1.3. “Texnologik ta’lim” fani mazmunini SMART- texnologiyalar asosida zamonaviy o’qituvchining kasbiy pedagogik ijodkorligini takomillashtirish
Zamonaviy oliy ta’limning ajralib turadigan xususiyatlari bu moslashuvchanlik, samaradorlik va amaliy yo‘naltirish ekanligi sababli, bunday bilimlar almashinuvi an’anaviy bilimlarni reproduktiv uzatishdan ijodiy ta’lim shakliga o‘zining innovatsion usullari, shakllari va vositalari bilan o‘tishini anglatadi. Bu ham Web2.0 texnologiyalarining rivojlanishi tufayli mumkin bo‘ldi. Aqlli ta’lim moslashuvchan ta’limning paydo bo‘lishining asosiy sharti bo‘lib, u dunyo miqyosida jamoat mulki bo‘lgan tarkibdan foydalangan holda interfaol ta’lim muhitida ishlaydi.
Shakllanayotgan Smart - ta’lim tizimidan: kunduzgi ta’limda - talabalarning mustaqil ishlarini sifatli va samarali tashkil etishda; masofali o‘qitishda; mutaxassislarning malakasini oshirishda; aholining umumiy norasmiy ta’lim tizimida muvafaqqiyatli foydalanilishi mumkin.
SMART - ta’lim platforma (asos) sini umumiy ta’riflaydigan bo‘lsak, SMART ta’lim bu - mafkura, o‘z navbatida u uchta bo‘g‘indan iborat. Bular:
SMART muhit - innovatsion texnologiyalarga asoslangan intellektual virtual o‘quv muhiti;
innovatsion metodologiya bilan qurollangan SMART pedagogika;
Ilg‘or ta’limiy maqsadni ko‘zlagan SMART qobiliyatlar. (1-rasm.)
1 - rasm. SMART- ta’lim uchun platforma (asos)
SMART pedagogika - shaxsga yo‘naltirilgan, hamkorlik va konteksli ta’limni moslashtirilgan o‘quv xonalarida tashkil etish jarayonidir.
SMART qobiliyatlar bu maqsad va mohiyatni aniqlash, o‘rganish va tadbiq qilish, hamkorlik, yaratuvchanlik hamda murakkab muammolarni hal etish kabi faoliyatni o‘z ichiga oladi. Aqlli pedagogika aqlli qobiliyat bilan uzviy aloqada, jumladan, intellektual virtual o‘quv muhiti aqlli pedagogikani shakllantirsa, u esa o‘z navbatida motivatsiyani oshirish maqsadida aqlli qobiliyatlar faoliyatiga murojaat qiladi. Yuqorida sanab o‘tilgan ilmiy ishlarda, ko‘pgina hollarda tasnif ta’limda elektron axborot resurslarini yaratish, ularning xossalari va joriy qilish muammolariga asoslangan bo‘lsada, ularni o‘qitish metodikasiga qo‘yiladigan talablar va joriy qilish muammolari, ulardan foydalanish metodikasi yetarlicha o‘rganilmagan.
“Texnologik ta’lim” fani bo‘yicha integrativ elektron o‘quv qo‘llanmani ishlab chiqishda quyidagi talablar bajarilishi zarur deb hisoblaymiz :
Umumiy pedagogik talablar: elektron o‘quv materiallar tarkibiy tuzilmasiga ko‘ra o‘quv fanining mazmuniga mos kelishi lozim; elektron o‘quv materiallar muammoli va ijodiy izlanishni talab etadigan topshiriqlar, talabalarning intellektual qobiliyatini rivojlantirishga imkon beruvchi tizimga ega bo‘lishi kerak; elektron axborot ta’lim resursi o‘quv faoliyatining axborotni izlash, yig‘ish, saqlash, tahlil qilish va ishlov berish, loyihalash, konstruksiyalash, tajriba natijalariga ishlov berish hamda nazorat topshiriqlarni izchil bajarib borishni borasidagi harakatlarni avtomatlashtirishni ko‘zda tutishi shart; laboratoriya mashg‘ulotlarida tarmoqlarni imitatsion modellashtirish, tarmoqlarni loyihalash va tuzish jarayonlarini simulyatorlar yordamida virtuallashtirish lozim. Buning uchun UNenLab (Unified Networking Lab), Boson NetSim, HP Network Simulator, Huawei eNSP, Common Open Research Emulator, Line Network Emulator, Modeler va Cisco Packet Tracer kabi simulyator dasturlaridan foydalanish maqsadga muvofiq.
Metodik talablar - o‘quv materiali fikrlashning tushunchali, obrazli va harakatli komponentlarining o‘zaro bog‘liqligiga tayangan holda taqdim etilishi hamda tizimlashtirilgan bo‘lishi zarur; talabalar elektron axborot ta’lim resursidan foydalanar ekan, o‘quv materialini bosqichma-bosqich o‘zlashtirib borish imkoniyatiga ega bo‘lishi lozim.
Psixologik talablar - o‘quv materialini virtual usulda namoyish qilish nafaqat verbal, balki kognitiv jarayonning sensor (hissiy) va ko‘rgazmali holatlariga mos kelishi kerak;
Texnik talablar - Texnologik ta’lim modulidagi bitta ma’ruza standart ya’ni, to‘rt-besh betdan oshmagan matndan iborat, nazorat testlari hajmi (savol va topshiriqlar) bir ma’ruza mashg‘uloti uchun 10 tagacha bo‘lishi lozim. Elektron axborot ta’lim resursini yaratishda imkon qadar ssenariya va rasmlarning eskizlari kadrlarga bo‘lingan bo‘lishi zarur.
Dasturiy talablar - elektron axborot ta’lim resursining dasturiy qismi TCP/IP transport protokolidan foydalangan holda HTML - bichimida bo‘lishi; elektron axborot ta’lim resursi bazasidagi ma’lumotga bir vaqtda bir nechta foydalanuvchining murojaat qilish imkoniyatining ta’minlanganligi; tizimli WEB-serverlar imkoniyatidan foydalanish; elektron axborot ta’lim resursi ishlaydigan muhitning Windows 7 va undan yuqori bo‘lishi; ma’lumotlarni saqlash va qayta ishlash uchun serverdan foydalanish; multimedia vositalari (ovoz, video va shu kabilar)dan foydalanish va xakozo.
Ma’lumki, “Texnologik ta’lim” faniga doir zamonaviy eksperimental qurilmalarning ko‘pchiligi ancha murakkab, katta hajmli va qimmat turadigan majmualardan iborat bo‘lib, ular narxi, o‘lchamlari, ishlatilishi shartlari bo‘yicha biroz murakkab va shuning uchun ko‘plab oliy ta’lim muassasalarda o‘quv jarayonida ko‘pgina laboratoriya ishlari va eksperimentlar kam o‘tkaziladi. Shuning uchun mavjud muammolarni hal qilish usullaridan biri - bu virtual laboratoriya va imitatsion modellardan foydalanish mumkinligini e’tiborga olib, biz virtual texnik laboratoriyalarning quyidagi turlaridan foydalanishni taklif etamiz: asbob va uskunalar, bo‘yicha virtual laboratoriyaning asosiy vazifasi - bu eksperimentlardan foydalaniladigan asboblar va qurilmalarni o‘rganish hamda zarur malakalarni egallash. Asbob va anjomlar amaliyotini o‘tkazish uchun ishni haqiqiy qurilmalarda to‘liq bajarishga (taqlid qilib takrorlashga imkon beruvchi) haqiqiy uskuna va asboblarning virtual analoglari (o‘xshashlari) kerak bo‘ladi. Ayniqsa, bu ana shu asbob va uskunalarni boshqarish organlari va usullariga taaluqlidir; texnik virtual laboratoriyalar - ularning vazifasi nazariy materialni o‘zlashtirishni mustahkamlash uchun standart tajribalar va eksperimentlarni o‘tkazish malaka va metodikasini egallash;
BOB. ZAMONAVIY O’QITUVCHINING KASBIY PEDAGOGIK IJODKORLIGINI STEAM VA SMART TA’LIM TEXNOLOGIYALARI ASOSIDA SHAKLLANTIRISH NAZARYASI Zamonaviy o’qituvchining kasbiy pedagogik ijodkorligini shakllantirish va rivojlantirishda STEAM ta’lim texnologiyalarining o’rni
Bugungi kunda STEAM (S-science, T-technology, E-engineering, A-art, M-mathematics), ya’ni tabiiy fanlar, texnologiya, muhandislik, san’at, matematika jahon ta’limining asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylangani bejiz emas. STEAM-ta’limi o‘quvchilarga fanlararo va amaliy yondashuv orqali bilim berish tamoyiliga asoslanadi. Soddaroq aytganda, beshta fanning har birini alohida-alohida o‘rganishdan ko‘ra, ular yagona o‘quv dasturiga uyg‘unlashtiriladi.
