2.Fikrlashning postmodernistik uslubi.
Jahon tarixi fazasida butunning birligi namoyon bo’lib, undan tashqariga chiqib bulmaydi. Demak, K. YAspers xulosalariga ko’ra «Mazkur faza – tarixiy voqelik emas, balki kelajakdagi imkoniyatlarni oldindan payqashdir. SHu sababdan u empirik tadqiqotning predmeti bo’la olmaydi va faqat hozirgi zamondagi borliqni anglash uchun zarur ma’lumotlar mavjud manba sifatida xizmat qiladi»16.
Tarix fazasida Yaspers tomonidan «vaqt o’qi» deb nomlangan davr muhim ahamiyatga ega. Mazkur davrda, ya’ni miloddan avvalgi 800 va 200 yillar o’rtasida tarixda tub burilish ro’y berdi: hozirgi kungacha yashab kelayotgan qiyofadagi inson paydo bo’ldi va insoniyatning ma’naviy asosi shakllana boshlandi. Demak, ana shu davrni jahon tarixining o’qi deyishimiz mumkin17. Ana shu yerda YAspers falsafasining mohiyati ochiladi. Zotan, inson shakliga ega bo’lgach, garchi o’z davriga xos ibtidoiy holda yashagan bo’lsa-da, uning tarixi boshlandi, degan gap. Inson va insoniyat tarixi ilk tasavvurlardan fikrlar va tafakkur olamida ulkan siljishlar yuz bergan insonning vujudga kelishi bilan boshlanadi. Inson tafakkuridagi bunday jiddiy o’zgarishlar, aqliy salohiyatning, intellektual imkoniyatning oshib borishi, buyuk kashfiyotlar qilishning muqaddimasi bu – ilk insonning paydo bo’lishi, rivojlanishi va tobora izchil ravishda shakllanib borishining natijasidir.
Inson o’z kelajagi haqida bashorat qilolmaganidek, insoniyat ham o’z istiqboli to’g’risidagi xulosalarini mutlaq haqiqat deb bila olmaydi. Xuddi shuningdek, fan qanchalik tasdiqlamasin, aniq misollar bilan isbot qilmasin, inson qanday paydo bo’lgani, ilk ajdodlari qanday bo’lganiga qiziqaveradi. Ammo aniq bir to’xtamga kela olmaydi. Masala mavhumligicha qolaveradi. Shuning uchun ham YAspers «Tarixdan avvalgi vaqt ibtidosidagi insoniyatning umumiy boshlang’ich davri biz uchun, hozirgi kunda yer sharida hukmronlik qilayotgan, huquqiy jihatdan tartiblashgan birlikka yetishishi mumkin bo’lgan, moddiy va ma’naviy jihatdan mavjudlikning cheksizligiga intilayotgan insoniyatning kelajagi kabi qorong’udir»18, — deydi.
Bunday qaraganda tarixning biror-bir inqilobiy burilishi fan va texnikaning vujudga kelishi kabi dunyoviy inqilobni vujudga keltirmagan. Ana shu voqeaning o’zi insoniyat hayotini ostin-ustun qilib tashladi va uning butunlay yangi, izchil rivojlanadigan, vaqt o’tgan sari takomillashib boradigan bosqichini boshlab berdi. Zotan. insoniyatning bugun baxtiyorligiyu baxtsizligi, sevinchu iztiroblari, sitamli onlariyu xushnud damlari ana shu fan-texnika taraqqiyoti bilan bog’liq. Fan-texnika inqilobining tarixiy mohiyati haqida gapirar ekan, «Fan jahonga misli ko’rilmagan imkoniyatlar va xavf-xatarlar keltirdi. 150 yildan beri davom etayotgan texnika asri so’nggi yilliklarda gurkirab yuksaldi, uning keyingi jadallashuv darajasini bashorat qilish qiyin. Butun mavjudlikning yangi asoslari yaratildiki, uni inkor etib bo’lmaydi»19, deb xulosa chiqaradi K. Yaspers.
Yaspers qarashlariga asosan yalpi jahon tarixini o’rganish jarayonida inson o’z tarixini o’rganish imkoniyatiga ega bo’ladi. Zotan, har qanday inson yoki jamiyat, ma’lum bir makonda yashayotgan xalq o’z taqdiri va tarixini o’z qobig’i doirasida o’rganishi bir yoqlamalikka yoki milliy mahdudlikka olib kelishi mumkin. Har qanday milliy tarixni o’rganish uchun ham umumiy insoniyat tarixi tadrijiy taraqqiyotiga, rivojlanish omillariga, xususan madaniyatlarning o’zaro ta’siriga alohida e’tibor berish va uni o’rganish lozim. Har bir kishidagi tarixiy tafakkur umuminsoniy taqdir va tarix bilan bog’liq holda rivojlangan, kengaygan holdagina, ma’lum bir hudud tarixi bo’ladimi yo umuminsoniyat tarixi bo’ladimi, uni butun ko’lami va mohiyatini anglash va tushunish imkoniyatiga ega bo’ladi. Qolaversa, har bir hudud yoki mintaqa xalqlari tarixidagi voqelikka tashqi ta’sir, hech bo’lmaganda dunyoviy tafakkur va sivilizatsiya ta’siri bo’lishi muqarrar.
Ya’ni, har qanday hududda yashayotgan ma’lum bir xalq tarixi, albatta, o’sha mintaqa va, qolaversa, umuminsoniyat tarixi bilan bog’liq bo’ladi. CHunki ayni ana shu makonda yuz bergan tarixiy jarayon yoki ma’lum bir voqelik tashqi ta’sir, tabiiy makon va ijtimoiy manfaatlar natijasida ham yuz berishi mumkin. Qolaversa, inson tafakkuri u yashayotgan jamiyatning umumiy tafakkuri, umumiy saviyasining, tinimsiz va tizginsiz almashina- yotgan axborotlar ta’sirida kengayib borayotgan tafakkurning natijasi.
Biz, albatga, bu yerda tarixiy shaxslar, daholar, sarkardalar, yirik olimu ulamolarni nazarda tutmayapmiz. Bu alohida masala. Lekin har qanday jamiyatning umumiy ma’naviy-ma’rifiy saviyasi o’sha jamiyatni tashkil etgan fuqarolar saviyasining va aqliy darajasining umumiy yig’indisidan iborattina emas, balki dunyoviy taraqqiyot yangiliklari va jahon ijtimoiy-siyosiy jarayonlari in’ikosidir. Ana shu fikrlardan kelib chiqib, «tarix falsafasining biz berishga urinayotgan yaxlit konnepsiyasi, — deb yozadi Yaspers, - jahon tarixi doirasida o’z ahvolimizni yoritishga yo’naltiril-gandir. Tarixiy konsepsiyaning vazifasi hozirgi davrni anglashga yordam berishdan iborat. U bizga jahon tarixidagi o’rnimizni aniqlab beradi»20.
Darhaqiqat, jahon tarixining yaxlit ko’lamigina hozirgi — XXI asrda turib yaqin asrlarda yuz bergan ulkan o’zgarishlar, taraqqiyot va tanazzullar, ezguliklar va yovuzliklarning oqibatiga ko’ra, o’tgan besh ming yillik tarixdan ma’lum bo’lgan voqealarga qiyoslab bo’lmasligini, bu sohada misli ko’rilmagan mo’’jizalar va dahshatlar yuz berganini tushunishga imkon beradi.
Boshqacha qilib aytganda, insoniyat tarixiga, uning tadrijiy taraqqiyot bosqichlari va tanazzullariga o’z imkoniyatlarimizni, zafarlari-mizu nuqsonlarimizni solishtirib, o’zimizning ma’naviy-axloqiy, intellektual qiyofamizni ko’ramiz, ustun va ojiz tomonlarimizni aniqlaymiz, ma’naviy qudratimiz, aql-zakovatimiz doirasida tegishli xulosa chiqaramiz.
Insoniyat tarixining izchilligi, tadrijiyligi inson tanasidagi avloddan-avlodga o’tib kelayotgan genlar va unsurlarning bugungi kungacha saqlanganida o’z ifodasini topmoqda. Qadimgi va eng qadimgi ilk ajdodlarimiz ruhiyati hamda fe’l-atvoridagi fazilatlaru nuqsonlar yaxlit holda qaysidir darajada bugun jismimizda yashamoqda. Bu ilk tosh yozuvlardan tortib, hozirgi buyuk kashfiyotlargacha, oddiy ov asboblardan tortib bugungi ommaviy qirg’in qurollari. kosmosni zabt etish, internet, haybatli havo laynerlari va hatto insonni klonlashtirish kabi dahshatli mo’’jizagacha – barcha-barchasi sivilizatsiyaning ulkan, uzundan-uzoq zanji-rini o’zida ifoda etadi. K. Yaspers ana shu hodisadan kelib chiqib: «O’sha davrda sodir bo’lgan, yaratilgan va kashf etilganlar bilan insoniyat hozirgi kungacha yashab kelmoqda. Odamlar o’zlarining har bir intilishlarida vaqt o’qini eslab, unga murojaat etadilar, shu davr g’oyalaridan ilhomlanadilar. Mazkur davrdan boshlab vaqt o’qini xotirlash va uning imkoniyatlarini tiklash — Renessans — doimo ma’naviy yuksalishga olib keladi deb hisoblanadi»21, — deydi.
Yaspers vaqt o’qining sabablarini ielashga harakat qiladi, biroq uning mohiyatini, kelib chiqish omillarini, manbalarini aniqlay olmasligini tan oladi va «hech kim bu yerda nima sodir bo’lganligini, jahon tarixining o’qi qanday paydo bo’lganligini to’liq anglay olmaydi! Biz bu bosqichni hamon chuqurlashib borayotgan sir sifatida eslab turish maqsadida ushbu tub burilish davrining tarixini yozishimiz, uning turli jihatlarini ko’rib chiqishimiz, ahamiyatini izohlab berishimiz lozim»22, deydi.
Darhaqiqat, olamning paydo bo’lishi kabi odamning paydo bo’lishi ham hamon fan olamida munozarali mavzu. Garchi bu boradagi diniy va dunyoviy qarashlarda ma’lum darajada xulosalar mavjud bo’lsa-da, u mutlaq haqiqat ham emasday tuyuladi kishiga.
A. Ivin xulosalariga ko’ra, Yaspers insoniyat tarixining to’rt geterogen davrini ajratib ko’rsatadi: Prometey davri (nutqning, mehnat qurollarining paydo bo’lishi, olovdan foydalanishni o’rganish davri), uzoq o’mishning yuksak madaniyatlari davri, inson borlig’ining ma’naviy asoslari davri (vaqt o’qidan boshlanuvchi bu davrda o’z ma’naviyati bilan olamga yuz ochgan haqiqiy inson shakllangan) va texnika taraqqiyoti davri.
Insoniyat tarixida, shunday qilib, ikki bosqich kuzatiladi. Birinchisi, Prometey davridan uzoq o’tmishning yuksak madaniyatlari orqali o’tib, barcha oqibatlari bilan birgalikda vaqt o’qiga olib boradi. Ikkinchisi, insoniyat tarixidagi ikkinchi prometey davridan, fan va texnika davridan boshlanadi va ehtimol, yangi, hali olis va ko’rinmas ikkinchi vaqt o’qiga, insonning haqiqiy yuksalishiga olib kelishi mumkin. Mazkur ikki bosqich o’rtasida muhim farqlar bor. Ikkinchi bosqichda biz tarixiy tajribaga ega bo’lamiz; agar birinchi bosqich davri bir nechta yonma-yon harakat qilayotgan qismlarga bo’lingan bo’lsa, ikkinchisi insoniyatni yaxlit holda qamrab oladi. Ikkinchi bosqich qanday bo’lishini tasavvur qilib bo’lmasa-da, u komil insonning yaratilishi bilan tugaydi deb taxmin qilish mumkin23.
Inson tafakkuri kengayib borgani sayin uning yangidan-yangi imkoniyatlari paydo bo’laveradi, faoliyat doirasi kengayib, ochilmagan qirralari ochilib boradi. Bu o’tmishimizda yuz bergan tarixiy taraqqiyot va uning oqibatlarida yaqqol ko’rinadi.
Lenin boshchiligidagi zo’ravonlik bilan o’rnatilgan imperiya tazyiq, tahdid va qo’rquv orqali jamiyatni boshqarish tamoyilini to’la amalga oshirdi. Ketma-ket davom ettirilgan repressiyalar xalq ommasi aqliy qatlamini – elitasini, intellektual boyligini yo’q qildi. Natijada qo’rquv bilan yashaydigan avom xalqdan iborat bedavo jamiyatni vujudga keltirdi. Yoki diniy ekstremizm va xalqaro terrorizmning dunyo miqyosida xuruj qilayotgani, ular keltirayotgan mislsiz fojialarning shakllari, usullari doirasi tobora kengayib ketayotgani ularning kasbiy mahorati va tajribalari oshib borayotganini ko’rsatmaydimi? Aslida esa ezguliklar, buyuk kashfiyotlar qanchalik aql mahsuli bo’lsa, yovuzliklar va beqiyos xunrezliklar ham aql orqali amalga oshirilgan salbiy hodisalardir. Darhaqiqat, bugun olamni ostin-ustun qilayotgan, insoniyat boshiga mislsiz kulfatlar keltirayotgan, dahshatu vahshatlarga to’la buzg’unchi g’oyalar faqatgina aqidaparastlik, fanatizm illatlari emas, balki aqidaparastlik «balosi» hamdir. Faqat ana shu hodisalarni amalga oshirayotgan kamikadzelar esa o’zligini unutgan zombilar bo’lishi mumkin, xolos.
Ana shunday holatdan kelib chiqib, K. Yaspers «Bu konsentratsion lagerlarning real voqeligi, bu azoblovchilar va azoblanuvchilar doirasidagi kelishilgan harakat, inson ma’naviy qiyofasining bunday yo’qolishi barchaga halokat tahdidini soluvchi kelajak imkoniyatlaridan darak beradi... ushbu havf atom bombasidan ham qo’rqinchli, chunki u inson qalbiga tajovuz qiladi»24, deydi.
Bir qarashda Yaspers sivilizatsiya oqibatlarini, fan-texnika taraqqiyoti natijalarini tushkunlik bilan qabul qilganday ko’rinadi. Biroq uning qarashlarida yuksak ko’tarinkilik, optimistik ruh yaqqol ko’zga tashlanadi. Xususan, insoniyat kelajagi to’g’risida gapirar ekan, har qanday sivilizatsiya tasodifiy hodisa emas, aksincha, insonning aql-zakovati, fe’l-atvori mahsulidir, degan xulosaga keladi. O’tmishda yuz bergan barcha yutuqlar bilan birga tanazzullar va fojialarni butun ko’lami bilan anglab yetish, undan zarur xulosalar chiqarish, buning uchun esa tiniq va keng qamrovli tafakkur kerakligini uqtiradi va, jumladan, shunday deydi: «O’tmishning fojialarini unutishga yo’l qo’ymaslik kerak. Negaki, bizdagi qo’rquv o’tmishda sodir bo’lgan voqealar qaytarilishi, tarqalishi, butun dunyoni qamrab olishi mumkinligi tufayli paydo bo’ladi. Biz havf bilan faol kurashga aylanuvchi ushbu qo’rquvni saqlashimiz lozim»25.
Shunday qilib, G`arb tarix falsafasi XVIII asrdan keyin jahon tarixini o’rganishning misli ko’rilmagan metodologik asosini yaratdi. Bu bevosita butun ko’lami, ilmiy-nazariy yaxlitligi, inson va uning mohiyati, insoniyat tarixi taraqqiyoti tajribalari haqidagi Sharq mutafakkirlari ilmiy-metodologik qarashlarining, falsafiy yo’nalishlari va g’oyalarining yangi sivilizatsiyaviy shakli sifatida o’zini namoyon etdi. Zotan, Gapb mutafakkirlaridan biri «Nur – SHarqdandir» degan edi. Bu dono bashorat har ikki ma’noda – hayot manbai bo’lgan quyoshning Sharqdan chiqishiga, tafakkur manbai bo’lgan aql-idrok, daholik quvvati va zakovat mo’’jizasi ham Sharqda yuz bergani va keyinchalik butun insoniyatni zabt etganiga haqqoniy ishora edi!
Hozirgi dunyo tarixni o’rganishda yangicha qarashlarni taqozo etmoqda. Insoniyat tarixini hozirgi sivilizatsiya talablari nuqtai nazaridan baholash, o’tmishga bugungi kun ehtiyoji bilan qarash zaruratga aylandi. Bu bejiz emas. Zotan, yangi yuz yillik, yangi ming yillik insoniyat tarixining yangi davrini – kutilmagan ziddiyatlar, qarama-qarshiliklar, ezgulik va yovuzlik o’rtasidagi ayovsiz kurashlarning yangi bosqichini boshlab bermoqda. Bu bevosita dunyoviy tafakkurning tobora shakllanib borayotganligi, insonning hayot falsafasi keskin yangilanayotgani bilan bog’liq bo’lgan keng miqyosli, global ahamiyat kasb etayotgan ma’naviy-ma’rifiy, axloqiy-ruhiy jarayonni qamrab oladi.
Falsafa tafakkur mahsuli sifatida ayni ana shu jarayonlarning inson aql-idrokidagi in’ikosi yoki aksincha, yangilanayotgan olam ta’sirida o’zgarayotgan, yangilanayotgan qarashlarining mahsuli o’laroq yangicha tafakkur tarzi dunyoga kelmoqda.
Ehtimolki, bu Arnol’d Toynbi «XX asrda yalpi jahon tarixi boshlanadi», degan mashhur da’vatining yangi yuz yillik ostonasidagi amaliy ifodasidir. Darhaqiqat, bugungi dunyo «umumiy xonadon», «umumiy makon» taqdiri bilan bog’liq holda insoniyat kelajagiga daxldor bo’lgan intilishlar, maqsadlar va manfaatlar integratsiyasini vujudga keltirmoqda. Bu bevosita jahon tarixini o’rganishning yangi davrini, yangi bosqichini boshlab bermoqda. Demak, xalqlar, mamlakatlar tarixi tobora daxldorlik, bir-biriga bog’liqlik kasb etmoqda. Har qanday millat yoki makon tarixiy taqdiri global mohiyat kasb etmoqda va umumplanetar jarayon sifatida umumsayyoraviy hayotning yalpi mazmuniga aylanmoqda.
Umuman olganda g`arb falsafasida asosan ikki yo’nalish mavjud bo’lib, birinchisi – olamni anglash va uni tushuntirishda tafakkur imkoniyatlaridan foydalanish, dunyoni ratsional talqin etish va u haqdagi tasavvurlarni ilgari surish bo’lsa, ikkinchisi – inson hayoti, uning mazmuni, insonning iroda qudrati, mavjudligi, mohiyati va boshqa fazilatlarni o’zida mujassam etgan qadriyatlar tizimi haqidagi qarashlardir.
Aslini olganda bunday qarashlar garchi bir-biriga zid bo’lsa-da parallel ravishda takomillashib, bir-birini to’ldirib, bir-biriga ta’sir ko’rsatib bormoqda. Ratsionalistik va irratsionalistik oqimlar deb nomlanadigan falsafiy fikr yo’nalishlari ana shu tarzda rivojlanib bormoqda. Bu tabiiy hol. CHunki har qanday taraqqiyot qarashlar to’qnashuvi, fikrlar xilma-xilligining in’ikosidir.
Insoniyat tarixiga yondashishning va uni falsafiy idrok etishning hozirgi zamon usullaridan biri germenevtik tafakkur tarzidir. Falsafiy atama sifatida germenevtika atamasini atoqli nemis faylasufi Hans – Georg Gadamer fanga olib kirdi. U olamni falsafiy anglash, dunyoni falsafiy idrok etish orqali insoniyat tarixini baholash va uni anglashda o’ziga xos yo’nalishni boshlab berdi. Zotan, tarixni germenevtik falsafiy talqini bu bevosita o’tmishni talqin qilish, anglash qobiliyati darajasi sifatida qabul qilinadi. Gadamer germenevtika falsafasining predmetida tarixiy voqelikni tushunuvchi – tadqiqotchi aniq dalillar va umumiy tasav- vurlar yig’indisidan iborat bo’lmay, insoniyatning universal bilimlari orqali shakllangan matnni anglash, mohiyatiga kirib borish, falsafiy-mantiqiy, ma’naviy-axloqiy tushunchalar, ruh va hissiyot asosiy o’rin tutadi.
V. Dil’te tarixni germenevtik talqin etishda o’ziga xos yondashadi va boshqacha g’oyani ilgari suradi. Uning xulosalariga ko’ra tarixni tushunishning asosiy muammosi uning mohiyatini intuitiv holda his qilishdir. Albatta, har qanday insonda qaysidir darajada intuitsiya – his qilish qobiliyati bo’ladi. Faqat insongina intuitsiya orqali his qilingan ruhiy holatni fikrga, tasavvurga aylantira olish imkoniyatiga ega. Faqat ugina olamni tushunishda, voqea-hodisalarni talqin etishda, qandaydir xulosalar chiqarishda va bashorat qilishda intuitsiya imkoniyatlaridan foydalana oladi. Ana shunday qobiliyat tarixchi uchun muhim fazilat, imkoniyat hisoblanadi. Zotan, tarixchi tarixiy jarayonlar sabablari va oqibatlarini prognozlashda intuitsiya imkoniyatlaridan, his kila olish qobiliyatidan foydalanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |