6-ma’ruza. Fuqaro muhofazasining maqsad va vazifalari.
Reja: 1. O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday vaziyatlarda harakat qilish davlat tizimi
2. Fuqaro muhofazasining asosiy vazifalari
3. Iqtisodiyot tarmoqlari va ob’ektlari faoliyati barqaqrorligini oshirish tushunchasi va mohiyati
4. Fuqaro muhofazasi rejasi va unga qo‘yiladigan talablar
5. Aholini favqulodda vaziyatlarda harakat qilishga tayyorlashni tashkil etish
6. Aholini favqulodda vaziyatlarda harakat qilishga ma’naviy-ruhiy tayyorlash
7. Favqulodda vaziyatlarda aholiga xabar berish va ularni evakuatsiya qilish
8. Qutqaruv va boshqa kechiktirib bo‘lmaydigan ishlarni tashkil etish
9. Zararsizlantirish ishlari turlari va ularni o‘tkazish
1. O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday vaziyatlarda harakat qilish davlat tizimi, uning maqsad va vazifalari O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday vaziyatlarda harakat qilish davlat tizimi (FVDT) davlat boshqaruvi organlari, xo’jalik birlashmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlarning boshqaruv organlari, kuchlari va vositalaridan iborat tizimdir.
2020 yil 26 avgustda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday vaziyatlarda harakat qilish davlat tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida» 515-son qarori qabul qilindi. Qaror bilan “O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday vaziyatlarda harakat qilish davlat tizimi (FVDT) to‘g‘risidagi Nizom”; “Vazirlik va idoralar hamda boshqa tashkilotlarning FVDT funksional quyi tizimida aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish bo‘yicha funksiyalari”; “Mahalliy davlat hokimiyati organlarining FVDT hududiy quyi tizimida aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish bo‘yicha funksiyalari” tasdiqlandi.
Yangi tasdiqlangan Nizom O‘zbekiston Respublikasi FVDTning asosiy maqsadi va vazifalarini, uning tashkiliy-funksional tuzilmasini hamda faoliyat ko‘rsatish tartibini belgilaydi.
FVDTning asosiy maqsadi vakolatiga aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish masalalarini hal etish kiradigan davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, xo‘jalik birlashmalari hamda boshqa tashkilotlar tomonidan tinchlik va alohida davrda favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish tadbirlari samarali tashkil etilishi va amalga oshirilishini ta’minlashdan iborat.
FVDTning asosiy vazifalari:
- tinchlik va alohida davrda aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasida davlat siyosatini amalga oshirish, normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va ijrosini ta’minlash;
- respublika hududida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarni prognozlashtirish, ularning ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarini baholash;
- aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish yuzasidan maqsadli dasturlarni ishlab chiqish va yujrosini ta’minlash, shuningdek, ushbu soha bo‘yicha ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasidagi ilmiy loyihalarni amalga oshirish;
- boshqaruv organlari va favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish kuch va vositalarning doimiy tayyorligini ta’minlash;
- aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasidagi ma’lumotlarni yig‘ish, tahlil qilish, almashish, axborot tayyorlash va berish;
- aholini, boshqaruv organlarining mansabdor shaxslarini, qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalari, shuningdek, fuqaro muhofazasi tuzilmalarini favqulodda vaziyatlarda harakat qilishga tayyorlash;
- favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun moliyaviy va moddiy resurslar zaxiralarini yaratish;
- aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasida davlat ekspertizasi, nazorati va tekshiruvini amalga oshirish;
- favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish;
- xorijiy davlatlar hududida sodir bo‘lgan favqulodda vaziyatlar oqibatida jabrlangan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga yordam ko‘rsatish hamda ularni va halok bo‘lganlarni evakuatsiya qilish chora-tadbirlarini amalga oshirish;
- favqulodda vaziyatlardan zarar ko‘rgan aholini ijtimoiy himoya qilishga doir tadbirlarni amalga oshirish;
- aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasida fuqarolarning, shu jumladan, ularni tugatishda bevosita qatnashgan shaxslarning huquq va majburiyatlarini ta’minlash;
- aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasida xalqaro hamkorlik qilish;
- sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlardan sug‘urta qilishning maqbul tizimini ta’minlash.