O‘zbekiston Respublikasi
xalq ta’limi vazirining
2021-yil ____-_______dagi
_____ -son buyrug‘iga
14-ILOVA
“5 tashabbus - besh imkoniyat” shiori ostida “Qizlarjon” ko‘rik-tanlovi tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ularning ma’naviyatini yuksaltirish, madaniy saviyasini rivojlantirish va sportga jalb etish, axborot-texnologiyalari hamda kitob mutolaasiga bo‘lgan qiziqishlarini uyg‘otish, o‘quvchi-qizlarni ijtimoiy faol hayotga jalb etish, maktabdan tashqari ta’lim muassasalari va darsdan tashqari faoliyat ko‘rsatayotgan turli to‘garaklar, seksiyalar va klublardagi o‘quvchilar qamrovini oshirish hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoev rahbarligida 2019-yil 19-martda o‘tkazilgan videoselektor majlisining 12-sonli bayoniga muvofiq umumta’lim maktablarida “5 tashabbus - besh imkoniyat” shiori ostida “Qizlarjon”
ko‘rik-tanlovi (keyingi o‘rinlarda tanlov deb yuritiladi) o‘tkazish tartibini belgilaydi.
2. Tanlov 2021-yil sentabr-oktabr oylarida xalq ta’limi tizimidagi umumta’lim maktablarida respublika miqyosida o‘tkaziladi.
3. Tanlov 5 ta tashabbus doirasida qizlarni ijtimoiy faol hayotga jalb etish yo‘nalishida tashkil etiladi.
4. Tanlov maktab, tuman (shahar), Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri (final) bosqichlaridan iborat tarzda tashkil etiladi.
2-bob. Tanlov maqsadi va vazifalari
5. Tanlovning maqsadi:
o‘quvchi-qizlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ularni mustaqil hayotga tayyorlashda umumta’lim maktablarining o‘rnini kuchaytirish;
o‘quvchi-qizlar ongiga mehnatsevarlikni, kasb tayyorgarligining dastlabki bilim va ko‘nikmalarini singdirish;
elektron kompyuter sportini rivojlantirish va ommaviylashtirish, o‘quvchilar o‘rtasida do‘stona aloqalarni o‘rnatish, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish;
o‘quvchi-qizlarning ehtiyojlari va qiziqishlariga muvofiq ularning turli soha va yo‘nalishlardagi qobiliyatlarini ruyobga chiqarishni yanada rivojlantirishdan iborat.
6. Tanlovning vazifasi:
umumta’lim maktablaridagi o‘quvchi-qizlar orasidan iqtidorli bolalarni aniqlash, ularni qo‘llab-quvvatlash;
o‘quvchi-qizlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, qadriyat,
urf-odat va an’analarni o‘quvchi-yoshlar ongiga singdirish;
o‘quvchi-qizlarning ijtimoiy faolligini oshirish, innovatsion menejment, marketing va IT texnologiyalaridan foydalangan holda o‘zaro tengdoshlari bilan tajriba almashinuvini tashkil etish;
5 ta muhim tashabbusni joriy etishda faol ishtirok etgan umumta’lim maktablarini munosib rag‘batlantirish hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |