sh.k.lar ma’naviy hayotni aks ettiruvchi, uning axborotlashtirilgan turli xil
shakllaridir. Ularda ajdodlarimizning olamni qanday idrok va tasavvur etishi,
tushunishi, uni o‘rab turgan tabiatga, ijtimoiy muhitga, odamlarga munosabati
to‘g‘risidagi axborot mujassamlangan. Piktogrammalar, qoyalarga, g‘orlarning
devorlarga tushirilgan bir qarashda ancha jo‘n suratlar ma’naviy hayotni
axborotlashtirishning ilk ibtidoiy shakllaridir. Zarautsoy, Sarmishsoy va boshqa
joylar piktogrammalari, suratlari ibtidoiy ajdodlarimizning avvalo ov qilinadigan,
go‘shti iste’molga yaroqli hayvonlar to‘g‘risidagi bilimlarini hamda o‘sha hududda
uchraydigan boshqa hayvonlar to‘g‘risidagi tasavvurlarini aks ettiradi. Ba’zi
sahnalarda ov jarayoni, qanday ov qilish kerakligi, kim qaerda turishi, qaysi tarafdan
ovga yaqinlashishi, qanday qurollar bilan ov qilinishi lozimligi va h.k. tasvirlangan.
Bu suratlar, piktogrammalar, birinchidan, ibtidoiy ajdodlarimiz tajribasini
axborotlashtirgan. Ikkinchidan, bu axborot yordamida yosh avlod ov qilishga
o‘rgatilgan. Qaysi hayvonga qarshi qanday qurol ishlatish kerak, ov qilinadigan
hayvonga bir tomondan yoppasiga tashlanmaslik, balki uni tor, qocholmaydigan va
erkin harakat qilolmaydigan joyga qamash, o‘rab olish, o‘q-yoy, nayza kabi
qurollardan foydalanish, hayvonning qaysi joyiga, qaysi tomiriga jarohat yetkazish
kabi bilimlar piktogrammalar, suratlarda mustahkamlangan. Piktogramma va
suratlar axborotni to‘plash, saqlash va uzatish vazifalarini bajargan. Ular tufayli biz
uzoq ajdodlarimiz bilan o‘ziga xos tarzda muloqot qilamiz, ularning o‘y-fikrlariga,
ma’naviy dunyosiga sayohat qilamiz. Chunki ibtidoiy piktogramma va suratlar
bugun ham o‘ziga yuklatilgan axborotni saqlab, bizga uzatib kelmoqda. Agar ular
bo‘lmaganda, bizning ibtidoiy ajdodlarimiz to‘g‘risidagi qarashlarimiz ancha
qashshoq bo‘lar edi.
Ayniqsa bu borada arxeologik qazilmalar paytida topilgan ov va mehnat
qurollari, sig‘inish va ibodat marosimlarini bajarishda qo‘llanilgan buyumlar
o‘zlarida juda ulkan axborotni saqlaydi. Biz bu axborotlarni ilmiy tahlil qilib,
umumlashtirib uzoq ajdodlarimiz turmush tarzi va ma’naviy hayotini
modellashtiramiz, shakllari va mazmunini tiklaymiz. Tasavvurlarimiz aniqroq
bo‘lishi uchun turli topilmalarni o‘zaro qiyoslaymiz, davrini, vaqtini aniqlash uchun
ularni radiouglerodli usullar yordamida o‘rganamiz.
Qiyosiy-tarixiy usullar ham rang-barangdir. Topilmalar nafaqat o‘zaro
qiyoslanadi, shuningdek ular har xil qadimgi asotirlar, rivoyatlar, naqllarning xalq
xotirasida, og‘zaki ijodida, etnograflar, folklorshunoslar yozib qoldirgan
namunalarida saqlanib qolgan unsurlar bilan ham taqqoslanadi. Arxeologik
artefaktlar, yodgorliklar berayotgan axborot va xalq og‘zaki ijodi, qadimgi yozma
yodgorliklar axboroti bir-birini to‘ldiradi. Natijada manzara ancha oydinlashadi,
bizning tasavvurimiz aniqlashadi va boyiydi. Masalan, S.Toltovning Xorazmda yer
osti manzilini (katta qal’ani) topgan. U Avestoda aytilgan Vara degan shaharga mos
keladi. Avestoda shunday asotir bor. Axura Mazda Jima (Yima)ga butun dunyoni
suv bosajagini, tiriklikni, hayotni qutqarib qolish uchun har bir hayvon, o‘t-o‘lan
turidan, olovdan bir juftdan olib saqlashni, buning uchun yer ostida Vara degan
shahar qurishni buyuradi, shahar qanday tarxda (loyihasi) bo‘lishi lozimligini aytadi.
Xorazmda topilgan yerosti shahri aynan Avestoda aytilgan tarxga mos keladi.
Xalq og‘zaki ijodi, asotirlar, rivoyatlar, ayniqsa qahramonlik eposlari, dostonlar
ajdodlarimiz boshdan kechirgan yirik tarixiy voqealar, ular hayoti, e’tiqodi,
qadriyatlari, axloqiy va ma’naviy dunyosi, o‘y-tashvishlari, orzu-umidlari
to‘g‘risida bebaho ma’lumotlarni o‘zida saqlaydi. Xalq og‘zaki ijodida ochiq
axborotdan tashqari, kodlashtirilgan, turli ramzlar, majozlar, metofora-obrazlar
ichida yashiringan axborot ham mavjud. Ularning kalitini topish, ramz va
majozlarini to‘g‘ri talqin qilish oson emas. Axborotni kodlashtirish doimo bo‘lgan.
Mumtoz adabiyotimizda arab alifbosi harflarining abjad hisobidagi muayyan songa
tengligi asosida shoirlar marsiyalarida, biror voqeaning, shaxsning tarixini,
qabrtoshlarga bitilgan lavhalarga dafn etilgan kishining vafot yilini kodlashtirganlar.
Bugungi davrda axborotni kodlashtirishning turli usullari, shakllari juda rivojlangan.
Har qanday tabiiy, ijtimoiy hodisa, voqea, narsa, predmet ma’lum axborot
tizimining tashuvchisidir. Ular bir-biri bilan turli darajada bog‘langan, bir-biriga
ta’sir ko‘rsatadi. O‘zaro ta’sirni ularning axborot almashuvi deb hisoblash mumkin.
Barcha fanlar o‘z predmetlari nuqtai nazardan, birinchidan, o‘rganyotgan
ob’ektlarida mavjud bo‘lgan ob’ektiv ahborotni aniqlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |