Suvoq qorishmalari g‘isht, tosh terishda ishlatiladigan qorishmaga nisbatan mustahkamligi kam bo‘ladi. Bunday qorishma uchun asosiy ko‘rsatkich uning qulay joylanuvchanligi, juda yopishqoqligi, asos bilan mustahkam ravishda birikishi va qotishi jarayonida uning sirtida darz va yoriqlar paydo bo‘lmasligidir. Agar suvoq qorishmasi konstruksiyani korroziyadan saqlash maqsadida ishlatilsa, u holda qorishmaning mustahkamligi yuqori, zich, chidamli va o‘zidan suv o‘tkazmaydigan bo‘lishi kerak.
Suvoq qorishmasi suyuq bo‘lsa, yupqa qatlamda devor yuzasiga yotqizilganda u kichik choklarni to‘lg‘azmaydi va teshikli sirt bilan mustahkam birikmaydi. Shu sababli suvoq qorishmalari yuqori yoyiluvchan, ya’ni mayin qilib tayyorlanadi.
Oddiy suvoq uch qatlamdan iborat bo‘ladi. Birinchi qatlam – qora suvoq deb ataluvchi yuzaki tayyorlash qatlami bo‘lib, uning qalinligi – 5-8 mm ga teng; bunda qorishmaning yoyiluvchanligi yoki konusning cho‘kish chuqurligi – 3-12 sm bo‘lishi kerak. Ikkinchi qatlam-asosiy qatlam, uning qalinligi – 5-12 mm, ishlatiladigan qorishmaning yoyiluvchanligi – 7-8 sm bo‘ladi. Uchinchi qatlam – pardozlash yoki tekislash qatlami; qalinligi – 1,5-2,0 mm. Bu qatlam uchun qorishmaning yoyiluvchanligi – 7-10 sm bo‘lishi kerak.
Bino devorlarining ichki tomonini suvashda asosan ohakli va ohak-gipsli qorishmalar ishlatiladi. Bunda birinchi qatlam uchun qorishma tarkibi 1:3, ikkinchi qatlam uchun 1:2 nisbatda olinadi. Agar devor yog‘ochdan bo‘lsa ko‘pincha ohak-gips qorishmasi ishlatiladi.
Qishloq qurilishlarida bino devorlarining ichki va tashqi qismi somon-tuproq qorishmasi bilan suvaladi. Qorishmani tayyorlash uchun tuproq suv bilan qorishtirilgandan keyin uning sirtiga somon solib bir-ikki kun ivitib qo‘yiladi. Shundan so‘ng obdon qorishtirilib, suvash uchun qulay holga keltiriladi. Somon-tuproq qorishmasining issiqlik o‘tkazuvchanlik koeffitsienti boshqa qorishmalarga nisbatan kichikdir.
Binoga bitkazilgan ko‘rinish berish uchun uni pardozlash kerak bo‘ladi. Pardoz – binoni atmosfera ta’siri va boshqa zararli ta’sirlardan saqlabgina qolmasdan, balki uning xizmat muddatini oshiradi. Buning ustiga pardoz binoni bezaydi, bu esa ko‘cha, kvartal, qishloq yoki shaharlarga ancha chiroy beradi.
Suvoq – binoga pardoz berishning eng keng tarqalgan turi. Yuzaga chaplangan suvoq qorishmasi qotgach, qattiq qatlam-suvoq hosil qiladi. Suvoq binoning issig‘ini saqlash, ovoz izolyasiyasini yaxshilash, binoni to‘la yoki qisman yonmaydigan qilish va uning yog‘och qismlarini chirishdan saqlash uchun zarur.
Do'stlaringiz bilan baham: |