135-modda. Sud chiqimlarini to‘lash uchun mablag‘larni kiritish tartibi
Guvohlar, ekspertlar va mutaxassislarga, tarjimonlarga to‘lanishi lozim bo‘lgan summalar yoki joyida ko‘zdan kechirishni o‘tkazishga doir xarajatlar uchun zarur bo‘lgan summalar tegishli iltimosnoma bilan murojaat qilgan taraf tomonidan sudning depozit hisobvarag‘iga oldindan kiritiladi. Agar bu iltimosnoma ikkala taraf tomonidan berilgan bo‘lsa yoki guvohlarni, ekspertlarni, mutaxassislarni, tarjimonlarni chaqirish, joyida ko‘zdan kechirish sudning tashabbusi bilan amalga oshirilsa, talab qilinadigan summani taraflar teng miqdorda kiritadi. Agar ekspertiza sudning tashabbusi bilan tayinlansa, to‘lanishi lozim bo‘lgan summa ekspertga sud tomonidan depozit hisobvarag‘idan to‘lanishi mumkin. Bu summa ishda ishtirok etuvchi shaxslardan sud hujjati chiqarilayotganda sudning depozit hisobvarag‘iga o‘tkazilgan holda ushbu Kodeksga muvofiq undiriladi.
136-modda. Vakilning yordami uchun haq to‘lashga doir xarajatlarning o‘rnini qoplash
Hal qiluv qarori qaysi tarafning foydasiga chiqarilgan bo‘lsa, sud shu tarafga ikkinchi tarafdan vakilning yordami uchun to‘lashga doir xarajatlarni oqilona miqdorlarda undirib beradi.
Agar hal qiluv qarori o‘z foydasiga chiqarilgan tarafga advokat belgilangan tartibga muvofiq bepul yordam ko‘rsatgan bo‘lsa, bu summa boshqa tarafdan advokatlar byurosi (hay’ati, firmasi) foydasiga undiriladi.
137-modda. Yo‘qotilgan vaqt uchun haq undirish
Sud insofsizlik bilan asossiz talab arz qilgan yoki da’voga qarshi nizolashgan yoxud ishning to‘g‘ri va o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishi hamda hal etilishiga muntazam qarshilik qilib kelgan taraf zimmasiga amalda yo‘qotilgan vaqt uchun ikkinchi taraf foydasiga haq to‘lash majburiyatini yuklatishi mumkin. Undiriladigan haq sud tomonidan oqilona miqdorda belgilanadi.
138-modda. Sud xarajatlarini taraflar o‘rtasida taqsimlash
Hal qiluv qarori qaysi tarafning foydasiga chiqarilgan bo‘lsa, sud shu tarafga ikkinchi tarafdan, garchi bu taraf davlat daromadiga tushadigan sud xarajatlarini to‘lashdan ozod etilgan bo‘lsa-da, ish bo‘yicha qilingan hamma xarajatlarni undirib beradi.
Agar arz qilingan talablar qisman qanoatlantirilgan bo‘lsa, ushbu moddada ko‘rsatilgan summalar javobgardan da’vogarga talablarning sud tomonidan qanoatlantirgan qismiga mutanosib ravishda, javobgarga esa da’vogar arz qilgan talablarning rad etilgan qismiga mutanosib ravishda undirib beriladi.
Da’vogarning talablari u sudga murojaat qilganidan so‘ng javobgar tomonidan ixtiyoriy ravishda qanoatlantirilganda sud xarajatlari javobgarning zimmasiga yuklatiladi.
Agar da’vogar tomonidan neustoykani undirish haqidagi talab asosli ravishda arz qilinib, biroq uning miqdori sud tomonidan kamaytirilgan bo‘lsa, sud xarajatlari neustoykaning kamaytirilishi hisobga olinmagan holda undirilishi lozim bo‘lgan neustoyka summasidan kelib chiqqan holda, javobgarning zimmasiga yuklatiladi.
Davlat bojini to‘lashdan ozod etilgan davlat organlari va boshqa organlar, shuningdek tashkilotlar tomonidan yuridik shaxslar va fuqarolarning manfaatlarini ko‘zlab taqdim etilgan da’vo talablarini qanoatlantirish rad etilgan yoki ular qisman qanoatlantirilgan taqdirda, davlat boji manfaatlari ko‘zlanib da’vo taqdim etilgan shaxslardan da’vo talablarining qanoatlantirilishi rad etilgan qismiga mutanosib ravishda undiriladi.
Agar yuqori turuvchi instansiya sudi ishlarni yangidan ko‘rib chiqish uchun yubormay, chiqarilgan hal qiluv qarorini o‘zgartirsa yoki yangi hal qiluv qarorini qabul qilsa, u sud xarajatlari taqsimotini tegishincha o‘zgartiradi.
Oldingi tahrirga qarang.
Ushbu moddada bayon qilingan qoidalar apellatsiya va kassatsiya shikoyatlarini berganda taraflar to‘lagan davlat bojiga ham taalluqlidir.
(138-moddaning yettinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 12-yanvardagi O‘RQ-661-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 13.01.2021-y., 03/21/661/0011-son)
Do'stlaringiz bilan baham: |