147-modda. Sud jarimasini undirish Sud jarimalari davlat daromadiga undiriladi.
Mansabdor shaxslarga sud tomonidan solingan sud jarimalari ularning shaxsiy mablag‘laridan undiriladi.
148-modda. Jarimadan ozod qilish yoki uning miqdorini kamaytirish Jarima solingan shaxs jarima solgan suddan jarimadan ozod qilishni yoki uning miqdorini kamaytirishni sud ajrimining ko‘chirma nusxasini olganidan keyin besh kun ichida iltimos qilishi mumkin. Bu ariza jarima solingan shaxsni xabardor qilgan holda sud majlisida ko‘rib chiqiladi. Biroq uning sudga kelmaganligi arizani ko‘rib chiqish uchun to‘sqinlik qilmaydi.
149-modda. Sud jarimasi ustidan shikoyat qilish (protest keltirish) Sudning jarima solish, jarimadan ozod qilish yoki uning miqdorini kamaytirishni rad etish to‘g‘risidagi ajrimi ustidan xususiy shikoyat (protest) berilishi mumkin.
150-modda. Ma’muriy javobgarlikka tortish Sud majlisida tartibni buzgan yoki sudga boshqacha tarzda hurmatsizlik bildirgan shaxs sud tomonidan ma’muriy javobgarlikka tortilishi mumkin.
Sudga hurmatsizlik guvohning, da’vogarning, javobgarning, ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning sudga kelishdan qasddan bo‘yin tovlashida yoki ushbu shaxslar va boshqa fuqarolarning raislik qiluvchining farmoyishiga bo‘ysunmasligida yoxud sud majlisi vaqtida tartibni buzishida namoyon bo‘ladi.
Sudga hurmatsizlik ko‘rsatilganligi fakti aniqlanganligi to‘g‘risida ushbu huquqbuzarlik sodir etilgan sud majlisining o‘zida alohida xonaga (maslahatxonaga) kirmasdan sudya (sud tarkibi) tomonidan huquqbuzarga darhol e’lon qilinadi. Mazkur fakt sud majlisi bayonnomasida qayd etiladi. Bunda ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma tuzilmaydi.
Sudga hurmatsizlik ko‘rsatilganligi fakti aniqlangan shaxs, shuningdek ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslar o‘z tushuntirishlarini berishga haqli.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi qaror raislik qiluvchi tomonidan ish bo‘yicha sud majlisi tugagandan keyin alohida xonada (maslahatxonada) tuzilib, sudya (sud tarkibi) tomonidan imzolanadi.
Agar sudga hurmatsizlik sud majlisida ko‘rsatilgan va huquqbuzar sud majlisi zalini tark etgan bo‘lsa, sudga hurmatsizlik sud majlisidan tashqarida ko‘rsatilgan bo‘lsa, shuningdek sud majlisiga kelishdan bosh tortganlik aniqlansa, huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma sudyaning yordamchisi (katta yordamchisi) yoki sud raisining yoxud sud majlisida raislik qiluvchining og‘zaki farmoyishiga asosan boshqa sud xodimi tomonidan tuziladi va bu haqda huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnomada ko‘rsatiladi.
Ushbu moddaning oltinchi qismida nazarda tutilgan hollarda huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma ushbu sud tomonidan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksida belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.