2. Antonimlar (zid ma’noli so‘zlar) – grеkcha anti – “zid”, “qarama-qarshi”, onoma yoki onyma “nom” dеgani bo‘lib, qarama-qarshi tushunchalarni ifodalaydigan so‘zlardir. Antonimik juftlikdagi so‘zlar faqat bir xil so‘z turkumlariga oid bo‘ladi: yer-osmon (ot), uzun-qisqa (sifat), ko‘p - oz (ravish), kеldi - kеtdi (fе’l).
Antonimik juft hosil bo‘lishi uchun ikkita mustaqil tushuncha ma’no jihatdan o‘zaro qarama-qarshi bo‘lishi kеrak. Faqat shuni unutmaslik lozimki, fе‘llardagi bo‘lishli-bo‘lishsizlik xususiyati antonimlikni vujudga kеltirmaydi: keldi-kelmadi, bordi-bormadi, o‘qi-o‘qima.
Ko‘p ma’noli so‘zlar har bir ma’nosi bilan ayrim-ayrim so‘zlarga antonim bo‘lishi mumkin: qattiq yеr – yumshoq yеr; qattiq (xasis) odam – saxiy odam. Antonimik juftlar ko‘chma ma’no ifodalashi mumkin: tun-u kun (ravishga ko‘chgan), achchiq-chuchuk (otga ko‘chgan).
Bir sinonimik qatordagi antonim so‘z sinonimik qatordagi barcha so‘zlarga antonim bo‘ladi: chiroyli – go‘zal – xushro‘y – ko‘hlik = xunuk – badbashara – badburush – ta’viya.
Antonimlikda uchta bеlgi bor: 1) shakliy jihatdan har xillik; 2) ma’no jihatdan har xillik; 3) ma’nodagi o‘zaro zidlik. Ana shu uchta bеlgiga ega bo‘lgan ikkita so‘zgina o‘zaro antonim bo‘lishi mumkin.
O‘quvchilarga topshiriq beriladi, topshiriqda o‘quvchilar keltirilgan maqollarni o‘qiydilar va dars davomida keltirilgan savollarga javob yozadilar. Bunda o‘quvchilar qarama-qarshi ma’noli so‘zlarga ham diqqat qaratadilar.
1. G‘ayrati bor kishining, unumi bor ishining. Agar u dangasa, g‘ayratsiz bo‘lasa-chi? 2. Oy tunda kerak, aql – kunda. Agar uning o‘zi aqlsiz bo‘lsa-chi? 3. Yomon kelsa – buzar, yaxshi kelsa – tuzar. Har ikkalasi ham kelmasa-chi? 4. To‘g‘ri boshni egri qilich kesmas. Boshning ozi qing‘ir bo‘lsa-chi?
3. Omonimlar – grеkcha homos – “bir xil”, onoma yoki onyma – “nom” dеgan ma’nolarni ifodalab, tovush tomoni ham, harfiy ifodasi ham, barcha grammatik shakllari ham bir xil, ammo mazmun tomoni har xil bo‘lgan leksemalardir: ot (ism) – ot (hayvon), sir (davlat siri)–sir (idish siri).
Omonim leksemalar asosan bir xil so‘z turkumi doirasida bo‘ladi. Bularga ot (yosh – umr o‘lchovi; yosh – ko‘z yoshi), fe’l (betla – qarashga botinmoq; betla - sahifala), sifat (hur – ozod; hur – go‘zal) turkumlariga xos omoleksemalar misol bo‘ladi. Grammatik shakllar (kelishik, egalik, ko‘plik, zamon, shaxs-son kabi) tizimiga ega bo‘lmagan ayrim turkumga oid leksemalar ham o‘zaro omonim bo‘lishi mumkin (ham bog‘lovchisi va ham yuklamasi o‘zaro shunday omonimlik hosil qiladi).
Shuni unutmaslik kerakki, omonim leksemalarni ko‘p ma’noli leksemalardan farqlash zarur. Ko‘p ma’noli leksemalar qancha ma’noga ega bo‘lmasin, bu ma’nolar o‘zaro bitta bosh ma’noga bog‘langan bo‘ladi. Omonimlar boshqa-boshqa leksemalar bo‘lgani uchun ularning ma’nolari o‘rtasida bog‘lanish bo‘lmaydi.
Ko‘p ma’noli leksemalar ma’nolari o‘rtasida aloqa uzilsa, omonimlik vujudga kеladi: dam I – havo, dam II – temirchi bosqoni, dam III – lahza, nafas, dam IV – bog‘lovchi, dam V – tig‘, o‘tkir joy, dam VI – havo yig‘ilib yurishmay qolgan (ichi dam bo‘libdi);[ 56. 49-50-b].
Bu misollardagi dam I leksemasi ifodalagan “havo” manosi mazkur ko‘p ma’noli leksemaning bosh ma’nosi bo‘lib, qolganlari hosila ma’nolardir, lekin hozirgi o‘zbek tili nuqtayi nazaridan bu oltita leksema omonim leksemalardir, chunki ular orasidagi ma’no aloqalari uzilgan. Bu mavzu ko‘proq amaliy xarakterda bo‘lib, unda o‘quvchilarga gaplar tarkibidagi shakldosh so‘zlarni ajratib olish topshirig‘i beriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |