5-MAVZU: Yevropa mamlakatlarining Yangi davr tarix falsafasi va metodologiyasi
Asosiy savollar:
Ilmiy tarix. “Tarixiy idrok tanqidining”yakunlari.
Fikrlashning postmodernistik uslubi.
3. Nemis tarix falsafasi
Mavzuga oid tayanch tushuncha va iboralar: Ilmiy tarix. “Tarixiy idrok tanqidining” yakunlari. Fikrlashning postmodernistik uslubi. “Hayot falsafasi” paradokslari. F. Nitsshe. A.Bergson evolyutsionizmi. Neokantlik tarixiy nominalizmi. Neokantlikning Baden maktabi: V. Vindel’band, G. Rikkert. Tarix va ratsionallik. M. Veberning “tushunuvchan sotsiologiyasi”. Neogegel’yanlik. B. Krone: Tarix va falsafa. Tarix va tabiat. Tarix muxtoriyati. R. Dj. Kollingvud. Neopozivitizm tarixiylik bilan bahsda. K.Popper “tarixiylik qashshoqligi”. V. B. Galli, A. K. Danto. X. Feyn. Lokal sivilizatsiyalarning tarixiy konsepsiyalari. O.SHpengler “Evropaning botishi (tugashi)”. A. Toynbi. Tarixga ekumenistik qarash. P. Sorokin. Inson, sivilizatsiya, jamiyat. Tarixning ekzistensional falsafasi. M.Xaydegger va X.G.Gadamerning ekzistensional germenevtikasi. X.Ortegisi va Gassetning ratsiovitalizmi. Diniy ekzistensializmda tarixning maqsadi va manbai. K.Yaspers N.Berdyaev tarixiy falsafasi. Psixoanalitik (ruhiy-tahliliy). Antropologiya va tarix. Z.Freyd, K.G.Yung, E.Fromm. Frankfurt maktabi: “idrokning repressivligi” haqidagi afsona. T.Adorno. G. Markuze. M. Xarkxaymer. Fransuz tarixiy maktabi: “Annallar”. L. Fevr, M. Blok, F.Brodel’. Y. Xeyzingning madaniyatshunosligi. Fransiyada “YAngi falsafa”. J. M. Benua, B. A. Levi, A. Glyuksman. Neotomistik tarix falsafasi. F. Mariten, P. Teyyar de SHarden. Neoprotestant tarix falsafasi. R. Nibur. P. Tillix. Tarixning biologik talqini. L. N. Gumilevning etnogenez nazariyasi
1.Ilmiy tarix. “Tarixiy idrok tanqidining”yakunlari.
Yevropada tarix falsafasi yuqorida aytganimizdek, falsafaning muhim yo’nalishi sifatida XVIII asrlarda yuzaga keldi. Bu paytga kelib tarixni falsafiy idrok etish ijtimoiy fanlar doirasida ilmiy-nazariy tadqiqotning butunlay yangi bosqichi darajasiga ko’tarildi. Tarix falsafasi atamasi birinchi marta 1765 yili Vol’ter tomonidan ilgari surildi va tarixshunoslik, jamiyatshunoslik, demografiya, etnografiya hamda falsafa fanlarining umumiy va uzviy bir qismi sifatida butunlay yangi yo’nalishni ochib berdi. I. G. Gerder tadqiqotlarida tarix falsafasining fan sifatidagi aniq yo’nalishlari belgilab berildi.
Tarix falsafasi taraqqiyotida Gegel’, O. Kont, M. YA.Danilevskiy, O. SHpengler, A. Toynbi, P. A. Sorokin, K. Yaspers, K. Popper va boshqalar beqiyos hissa qo’shdilar.
Keyingi yuz yilliklarda jahon tarixini o’rganish, uni tadqiq etishda sivilizatsiyaviy yondashuv tendensiyasi ustuvorlik qilmoqda. Bu Osval’d SHpengler falsafasining Arnol’d Toynbi tomonidan davom ettirilganligi va lokal sivilizatsiya nazariyasi mumtoz shaklining vujudga kelganligi bilan belgilanadi.
Darhaqiqat, Toynbi «Mashhur sivilizatsiyalar soni unchalik ham katta emas, bizga faqat yigirma bitta sivilizatsiyaga bo’lish mumkin bo’ldi. Biroq ularni davom ettirish mumkin. Turli xalqlar, davrlar va mamlakatlarda o’ziga xos turli rivojlanish hodisalari yuz bergan. Biroq har tomonlama mustaqil va jiddiy sivilizatsiyalar soni undan ortmaydi»1, — deydi. Toynbi shunday qilib yigirma bir sivilizatsiya hodisasini e’tirof etadi. Ular qatoriga Arab, Xitoy, SHumer, Mayam, Hind, Ellin, G`arb, Xristian (Rossiya), Uzoq SHarq (Koreya va YAponiya), Eron, Misr, Arab, Meksika, Vavilon va boshqa sivilizatsiyalar kiradi. Ana shu sivilizatsiyalarni tadqiq etish natijasida A.Toynbi «...Tabiiy muhitdagi va odamlar tegrasidagi yashash sharoitlarining og’irligi sivilizatsiyaning vujudga kelishiga sabab bo’ladi»2, - degan xulosaga keladi.
Demak, har qanday sivilizatsiya ehtiyoj farzandi. U umumiy manfaatlar ifodasi sifatida yaxlit xalq, mamlakat, hudud taqdiri bilan bog’liq bo’lgan taraqqiyot omillarini qamrab oladi va zarurat darajasiga ko’taradi.
A.Toynbining tarix falsafasini tahlil etar ekan, A.A.Ivin uning butun mohiyatini, qarashlar silsilasini quyidagicha bayon qiladi: «Da’vatlarning besh xili mavjud: qattiq iqlim da’vati, yangi makonlar da’vati, tashqaridan keluvchi kutilmagan zarbalar da’vati, doimiy tashqi bosim da’vati hamda cheklab qo’yish da’vati. Bunda jamiyat hayotiy zarur bo’lgan narsasini yo’qotib, o’z kuch-quvvatini ushbu yo’qotishning o’rnini to’ldiruvchi xususiyatni ishlab chiqishga yo’naltiradi. Mazkur barcha holatlarda «Da’vat qanchalik qudratli bo’lsa, rag’bat ham shunchalik kuchli bo’ladi» degan qoidaga asoslangan ijtimoiy qonun amal qiladi. Birok, da’vat o’zining o’ta keskinligi bilan farqlanadigan bo’lsa, u idrok etish darajasidan chiqib ketib, samarali rag’bat bo’lolmaydi»3.
Toynbi konsepsiyasi bo’yicha texnika rivojlangani sari sivilizatsiya sustlashadi va, hatto, inqirozga uchraydi yoki aksincha – texnika rivojlan-magan paytda sivilizatsiya dinamik tarzda rivojlanadi. Chunki bunday sharoitda taraqqiyotga ehtiyoj kuchli bo’ladi. Zotan, har qanday izlanish va ijodkorlik talab va ehtiyojdan kelib chiqadi. Ehtiyoj qondirilgach, maqsadlar ro’yobga chiqa boshlagach insonda tabiiy ravishda qoniqish hissi va yengil yashash kayfiyati ustuvorlik qiladi.
Sivilizatsiyaning rivojlanishi bu bevosita ozchilikni tashkil etgan ijodkorlar yoki alohida shaxslar faoliyatining natijasidir. Toynbining fikricha, har qanday sharoitda ham ijodkor shaxslar, yaratuvchilar ozchilikni, alohida qatlamni tashkil etadi. Biroq ayni ana shu ozchilik yangi hayotning mohiyatini belgilab beradi. Har qanday o’sib borayotgan sivilizatsiya, hatto u ommaviylashgan jamiyatni jonlantirib yuborgan paytda ham, xalq ommasi stagnatsiya holatidan chiqa olmaydi.
Albatta, bunday qarashlarda qaysidir darajada asos bor. Jamiyatda hech qachon butun xalq ommasi teng ravishda aqliy salohiyatga, ijodiy imkoniyatga, yaratuvchilik iste’dodiga ega bo’la olmaydi. Bu tabiiy hol. Jamiyatni tashkil etgan alohida-alohida odamlar har birining fiziologik va biologik kamolot darajasiga qarab o’ziga xos aqliy salohiyati, intellektual imkoniyati bo’ladi. Ana shu jihatdan qaraganda kishilik jamiyati taraqqiyoti hamma vaqt fuqarolarning ijodiy va yaratuvchilik imkoniyati, ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga nechog’lik ishtiroki va bu ishtirokning qay darajadagi samarasi bilan ham bog’liq.
Albatta, har bir inson o’z vazifasi, kasbu kori, kasbiy salohiyati va bajarayotgan ishi bilan, xohlaymizmi yo’qmi, jamiyat taraqqiyotiga hissa qo’shadi. Biroq umumiy jamiyat ravnaqini belgilaydigan, uni ta’minlay-digan, butunlay yangi o’zanlarga burib yuboradigan, jiddiy tarixiy siljishlarga da’vat etadigan, boshqacha qilib aytganda, yangi sivilizatsiya davrini boshlab beradigan qatlam ozchilikni tashkil etadi. Bu o’z-o’zidan yaratuvchilar, bunyod etuvchilar elitasini tashkil qiladi.
Umuman olganda, sivilizatsiyalar o’z mohiyati, yuzaga kelish shakli va insoniyat taraqqiyotiga ko’rsatgan ta’siri bilan alohida farq qiladi. Jumladan, sivilizatsiya YUnonistonda nafosat, Hindistonda din, yevropada moddiy-texnika taraqqiyoti, O’rta Osiyoda esa axloq ko’rinishida yuzaga keldi. SHuning uchun ham oradan necha asrlar, ming yilliklar o’tmasin, bugungi kunda ham yunon yurtida go’zallikka intilish, nafosatga oshuftalik, san’at va madaniyatga ixlosmandlik va uni qadrlash, shu orqali o’zining ma’naviy ehtiyojlarini qondirish fazilatlari ustuvorlik qiladi. Yunon taraqqiyotida nafosat va go’zallik, san’at va madaniyat hal qiluvchi, yo’naltiruvchi, jamiyatni harakatga keltiruvchi vositaga aylangan. Bugungi kunda ham ana shu hudud xalqlari turmush tarzida, dunyoqarashida, ruhiyatida fe’l-atvorida bunday xislatlar yorin namoyon bo’lmoqda.
Hindistonda esa hozirga qadar aqidalarning turlichaligi, diniy qarashlarning xilma-xilligi, e’tiqodlar va ma’naviy-ruhiy ehtiyojlarning diniy vositalar orqali qondirish kayfiyati ustuvorlik qiladi. Kim nimaga e’tiqod qo’ysa, uning uchun Xudo o’sha.
TSivilizatsiya yevropada ancha kechroq _ XVII—XVIII asrlarda yuzaga kelgan. Bu bevosita kam mehnat sarflab, ko’p narsaga erishish, ishlab chiqarishni mexanizatsiyalash orqali mehnat samaradorligini oshirishga bo’lgan intilish, ruslar iborasi bilan aytganda «oyoq bilan emas, kalla bilan ishlash»ga ehtiyoj moddiy-texnika taraqqiyotiga asos bo’ldi. Ana shu makonda ilk 6yg’ mashinalari, velosiped va boshqa mexaniq, texnik vositalarning yaratilishi bunga yaqqol misol bo’la oladi. Natijada axloq va ma’naviyatdan moddiy manfaatdorlikning ustun bo’lishiga olib keldi.
Qadimiy Movarounnahrda esa sivilizatsiya axloq shaklida yuzaga keldi. Natijada ezgulik bilan yovuzlik, yaxshilik bilan yomonlik, muhabbat bilan nafrat o’rtasidagi kurashda ezgulik, yaxshilik va muhabbat tantanasi singari ma’naviy-axloqiy mezonlar doirasida hayot falsafasi, hayot mantig’i va inson olamining barcha qirralari qamrab olingan. Yaxlit inson fenomeni mohiyatini o’zida mujassam etgan ma’naviy-axloqiy mezonlar, tartib va me’yorlar bu sivilizatsiyaning asosini tashkil etadi.
Ilk xalq og’zaki ijodi namunalari bo’lgan «Alpomish», «Guro’g’li», «Kuntug’mish» va boshqa qator dostonlarni nazarda tutsak, qadimiy Xorazmda dunyoga kelgan ilk madaniy yodgorlik – «Avesto»dagi g’oyat insonparvar g’oyalarni inobatga olsak, bunga yaqqol guvoh bo’lamiz. Zotan, «Avesto» dagi ko’pxudolilikka, turli mayda qabila va urug’lar o’rtasidagi har xil nizolarga, to’qnashuvlarga barham berib, yakka xudolikka da’vat etish g’oyasi insoniyatni umumiy manfaatlar atrofida birlashtirish kabi g’oyat yuksak darajadagi ezguliklar, jumladan, ezgu xayol, ezgu fikr, ezgu amal tamoyili, o’ylaring, aytayotgan gaping va bajaradigan ishing bir bo’lishi kabi yuksak darajadagi axloqiy mezonlar bugun ham ana shu hudud xalqlari ma’naviy ehtiyojiga aylanib qolgan. «Avesto»ning jahon sivilizatsiya-sidagi misli ko’rilmagan qadriyati yana shundan iboratki, u tarqoq yashash prinsiplariga nuqta qo’yib, jamoa bo’lib yashash qonuniyatlarini ilgari surdi va jamoachilik tendensiyasi orqali ilk tizimli boshqaruv usullari va dastlabki davlatchilik elementlarining dunyoga kelishiga katta zamin yaratdi.
Ayrim g`arb olimlari insoniyat tarixini sivilizatsiyalar oqimida ko’radi. Uning taraqqiyoti, rivojlanish omillari bevosita inson tafakkuri va yaratuvchilik ishtiyoqi bilan bog’liq degan fikrni bildirishadi. Jumladan, A.Toynbi sivilizatsiya hodisasiga jiddiy e’tibor bilan qaraydi.
Albatta, sivilizatsiyalar davri bir necha yuz yilliklarni qamrab oladi. Bir inson bunga guvoh bo’lishi mumkin emas. Tarixiy taraqqiyotning achchiq saboqlaridan biri shundaki, sivilizatsiya o’zining eng yuksak cho’qqisiga chiqqan davrlarda yashayotgan inson ham uni butun ko’lami bilan idrok eta olmaydi. Uning nazarida xuddi ota-bobolari ham shunday yashaganday, uning keyingi avlodlari ham xuddi shunday yashashi muqarrarday tuyuladi. Bunday paytda tarixchi tarixiy jarayon dinamikasini, rivojlanish bosqichlarini aniq-ravshan idrok etishga harakat qilsa-da, uning ham yalpi sivilizatsiya tub mohiyatini butun salmog’i bilan yaxlit ifoda qilishi ancha qiyin. Ana shu hayotiy qoidani tadqiq qilar ekan, «Alohida individning yashash davriga nisbatan, - deb yozadi A.Toynbi, - sivilizatsiyaning yashash davri shunchalik kattaki, undan yetarli darajada uzoqlashgandagina bu davrni o’lchashga umid qilish mumkin. Bunga faqat o’lgan jamiyatni tadqiq etish bilan erishiladi. Tarixchi o’zi yashayotgan jamiyatdan hech qachon butunlay ozod bo’la olmaydi»4.
Toynbining tarix falsafasiga muvofiq jamiyat taraqqiyotining asosiy mexanizmi sifatida elita va xalq ommasi o’rtasidagi munosabatlar mushtarakligi, faoliyat uyg’unligi alohida o’rin tutadi. Bunday yuksak darajadagi yalpi hamkorlik va o’zaro tushunish bevosita ma’lum bir jamiyat moddiy va ma’naviy madaniyatining nechog’lik yuksakligiga, axloqiy me’yorlarining birmuncha yetukligiga, aholi turli tabaqalarining ma’naviy-ma’rifiy darajasi balandligiga bog’liq. Darhaqiqat, jamiyatni tashkil etgan har bir fuqaro ma’naviy ehtiyoji, uning hayot mazmuni va istiqbol rejalari umumjamiyat manfaatlariga qanchalik mos bo’lsa, taraqqiyot shunchalik tezlashadi. Jamiyatning aqliy salohiyatini belgilaydigan, uni harakatga keltiruvchi kuch sifatida o’zini namoyon etgan elita esa bevosita o’z qarashlarida, ilgari surayotgan g’oyalarida umumjamiyat manfaatlarini aks etmog’i shart.
Toynbi tarixiy taraqqiyotda va umuminsoniyat o’tmishida sivilizatsiya bevosita insonga bog’liq va ma’lum bir davr taraqqiyoti o’sha davr kishilarining aqliy imkoniyati, intellektual salohiyati va tafakkur darajasini belgilaydi, degan g’oyani ilgari suradi. Shuning uchun ham qaysidir davrda taraqqiyot yuksak cho’qqiga chiqadi, qaysidir davrda u tanazzulga uchraydi. Chunki oldingi davr taraqqiyotining eng yuqori nuqtasidan turib ilgariga siljish, uni davom ettirish, rivojlantirish uchun keyingi davr odamlari ham o’sha davrda yashagan ajdodlari singari yuksak intellektual salohiyatga ega bo’lmoqlari lozim.
Inson imkoniyatlari qanday yondashishga qarab ham cheksiz, ham cheklangan. Demak, u nisbiy voqelik. SHuning uchun ham inson ba’zan mo’’jizalar yaratib, aql va tafakkur cheksizligini ko’rsatsa, ba’zan eng oddiy hodisalarni bari bir tabiiy ravishda cheklangan bo’ladi. CHunki olam cheksizligi aql cheksizligidan ko’ra uzoqroqdir. Boshqacha qilib aytganda aql tashqi olamga nisbatan cheklangan va u olam ichra olam sifatida voqea-hodisalarni o’z imkoniyatlari doirasida qabul qiladi, idrok etadi, ular atrofida mushohada yuritadi. Odam o’zi bilmagan holda tasavvur qilish qobiliyati, idrok etish imkoniyatlari pasayib yo rivojlanib borayotganini o’z vaqtida anglamasligi mumkin. YOki qaysidir tarixiy, ijtimoiy, siyosiy sabablar tufayli taraqqiyot yo’nalishlari tarqoqlashib, o’zanini o’zgartirib yuborishi hollari ham yuz beradi. Deylik, urushlar, turli milliy va diniy nizolar, iqtisodiy va ijtimoiy manfaatlar o’rtasidagi kurashlar, ziddiyatlar va qarama-qarshiliklar avj olgan davrlarda yalpi taraqqiyot uchun imkon qolmaydi. Natijada, mavjud yutqlar ham esdan chiqarilib, mayda manfaatlar atrofidagi ziddiyatlar kuchayib boraveradi.
Umuman olganda Arnol’d Toynbining tarix falsafasi tarixni anglash, uni tushunish va baholash, insoniyat o’tmishini yangicha qarashlar asosida o’rganish sohasida o’ziga xos maktabga aylandi.
Anglo-fransuz tarix falsafasida insoniyat tarixini antropologik tadqiqotlar orqali o’rganish tendensiyasi ko’zga yakdol tashlanadi. Ular xalqlarning etnik xususiyatlari, kelib chiqishlari, turli tarixiy bosqich-lardagi rivojlanish omillari asosida tarix falsafasini yaratish yo’lidan borishdi.
Anglo-fransuz tarix falsafasining o’ziga xos jihatlaridan yana biri, Karl Popper ta’kidlaganidek, essensializmdir. Popperning xulosasiga ko’ra «Essensializm metodologik makgabiga har qanday ilmiy tadqiqot hodisalar mohiyatiga asoslanmog’i lozimligini o’rgatgan Aristotel’ asos solgan edi»5. Demak, ingliz tarix falsafasining ushbu metodologiyasi qadimiy yunon falsafasidan kelib chiqqan va undan bahra olgan.
Fransuz ratsionalistik va madaniy falsafasini yaratish o’z davrida hamma vaqt, hamma joyda dolzarb tadqiqot ob’yektiga aylandi. yevropa sivilizatsiyasiga mos keladigan va asoslangan, unga xizmat qiladigan tadqiqotlarni fransuz tarixchilari va faylasuflari ayni ana shu antropologik asoslarni qidirish, insoniyatning evolyutsion taraqqiyotida tarixning xususiyligi va umumiyligi jihatlariga katta e’tibor berishadi. Jumladan, har bir etnos yoki xalqning kelib chiqishi, shakllanishi, rivojlanish bosqichlari asosida jahon tarixi taraqqiyoti evolyutsiyasini o’rganishga va uni umuminsoniy qadriyat darajasiga ko’tarishga harakat qilishdi.
Fransuz sivilizatsiyasi va madaniyatida an’anaviy ravishda har bir davrning o’ziga xos talablari va ehtiyojlari asosida inson omiliga e’tibor berish va insonning ichki imkoniyatlari, yaratuvchilik, bunyodkorlik qobiliyatlari orqali insoniyat taraqqiyotiga hissa qo’shish omillarini jiddiy ravishda o’rganishdi. Insoniyat taraqqiyoti darajasi anglo-fransuz jamoatchilik tafakkurining shakllanishiga asos bo’lishini va ayni paytda bu milliy taraqqiyotda tayanch, muhim omil, shu bilan birga insoniyat taraqqiyotiga kuchli ta’sir etuvchi vosita sifatida talqin etildi.
Fransuz konstruktiv tarix falsafasining asoschilaridan biri R. Dekart «Fikrlayapman, demak yashayapman» degan fikri orqali insonni tafakkur manbai sifatida biladi va uning tafakkur tarzi aynan aql va zako orqali yashash, istiqbolga erishish tuyg’ularini o’zida mujassam etgan jonzot degan xulosa chiqarishga olib keladi. Zotan insonning butun mohiyati aqlda, eng oliy qadriyati fikrlay olishida, his qilishida, tuyg’ular va hissiyotlar olamida yashashida. Dekartning fikricha, inson hamonki fikrlayapti ekan, demak, u insonligicha qolaveradi. Aksincha, u fikrlashdan qoldimi, mavjudligini yo’qotadi, zoologik mohiyat kasb etadi.
Dekart ikkita qarama-qarshi substansiya – tabiat va ruh o’rtasidagi holatga alohida e’tibor beradi. Uning fikricha, tarixiy jarayon bu faqat o’tmish haqidagi hisobot emas, aksincha, u inson aql-zakovatining, manfaatlar va qiziqishlarining natijasi va in’ikosidir.
Dekartning tarix falsafasini o’rganish asnosida inson va jamiyat, inson va tabiat o’rtasidagi munosabatlar xususida fikr yuritar ekan, P’yer SHonyu «hayotimning har bir lahzasi – bu tanlov, qaysiki mening sirli «men»imdan kelib chiqadigan mohiyat. Men — shunchaki ozodlik emas, balki, ekzistensial nuqtai nazaridan qaraganda o’zini o’zi bunyod qilayotgan ozodlikdir»6, degan edi.
Fransuz ma’rifatparvarlarining tarix falsafasi insonning o’z ichki imkoniyatlarini maqsadlar ro’yobi sari safarbar etish orqali o’z taqdirining xo’jayiniga aylanishi kabi uyg’onish va shakllanish jarayonini o’zida ifoda etadi. Buning uchun insonning irsiy imkoniyatlari va xotira maydoni alohida ahamiyat kasb etadi. Ana shu axloqiy va estetik olam o’rtasidagi dramatik holatlar, o’zaro qarama-qarshiliklar, tafakkurdagi o’zgarishlar jarayonining murakkabligi ma’naviy dunyoqarash va estetik tafakkur o’rtasidagi o’zaro mutanosibliklar fransuz ma’rifatparvarlari falsafasining antropologik asoslarini tashkil etadi. SHu bilan birga ular ayni ana shu holatlar yevropa sivilizatsiyasining tarixiy taqdirini belgilaydi, degan fikrni bildirishadi.
Ma’rifat davri va undan keyingi fransuz inqilobi davrida tafakkurning antologik maqomi keskin oshdi. Natijada dunyoqarashlarning ratsional imkoniyatlarini yana ham chuqurroq o’rganish imkoniyati tug’ildi. Bu paytta kelib P. Gol’bax, Didro, Russo, Vol’ter, Gel’vetsiy va boshqalar tarixni anglash hamda tarixiy tafakkurning yangidan-yangi yo’nalishlarini ishlab chiqdilar.
YUqorida nomlari zikr etilgan faylasuflar va ularning qator izdoshlari Dekartning tarix falsafasiga suyanib antropologik kelib chiqish va shakllanish qonuniyatlari orqali taraqqiyot g’oyasini ilgari surdilar. Ularning fikricha, inson tabiati har qanday davrda ham o’zgar- masdir. Faqat uning aql-zakovati, tafakkuri rivojlanadi. Insonning o’zini o’zi anglashi, tajriba va mahorati uzluksiz, tadrijiy tarzda oshib boradi.
Fransuz romantik tarix falsafasi (F. Gizo, O. T’yerri, J. Mishle) pozitivizm (O. Kont, E. Laviss) yo’nalishlari ham o’ziga xos tafakkur tarzi sifatida anglo-fransuz tarix falsafasida alohida mavqega ega.
Insoniyat tarixining antropologik omillar orqali o’rganish pozitivizm falsafasida o’z aksini topgan. Bu g’oyalar bevosita tarixning ijtimoiy-darvinistik, irqiy-antropologik va biologizatorlik konsepsiyasi jihatlarini o’rganishda Fransiyada Lamark, Kabanis, Demulen, Gobino va boshqalar o’z qarashlari bilan juda katta ta’sir ko’rsatishdi. Ular bilan bir qatorda E. Dyurkgeymning sotsiologik tarix falsafasi alohida o’rin tutadi. Ayni ana shu yo’nalish tarixning ijtimoiy mohiyatini, uni rivojlanish asoslarini o’ziga xos tarzda aniqlab berdiki, bu bevosita tarixni anglashning biologik tushunish tendensiyasidan ijtimoiy instinkt orqali anglashga o’tishga olib keldi.
Dyurkgeymning tarixiy taraqqiyot falsafasi insonning biologik va ijtimoiy kelib chiqishidan individual va ijtimoiy mohiyatga ega bo’lgan jamiyat bilan bog’liqligi jihatlarini o’zida qamrab oladi.
Fransuz falsafasining yirik namoyandalaridan biri Reymon Arondir. U milliy tarix falsafasiga ratsionalistik yo’nalishning yorqin namoyandasi sifatida faoliyat ko’rsatdi. Uning tarixni o’rganish va tarixiy tafakkur masalalariga bag’ishlangan «Falsafaga kirish», «Tanidiy tarix falsafasi», «Tarixiy tafakkur o’lchovlari», «Sotsiologik tafakkur taraqqiyoti bosqichlari», «Taraqqiyot sog’inchi», «Demokratiya va totalitarizm» singari asarlari fransuz tarix falsafasi maktabida butunlay yangi yo’nalishni boshlab berdi.
Nemis tarix falsafasining yirik namoyandalaridan biri Osval’d SHpenglerdir. U o’zining mashhur «Evropa quyoshining so’nishi» asarida tarix falsafasining o’ziga xos yo’nalishi haqidagi g’oyalarini ilgari suradi. SHpengler dunyoni mistik qarashlar orqali anglash, insonning intuitsiyasi, ichki xissiyot va voqelikni his qila olish imkoniyatlari xususida fikr yuritadi.
Shpengler xulosasiga ko’ra «Qancha odam va madaniyat bo’lsa, shuncha dunyo mavjud. Har bir alohida inson uchun yagona, mustaqil, abadiy dunyo mavjud. Dunyoning bunday mavjudligi har bir inson uchun doimiy yangi, bir marta amalga oshadigan, hech qachon qaytarilmaydigan kechinmadir»7. Bir qarashda, darhaqiqat, har bir odam alohida va mustaqil olam. Uning o’z dunyosi bo’lganidek, o’z ibtidosi va intihosi ham bor. U tashqi dunyoni o’zining ichki olami orqali o’zicha tushunadi, o’zicha anglaydi, unga o’zicha baho beradi. Demak, insoniyat tarixi har bir odam uchun garchi u yaxlit, bir butun tarix, real tarixiy jarayon bo’lsa-da, uni anglashda o’ziga xoslik, unga yondoshishda xususiylik bo’lishi tabiiy. Demak, real tarixiy jarayon real inson tasavvurida real fikr-xulosaga aylanishi mumkin. Ana shu holatdan kelib chiqib ham SHpengler «ilmiy bilish bu o’z-o’zini anglashdir»8 degan g’oyani ilgari suradi.
Tarixni anglash, tarixni falsafiy tushunish orqali inson o’zligini anglaydi va o’ziga xos qadriyatga aylanadi. Bunday jarayon insonda intuitiv imkoniyat, his qilish qobiliyati orqali ham yuzaga kelishi mumkin. Shuning uchun Shpengler tarixni tushunish va tarixga munosabatda intuitsiya, his-tuyg’u mohiyatini ustuvor qiladi. Ana shundan kelib chiqib tarix mushohada, voqelikni to’g’ri his qila olish, tabiiy intuitsiya natijasi degan g’oyani ilgari suradi. Hatto, u tarixni hissiyot orqali tushunish g’oyasini ilgari surar ekan, «agar kim buni his qilmasa, tarix bilan shug’ullanmasin, tabiatni bilishga o’rganish mumkin, lekin tarixchi bo’lib tug’ilish kerak. Tarixchining kuchi shundan iboratki, u ongsizlik darajasida tarix jarayonini instinktiv ravishda biladi, bunday uslubda har qanday inson ham ishlay olmaydi»9, - deydi. Ana shu fikrdan ma’lum bo’ladiki, tabiatni bilish uchun bilimning o’zi yetarli, tarixni anglash uchun esa uni his qila olish, tarixiy jarayon ortida yotgan inson taqdiri, mohiyati, hayot mazmuni va kechinmalari, sevinch va iztiroblari yotganligini ham anglamoq zarur ekan. Ana shunda har bir tarixiy voqelik tarix falsafasiga aylanadi. Demak instinkt va his qila olish qobiliyati, intuitsiya quvvati tarixchi uchun noyob va qimmatli fazilatdir.
Shpengler sivilizatsiyani madaniyat belgisi sifatida tushunadi va har qanday madaniyat o’z taraqqiyot bosqichlariga, o’zining sivilizatsiyasiga ega degan g’oyani ilgari suradi. Uning nazarida sivilizatsiya madaniyatli insonlarga xos hodisa sifatida namoyon bo’ladi.
O. Shpengler madaniy taraqqiyot, tarix rivoji, uning dinamizmi xususida fikr yuritar ekan, «har qanday madaniyat insondek hayot kechiradi. Ularning o’z bolaligi, o’smirligi, o’rta yoshligi va qariligi bo’ladi»10, - deydi. Demak, har qanday madaniyat o’zining ibtidosi va intihosiga ega. Shuning uchun ham turli davrlarda yuz bergan turli mintaqalardagi sivilizatsiyalar qaysidir darajada susayish, orqaga ketish holatlarini ham boshdan kechirgan. Ana shu tarixiy dalillar hamda insoniyat o’tmishidagi buyuk ko’tarilishlar va tanazzullarni nazarda tutib O. SHpengler har qanday sivilizatsiya tanazzulga mahkumdir, degan fikrni ilgari suradi. sivilizatsiyalar taqdiri, uning istiqboli xususida gapirar ekan, «mening fikrimning markazini taqdir g’oyasi tashkil qiladi. O’tib ketganlarning taqdiri ham shunday bo’lgan, hozirgi G’arbiy yevropa madaniyatini ham halokat kutmoqda»11, deydi.
SHunday qilib, O.Shpengler insonning biologik mavjudot sifatida yaratuvchilik imkoniyatlarini, bu imkoniyatlarni ruyobga chiqaruvchi ilohiy qudrat ruh, e’tiqod ekanligini ta’kidlaydi. Dunyoni anglashda, olamni tushunishda uning ana shu g’oyalari yaqqol ko’zga tashlanadi va «tabiatni mushohada qilish asnosida diniy e’tiqod yotadi. Dindan oddin paydo bo’lgan tabiiy bilim yo’qdir. Ana shu nuqtai nazardan qaraganda katolikcha va materialistik tabiatni bilish o’rtasida hech qanday farq yo’qdir. Ular bir narsa to’g’risida, lekin har xil tilda gaplashadi. Hattoki ateistik soha ham diniy asosga egadir. Hozirdagi mexanika ham xristian aqidalaridan andoza olgandir»12, deydi. Bu bilan O. Shpengler ruh birlamchi, e’tiqod xatti-harakatlar va voqeliklarni boshqaruvchi ilohiy qudrat degan xulosaga keladi. Uning nazarida insoniyat tarixi — bu juda uzoq va ming yilliklarni qamrab olgan yaxlit olam, ruh va e’tiqod orqali inson tomonidan amalga oshirilgan buyuk haqiqatdir.
Olamni anglash o’z-o’zini anglashdan boshlanadi, deydi O. SHpengler. Bunday qarashlar qaysidir darajada undan bir necha asrlar oldin Sharqda yuzaga kelgan ruh falsafasini eslatadi. Jumladan, A. Bedil, J. Rumiy, A. Nasafiy, N. Kubro va boshqalar ilgari surgan g’oyalarda ruh birlamchi, jism esa o’tkinchi, ruh — botin, jism — moddiy tariqasida talqin etiladi. Jumladan, A. Nasafiy «... ulug’ olamning avvalu oxiri, zohiru botini, mohiyat va shakllarini anglab yetish uchun o’zining mohiyatini, zohiru botinini anglab yetkin. Bundan boshqa yo’l yo’q»13, degan edi.
Insoniyat tarixini o’rganishda P.A.Sorokinning tarix falsafasi alohida o’rin tutadi. Bu bevosita inson fenomenini belgilaydigan ma’naviy, ma’rifiy va axloqiy mezonlarni o’zida mujassam etgan ijtimoiy madaniyat va sivilizatsiya bilan bog’liq bo’lgan keng miqyosli ta’limotni o’z ichiga oladi.
Sorokin har qanday ijtimoiy madaniyatning asosini qadriyatlar tashkil etadi, degan g’oyani ilgari suradi. Jumladan, u madaniyat va sivilizatsiyani juda katta mafkuraviy mohiyatga ega bo’lgan fikrlar, g’oyalar, til, fan, din, falsafa, huquq. axloq, adabiyot, rangtasvir, haykaltaroshlik, me’morchilik, musiqa, iqtisod, siyosat, ijtimoiyot va boshqa masalalar bilan bog’liq bo’lgan, jamiyatning yaxlit ijtimoiy fenomenini tashkil etadigan yo’nalishlarning umumiy birligi sifatida tushunadi. Bu, albatta, har qanday sivilizatsiyaga asos bo’ladigan, zamin yaratadigan eng muhim qadriyat deyishimiz mumkin. Ayni paytda sivilizatsiya, ijtimoiy-madaniy sakrashlar, u qaysi xalqqa tegishli bo’lsa, o’sha xalq milliy ruhiyati, turmush tarzi, boshqacha qilib aytganda, milliy qadriyatni anglash jarayoni bilan bog’liq. Ana shulardan kelib chiqib, u turli tadbirlar, urf-odatlar, an’analar, xatti-harakatlar asosidagi umumiy aholi qatlamining ma’naviy ehtiyoji darajasiga ko’tarilgan g’oyalar tizimini ham tashkil etadi.
Darhaqiqat, bir necha ming yillik tarixiy obidalar, osori atiqalar, madaniy yodgorliklar avloddan-avlodga o’tib, insoniyat tafakkurining buyuk mo’’jizasi sifatida o’z qudratini namoyon etmoqda. Ayni ana shu mo’’jizalar zamirida inson taqdiri, sevinch va iztiroblari, ezgulik va yovuzlik O’rtasidagi kurashlarda toblangan metin iroda va ulkan madaniyat, tabiiyki, axloq ham yotadi. Ana shularning hammasi tarixni anglash jarayonida bugungi kun odamlari tafakkurining shakllanishida, tarix orqali olis istiqbolga nazar tashlashida katta rol’ o’ynaydi. Ayni ana shu holatning o’zi insonning, insoniyatning o’zini o’zi «ta’mirlab», o’zini o’zi «isloh» qilib, o’zini o’zi yangilab, boyitib, qadriyatga aylanib borayotganidan dalolat beradi.
Karl Yaspers qarashlarining asosiy yo’nalishini esa jahon tarixi birligi masalasi tashkil etadi va uni umuminsoniy qadriyat darajasiga ko’taradi. Bu tarix falsafasiga va uning umuminsoiiyat tarixini o’rganish borasida shakllangan xilma-xil yo’nalishlarining biri sifatida fanda alohida mavqega ega.
Yaspers insoniyatning butun tarixini o’zaro izchil ravishda almashinuvchi uch fazaga bo’ladi: tarixdan avvalgi faza, tarix fazasi va jahon tarixi fazasi. Tarixdan avvalgi faza uzok, davr hisoblanib, u insonning shakllanishi, til va irqlarning paydo bo’lishidan tortib, to tarixiy madaniyatlarning vujudga kelishigacha bo’lgan davrni qamrab oladi14. SHu holatdan kelib chiqib «Bu yerda inson mohiyatining siriga duch kelamiz, insonning yerda yashashi betakrorligini anglab yetamiz, oldimizda barcha narsalarning kelib chiqishi bilan bog’liq bo’lgan va boshqa hech qayerda uchramaydigan erkinligimiz borasidagi masala paydo bo’ladi»15, - deydi K, Yaspers.
Tarix fazasi Xitoy, Xindiston, Yaqin Sharq va yevropada sodir bo’lgan taxminan 5 ming yillik voqealarni qamrab oladi. Universal yoki jahon tarixi dunyo va insoniyatning buyuk geografik kashfiyotlar davrida shakllanib, bugungi kunda yuzaga chiqayotgan global birligi bilan boshlanadi. Bu global birlikning boshlanishi XX asrga to’g’ri keladi. Tarix fazasida tasodifiy to’qnashuvlarning mavjudligiga qaramay, ba’zi buyuk madaniyatlar yonma-yon rivojlandi. Bular alohida tarixlar edi.
Do'stlaringiz bilan baham: |