6.3. Hozirgi zamon neoklassik nazariyalarida aholining ish bilan
bandligi masalalari
Keyns nazariyasi qanchalik mashhur bo’lishiga qaramay, XX asrning
80-yillariga kelib, inqirozga uchray boshladi. Bu nazariyaga muvofiq jami sarf-xarajatlarning o’sishi natijasida ishlab chiqarish hajmining ko’payishi, rivojlangan mamlakatlarda ham iqtisodiy o’sishni rag’batlantirdi va bu bilan ishsizlikning ortib borish tendentsiyasi birmuncha pasaytirildi. Urushdan keyingi yillarda (to 70-yillarga qadar) kapitalistik mamlakatlarning rivojlanishi bu qoidalarni to’liq tasdiqladi – ishsizlik va inflyatsiya kamdan-kam hollarda sodir bo’ldi. Biroq jahondagi iqtisodiy rivojlanish 70-yillarda iqtisodiyotda yuqori inflyatsiyaga olib keldi.
Ingliz professori A. Fillips inflyatsiya va ishsizlikning bir-biriga bog’liqligini empirik tarzda (tajribaga asoslanib) tahlil qilar ekan, u inflyatsiya sur’atlari bilan ishsizlik darajasi o’rtasida teskari proportsional o’zaro bog’liqlik borligini aniqladi. U ana shu bog’liqlikni avvalo «oddiy yoki ilk» egri chiziq shaklida taqdim etdi. Keyinchalik esa unga ayrim tuzatish kiritib, ushbu bog’liqlikni aniqlashtirdi. Ana shuning uchun bu bog’liqlikni belgilovchi chizmalarni uning sharafiga Fillips egri chizig’i deb ataladigan bo’ldi.
Fillipsning fikricha, inflyatsiyaning katta darajasiga ishsizlikning kamroq darajasi mos keladi va aksincha, yuqori darajadagi ish bilan bandlik faqat yuqori inflyatsiya sharoitidagina bo’lishi mumkin. Iqtisodiy siyosatni belgilovchi va amalga oshiruvchi davlatdan kishilarning vazifasi eng optimal muqobil yechimni tanlashdan iboratdir. Bu yerda mazkur masala bo’yicha olimlarning fikrlari bir-biridan farq qiladi. Ayrimlarning fikricha, inflyatsiyaning ancha yuqori darajasi va ishsizlikning birmuncha kamroq darajasi yaxshiroq ekan. Biroq inflyatsiyaning ortishi aholining barcha qatlamlariga daxldor bo’ladi va ko’pchilikning turmush darajasini yomonlashtiradi, holbuki ishsizlik kuchli zarba bersa ham, hammaga taalluqli bo’lmaydi.
Monetaristlar. 60-yillarda Fillips egri chizig’idan siyosatchilar iqtisodiy strategiyani tanlash, ya’ni o’zaro bir-biri bilan bog’liq ikki mushkul narsadan eng kamrog’ini tanlash asosida foydalanib kelganlar.
Biroq, 80-yillardan e’tiboran ko’pgina rivojlangan mamlakatlarda ishsizlikning ortishi narxlarning ko’tarilishi bilan bog’liq holda sodir bo’ldi: stagflyatsiya muammosi vujudga keldi. Natijada Fillips egri chizig’i ishsizlik va inflyatsiyaning o’zaro munosabatidagi real vaziyatni ifodalamay qo’ydi. Ishsizlik va inflyatsiyaga qarshi kurash muammosi Keyns va uning izdoshlari tasavvur qilganidan ham murakkabroq muammo ekanligi ko’pchilikka ma’lum bo’ldi. O’zlarining klassik nuqtai nazarlarida turuvchi turli ilmiy oqimlar keynschilikka qarshi chiqdilar. Ular iqtisodiyotda neokonservatizm nomini olgan yo’nalishni tashkil etdilar. Neokonservatorlar orasida yetakchi o’rinni monetaristlar egallaydi.
Monetarizm yo’nalishining asoschilaridan biri amerikalik iqtisodchi Milton Fridman(1912) bo’lib, u iqtisodiyot sohasida 1976 yilgi Nobelь mukofotining laureatidir. M. Fridman zamonaviy yangi klassik yo’nalishning asosiy namoyandalaridan biridir. Ushbu yo’nalish namoyandalari taklif etgan «Ishsizlikning tabiiy me’yori» to’g’risidagi gipoteza ish bilan to’liq bandlik darajasini aniqlashning monetaristik talqinidir. Bunda, mehnatga layoqatli aholining ish bilan to’liq bandligining umuman iloji chegaralangan bo’ladi. Hatto kon’yunktura nihoyatda qulay bo’lgan taqdirda ham xodimlarning bir qismi o’z malakalarini qaytadan oshirishiga zarurat paydo bo’ladi, chunki ayrim kasblar shunchaki o’z-o’zidan yo’q bo’lib ketishi, u yoki bu sabablarga ko’ra odamlar yashash joylarini o’zgartirishlari mumkin va hokazo.
Bir qator iqtisodchilarning fikricha, 4-5 % doirasidagi ishsizlikni iqtisodiy jihatdan qoniqarli, tabiiy daraja desa bo’ladi va uni ijtimoiy muammoli vaziyat deb bo’lmaydi. Ular mazkur sharoitda ish bilan bandlik darajasiga to’g’ri keladigan ishsizlik me’yorini tabiiy daraja deb hisoblaydilar. Zero, tabiiy ishsizlik ish kuchiga bo’lgan talab bilan qat’iy belgilanadi.
M. Fridman, har qanday chog’da ham real ish haqi stavkalari tarkibidagi muvozanatga to’g’ri keladigan ishsizlik darajasi mavjud bo’ladi, deb ta’kidlaydi. Ishsizlikning bu darajasida real ish haqi stavkalari muayyan «me’yoriy» sur’atda, ya’ni kapital hosil qilinishi, texnika yangiliklari kiritilishi va boshqa jarayonlar uzoq vaqt davomida uzluksiz saqlanishi mumkin bo’lgan sur’atda oshish tendentsiyasiga ega bo’ladi. Basharti, siyosatchilar aholining ish bilan bandligini tabiiy me’yoridan yuqori darajagacha oshirishga urinsalar, narxlarning oshishi bunga birinchi javob bo’ladi deb baholamoqdalar.
“Ishsizlikning tabiiy me’yori” to’g’risidagi nazariyaning zaifligi mehnat bozorida ham, tovar bozorida ham mukammal raqobat bo’lishi, ish haqining oshib borishi bilan bozorda narxlarni ko’tarilishini hisobga olmasdan “ishsizlikning tabiiy” darajasini belgilash mumkin degan g’oyani ilgari suradi va bu bilan mehnat bozorida muvozanatli vaziyat bo’lishi shart emas, deb hisoblanadi.
Yangi klassiklar ishsizlikning noilojdanligi va kambag’allikka qarshi kurash dasturlarini tan olmaydilar. Ularning fikricha, ishsizlik ko’pincha ko’ngilli tusda bo’ladi va ishni «erkin tanlash» natijasida yuzaga keladi: ishdan bo’shatilgan kishilar kasblari va yashash joylarini almashtirishni xohlamaydilar, kamaytirilgan ish haqiga rozilik bermaydilar. Ba’zida ushbu yo’nalish namoyandalari eng kam ish haqi darajasini pasaytirish va ishsizlik yuzasidan beriladigan pensiyalarni qisqartirish tarafdori bo’lib chiqadilar, chunki shu yo’l orqali aholining ish bilan bandligi oshadi, deb hisoblaydilar.
Fridman pul muomalasi qoidasining mohiyati, muomaladagi pulning har yilgi ko’payish foizi ichki milliy mahsulotning har yilgi o’sish foizi bilan mos kelishida narxlarning o’sishini hisobga olish kerakligi haqida yozadi.
Monetaristlar erkin quvvatlar va ishchi kuchi mavjud bo’lgan pul massasining o’sishi narxlarning o’sishiga olib kelmaydi, deb hisoblaydilar. Buni O’zbekiston sharoitidagi monetaristlar nazariyasini tariflovchilar ham bilib qo’yishlari muhimdir.
Neoklassik sintez. Keyingi o’ttiz yil mobaynida ko’pgina olimlar bir vaqtning o’zida bozorni tartibga solishdan va uning davlat tomonidan tartibga solinishidan o’zaro bog’liq ravishda foydalanish zarur, degan xulosaga kela boshladilar. SHu tariqa neoklassik sintez maktabi vujudga keldi. Uning asoschisi va atoqli vakili amerikalik olim, Nobelь mukofotining 1970 yilgi laureati Pol Samuelьsondir. Uning ikki jilddan iborat «Iqtisodiyot» darsligi (uning keyingi nashri o’zbek tilida 1996 yilda chiqqan) jahondagi ko’pgina mamlakatlarning talabalari uchun uzoq yillardan buyon asosiy iqtisodiyot kitobi bo’lib xizmat qilmoqda.
P. Samuelьson unda quyidagicha yozgan edi: «hozirgi vaqtda g’arbdagi iqtisodchilarning ko’plari biz bu kitobda neoklassik sintez deb atayotgan narsalarga erishishga intilmoqdalar, ya’ni ular samarali kredit-pul va xazina siyosati yo’li bilan Smit va Marshallning klassik makroiqtisodiyotini daromad darajasini aniqlashning zamonaviy makroiqtisodiyoti bilan birlashtirishga, har ikki yondashuvdagi barcha sog’lom narsalarni birga qo’shib olib borishga urinmoqdalar»2.
SHu yerning o’zida u umumiy e’tirofga ko’ra iqtisodchilar klassiklarning dalillarini haddan tashqari soddalashtirilgan hamda XIX-XX asrlar hayot faktlariga javob bermaydi, deb hisoblashlarini ta’kidkidlab o’tgan. Erkin olamda hukumatlar va markaziy banklar xazina siyosati (xarajatlar va soliqlar) va pul-kredit siyosati quroliga ega ekanliklarini, ular yordamida milliy daromad va aholining ish bilan bandligini belgilab beruvchi omillarga ta’sir etishlari mumkin ekanligini ko’rsatdilar. Neoklassik sintez yo’nalishi tadqiqotchilari mavzularning kengligi va amaliy xususiyatga ega ekanligi, iqtisodiy o’sish, ishsizlik va uni tartibga solish usullarini tahlil qilishga doir muammolarni chuqur o’rganish, umumiy iqtisodiy muvozanat nazariyasining yaratilishi bilan ajralib turadi. Uning tarafdorlari iqtisodiy-matematik aloqalar bo’yicha modellar ishlab chiqishga katta e’tibor beradilar, iqtisodiyotning davlat tomonidan tartibga solinishi bozorni tartibga solishga nisbatan katta ahamiyatga ega, deb hisoblaydilar.
Neoklassik sintezning boshqa namoyandalaridan, bizda endilikda mashhur bo’lib ketgan «Ekonomiks» darsligining mualliflari Kempbell R. Makkonell va Stenli L. Bryularni alohida ko’rsatib o’tamiz. Ular bu darslikda ham klassik va neokonservativ (asosan, monetaristik) nazariyani hamda Keyns nazariyasini batafsil va aniq bayon qilib berganlar. SHu bilan birga ular u yoki bu masalaga oid turli nazariyalarni qiyoslagan holda berganlar. «Ekonomiks» kitobining mualliflari yozishicha, «iqtisodchilarning ko’pchiligi keynschilikka ham, monetarizmga ham xos bo’lgan ishonarlilikni e’tirof qilishga tayyorligini bildiradilar. Har ikki nazariya foydali sxemalardan iborat bo’lib, makroiqtisodiyotni tahlil qilish imkonini beradi»3. Ularning fikricha, keynschilar va monetaristlarning bahslari barcha yo’nalishlardagi iqtisodchilarni makroiqtisodiy nazariyaning ayrim eng fundamental jihatlarini qayta tahlil qilishga majbur etdi va muhim murosaga kelindi. Olimlar va amaliyotchilar bank hamda pul-kredit siyosatini muvofiqlashtirish zarurligini anglab yetdilar. Bundan tashqari, barcha yo’nalishlardagi iqtisodchilar endilikda jami talabni ham, jami taklifni ham tahlil qilishga e’tibor bermoqdalar.
Do'stlaringiz bilan baham: |