Keng miqyosda tahlil etadigan bo‘lsak, pedagoglar mahorati, o‘quvchilar motivatsiyasi va ta’lim sifatining yomonlashuvi tobora global muammoga aylanmoqda. Bugungi bozor iqtisodiyoti sharoitida ish beruvchilar professional mutaxassislarga mehnati uchun haq to‘lashga tayyor. Biroq o‘quvchi yo talabalar ularning asosiy etib belgilangan fanlarini o‘qishni xohlamasa-chi? Ular ham ixtiyoriy tanlov huquqiga ega emasmi?
Shu nuqtai nazardan qaraganda, yuqori texnologiyalar ishlab chiqarish rivojlangan mamlakatlarda STEAM ta’limi yoki yoshlarning ilmiy-texnik ijodkorligi alohida ustuvorlikka ega. Bu davlat tomonidan texnologik taraqqiyot va innovatsion iqtisodiyotning jadal o‘sishi sharoitida ilmiy-muhandis kadrlarga bo‘lgan favqulodda ehtiyoj, malakali kadrlar yetishmovchiligini boshdan kechirayotgan ilmiy-texnik kompaniyalari uchun eng maqbul usul sifatida e’tirof etilgan.
Ko‘plab mamlakatlarda STEAM ta’limi quyidagi sabablarga ko‘ra ustuvor hisoblanadi:
– Yaqin kelajakda dunyoda ilmiy-texnik mutaxassislar, dasturchilar, muhandislar, yuqori texnologiyalar ishlab chiqarish sohasi xodimlari sezilarli tarzda yetishmaydi.
– Uzoq kelajakda kasb qirralarini tasavvur qilish qiyin, ular tabiiy fanlar va yuqori texnologiyalar ishlab chiqarish bilan bog‘liq bo‘ladi. Bio va nanotexnologiyalar bo‘yicha mutaxassislarga talab ortadi.
– Bo‘lajak mutaxassislardan tabiiy fanlar, muhandislik va texnologiyaning turli ta’lim sohalari bo‘yicha kompleks bilimlar talab etiladi.
Ayni paytda Avstraliya, Xitoy, Buyuk Britaniya, Isroil, Janubiy Koreya, Singapur, AQSh kabi ko‘plab davlatlarda STEAM ta’limi bo‘yicha davlat dasturlari izchil amalga oshirilmoqda. Xususan, Rossiyada bu masala e’tibor markazida — Texnik ta’limni qo‘llab-quvvatlash markazi orqali yoshlarni muhandislik va robot yaratishga jalb etish masalasi qisman hal etilmoqda. Qozog‘istondagi umumta’lim maktablarida bu boradagi islohotlar 2015-yildan beri amalga oshirilmoqda.
STEAM-an’anaviy fanlarni o‘qitish va matematika ta’limidan farqli o‘laroq, aralashgan o‘quv muhitini nazarda tutib, o‘quvchilarga ilmiy metodning kundalik hayotda qanday qo‘llanishi mumkinligini ko‘rsatadi. STEAM-maktabda, maktabdan tashqarida loyihaviy va o‘quv-tadqiqot faoliyatini amaliyotga tatbiq etish yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
STEAM-ta’limi dasturiga ko‘ra, o‘quvchilar fizika va matematikadan tashqari, robototexnika, dasturlash, o‘z robotlarini loyihalashni o‘rganadi. Mashg‘ulotlarda 3D-printerlar, vizualizatsiya uskunalari singari maxsus texnologik laboratoriya va o‘quv jihozlaridan foydalaniladi. Shuni aytish joizki, STEAM ta’limining shakli sinfda bolalarni kasb-hunarga o‘rgatishning eski an’anaviy yondashuvlariga asoslangan bo‘lib, faqat o‘qitish usullari va vositalari o‘zgaradi xolos. Shu tariqa yangi formatdagi bilimlar o‘quvchilarning tafakkur ufqlarini kengaytirishga xizmat qiladi. Darsda maktab o‘quvchilari o‘z tabiiy istaklarini qat’iy rivojlantirish, kelajakda istalgan fanni o‘rganishda foydasi tegadigan ilmiy tadqiqot qobiliyatini egallash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
2014-yili Quddusda bo‘lib o‘tgan «STEAM forward» xalqaro konferensiyasida quyidagi xulosalar keltirilgan:
– Bolalarni STEAMga jalb qilish maktabgacha yoshdan boshlanishi kerak.
– Ilm tili ingliz tilidir (Nobel mukofoti laureatlari ham shu tilda gaplashadi). Muhim ilmiy manbalarning aksariyati ingliz tilida. Fanni o‘rganish va chinakam olim bo‘lish uchun ushbu tilni bilish darkor.
Qizlar uchun STEAM ta’limi dasturiga muhtojmiz. Qizlarning tartibliligi va ilmiy ma’lumotlar bilan ishlashga nisbatan moyilligi ustunroq bo‘lgani bois, bolalar qila olmaydigan narsalarni yaratishi mumkin, ammo ular to‘g‘ri o‘qitilishi zarur. – Ilm-fanda chegara yo‘qligiga qaramay, davlatning ilmiy salohiyat imijini yaxshilaydigan malakali mutaxassislar yetishtirish muhimdir. STEAM-ta’limini vatanparvarlik va o‘z mamlakatini sevish uchun ham tatbiq etish lozim. – Ilm insonni mustaqil hayotga tayyorlashga yo‘llovchi bayram bo‘lishi kerak, fanga qiziqish, uni butunlay qamrab olishga intilish kerak.
Hozirgi vaqtda investorlar, yirik ishbilarmon doiralarning ilm-fan va innovatsion loyihalarga, start-uplarga qiziqishi ortmoqda. Kelgusida ko‘pgina ijobiy o‘zgarishlar yuzaga kelishi uchun STEAM-markazlari yaratish, umumta’lim maktablarida dasturlash asoslarini o‘z ichiga olgan informatika faniga robototexnikani integratsiyalash va mavjud tajribani o‘qituvchilarning imkoniyatidan kelib chiqib rivojlantirish maqsadga muvofiqdir.
STEM – real hayot talablaridan kelib chiqqan holda ilmiy-texnikaviy konsepsiya doirasida integratsiyalashgan holda o‘qitishdir. Integratsiyalashgan ta’limni joriy etishdan ko‘zlangan maqsad - bu ta’lim, jamiyat, ish va dunyoni bir butun holda tasavvur etish va ular o‘rtasida barqaror aloqa o‘rnatishdir. Ushbu ta’lim yondoshuvi qanday paydo bo‘ldi?
STEAM ta’limi texnologiyasi - nazariya va amaliyotning birlashtirilgan natijasidir. “STEM” qisqartmasi birinchi marta 1990-yillarda amerikalik bakteriolog R.Kolvell tomonidan taklif qilingan, ammo faqat 2000-yillardan faol foydalanila boshladi.
STEM ta’limi – maktabgacha ta’limdan boshlab texnologiya va muhandislik ishlarini o‘rganishga hissa qo‘shadigan ta’lim faoliyat majmui hisoblanadi. STEM (fan, texnologiya, muhandislik, matematika) asosida ushbu konsepsiyaning yangi variantlari paydo bo‘ldi, ularning eng keng tarqalgani STEAM (fan, texnologiya, muhandislik, san’at va matematika) va STREAM (fan, texnologiya, robototexnika, muhandislik, san’at va matematika).
Bugungi kunda STEAM jahon ta’limidagi asosiy tendensiyalardan biridir. Texnologiyaning jadal rivojlanishi tufayli yangi kasblar paydo bo‘ladi. STEM mutaxassislariga bo‘lgan talab hamma joyda o‘sib bormoqda. Turli hisob-kitoblarga ko‘ra, yuqori o‘sish darajasiga ega bo‘lgan har 10 ta mutaxassisliklardan 9 tasida STEAM bilimlari talab etiladi. Xususan, 2018 yilgacha kimyo muhandislari, dasturiy ta’minot ishlab chiquvchilar, neft muhandislari, kompyuter tizimlari tahlilchilari, mexanik muhandislar, qurilish muhandislari, robototexnika, yadroviy tibbiyot muhandislari, suv osti inshooti me’morlari, aerokosmik muhandislar kabi mutaxassisliklarga bo‘lgan ehtiyojning oshishi kutilmoqda. STEAM ta’limi esa o‘quvchilarni texnologik jihatdan rivojlangan dunyoga tayyorlaydi. O‘tgan 60 yil mobaynida texnologiya jadal sur’atlar bilan o‘sdi. Jumladan: Internet (1960 yil) va GPS texnologiyalardan (1978 yil) to DNKni skanerlash (1984 yil) hamda albatta iPod (2001 yil) hamda boshqalarni misol qilib keltirishimiz mumkin. Bugungi kunda deyarli har bir kishi smartfonlardan foydalanmoqda. Bizning dunyomizni texnologiyasiz tasavvur etishning iloji yo‘q. Bundan keyin ham texnologik rivojlanish davom etadi va STEM ko‘nikmalari bu rivojlanishning asosi bo‘lib hisoblanadi. STEAM o‘quvchilarni ilhomlantiradi. O‘quvchilar kashfiyotchilar va olimlar sifatida tadqiqotlar olib borishadi, texnologiyalarning imkoniyatlarini bilishadi, muhandislar sifatida loyihalashadi, rassomlar sifatida ijod qilishadi, matematiklar kabi fikrlashadi va, albatta, bolalar zavqlanib o‘ynashadi. STEM – o‘quvchining intellektual qobiliyatlarini ilmiy va texnologik ijodkorlikka jalb qilish imkoniyati bilan rivojlantiradi. U o‘quvchilarning aniq, tabiiy fanlarga bo‘lgan qiziqishlarini rivojlanishiga qaratilgan o‘quv dasturiga asoslanadi. STEM – olti bosqichdan iborat: savol, muhokama, dizayn, tuzilish, test, rivojlanish. Ushbu bosqichlar loyihaning asosi hisoblanadi. O‘z navbatida o‘quvchilar bir jamoa sifatida barcha imkoniyatlardan foydalanish, birgalikda harakat qilish, undan foydalanish ijodkorlik va innovatsiyalarning asosidir. Shunday qilib, ilm-fan va texnologiyalarni bir vaqtning o‘zida o‘rganish va uni qo‘llash ko‘plab yangi innovatsion loyihalarni yaratishga yordam beradi. Bu loyihalarda albatta “san’at”ning imkoniyatlari kengdir. STEM texnologiyasini joriy etish shartlari:
1.Iqtidorli bolalarni qidirish, qo‘llab-quvvatlash va buning uchun keng qamrovli tizimni yaratish kerak;
2. Har bir umumta’lim maktabida iqtidorli bolalarni aniqlash uchun ijodiy muhitni rivojlantirish zarur.
3. Shu bilan birga, shakllangan iqtidorli bolalarni qo‘llab-quvvatlash tizimini rivojlantirish kerak. Bu birinchi navbatda, 24 soat davom etadigan ta’lim muassasasalarini o‘z ichiga oladi. Bunda iqtidorli bolalarning tadqiqotlari uchun shart-sharoitlar yaratilishi lozim.
4. Yuqori natijaga erishgan o‘quvchilarning o‘qituvchilarini ham rag‘batlantirish lozim.
5. Iqtidorli yoshlarni o‘qituvchilik kasbiga jalb qilish lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |