6- mavzu yuzasidan Case-study.
Mavzu : XX asrning 20-yillarida Markaziy Osiyoda xo‘jalik – ijtimoiy hayot.
Muammoli vaziyat: Turkistonda Yangi iqtisodiy siyosatning asl mohiyati: ijobiy va salbiy jihatlari .
Yechim: turkistonda yangi iqtisodiy siyosat sovetlar manfaatidan kelib chiqqan holatda amalga oshirildi. Bunda albatta o‘lka hayotida salbiy va ijobiy ta’sirlarni ko‘rishimiz mumkin. Yangi iqtisodiy siyosat Turkiston uchun bir qator o‘ziga xos xususiyatlarga ega edi.
Birinchidan, Turkiston chekka, asosan qishloq xo‘jaligi o‘lkasi edi. Demak, bu yerda zamonaviy qishloq xo‘jaligi va sanoatni yangidan barpo etish kerak edi.
Ikkinchidan, o‘lkada milliy ishchilar sinflni shakllantirish zarur edi.
Uchinchidan, Turkiston ko‘p millatli o‘lka bo‘lib, yangi iqtisodiy siyosatga o‘tishda yerli xalqlarning qadriyatlari, an’analari, urf-odatlari xususiyatlarini hisobga olish kerak bo‘lardi.
Salbiy jihatlari. RKP(b) va sovet hukumati Turkistonda yangi iqtisodiy siyosatni joriy etishda o‘z manfaatlaridan kelib chiqib ish yuritdilar. 1921-yil 20-aprelda Turkiston ASSR Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi oziq-ovqat, yem-xashak va xomashyo razvyorstkasini mahsulot solig‘i bilan almashtirish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Unda 1921—1922yillar uchun soliq miqdori belgilandi. Achinarlisi shundaki, Turkiston mehnatkashlaridan olinadigan soliq markaziy rayonlardan farqli o‘laroq soliq hajmi, miqdori ekin ishlari oldidan emas, balki yil yakunida, hosil ko‘tarish chog‘ida yig‘ib olinardi. Bu esa dehqon mehnatining kamsitilishiga sabab bo‘lardi. Bundan tashqari, sovet hukumati o‘lkada birinchi navbatda o‘zi uchun zarur bo‘lgan tarmoqlarni, chunonchi, paxta, qand lavlagi, tamaki va boshqa texnik ekinlarni rivojlantirishga alohida e’tiborni qaratdi. Yordam ko‘rsatish bahonasida 300000 dan ortiq ishchi va dehqon oilalari Rossiya markaziy rayonlaridan Turkistonga keltirilib joylashtirildi. Buning ustiga o‘lkada ahvol og‘ir bo‘lishiga qaramasdan 1921-yil kuzida bu yerdan Moskva va boshqa shaharlarga 300 ming puddan ko‘proq g‘alla mahsulotlari olib ketildi.
Ijobiy jihatlari: Shunga qaramasdan o‘lkada vayron bo‘lgan sanoatni tiklashda bir muncha ijobiy ta’sirini ko‘rsatdi.
Yangi iqtisodiy siyosat asosida sanoatni xo‘jalik hisobiga o‘tkazish jarayoni amalga oshirib borildi. Bu esa sanoat korxonalari ishlab chiqarishining biroz bo‘lsada jonlanishiga olib keldi. Mayda va o‘rta sanoat korxonalari, yirik kooperativ tashkilotlar va ularning birlashmalari tadbirkorlarga ijaraga berildi, o‘lkada yangi sanoat korxonalari, temiryo‘llar qurildi. Xilkovo sement zavodi, Farg‘ona pillakashlik fabrikasi, Qizilqiya, Xilkovo temiryo‘l shoxobchalari shular jumlasidandir. O‘lkada, ayniqsa, paxtachilik va u bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan paxta tozalash korxonalari tez sur’atda o‘sdi. Bu Markaz to‘qimachilik sanoatining o‘zbek paxtasiga talab-ehtiyoji ortib borayotganiga ko‘p jihatdan bog‘liq edi. Natijada paxta ekiladigan maydonlar 1924-yilda 1921-yilga nisbatan 3 barobar ko‘paydi. Ishlab turgan sanoat korxonalari soni 144 taga yetdi. Birgina paxta tozalash sanoatida yalpi mahsulot ishlab chiqarish 1923-yildagi 23,9 mln so‘mlikdan 1924-yilda 57,8 mln so‘mga yetdi. Bundan ko‘rinadiki, yangi iqtisodiy siyosat asosida Turkiston sanoati tiklanib sezilarli darajada rivojlana boshladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |