Demokratik jamiyat. Demokratik jamiyatni barpo etish — O‘zbekiston taraqqiyotining bosh maqsadi. Bu jamiyat kishilarning yuksak axloqiy-siyosiy va huquqiy madaniyatiga asoslanadigan demokratik taraqqiyotning yuqori bosqichidir. Bunday jamiyat erkin uyushmalarning ko‘p qirrali aloqasi bo‘lib, davlat qonunlarini hurmat qilib bajaruvchi jamiyat tarkibiga kiruvchi elementlarning nisbiy mustaqilligiga asoslanuvchi, turli ziddiyat va ixtiloflarni qonun doirasida o‘zaro kelishuv. sabr-toqat va muzokaralar orqali hal etishga asoslanuvchi jamiyatdir.
Yurtimizda bunday jamiyatni barpo etish barkamol inson shaxsini shakllantirishni talab etadi. O‘z navbatida, ma’naviy yetuk avlod jamiyat taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shadi. Bugun bizning bosh strategik maqsadimiz bozor iqtisodiyotiga asoslangan, qonun ustuvorligiga tayangan, erkin, demokratik jamiyat barpo etishdir. Undagi "erkinlik", "demokratiya", "qonun ustuvorligi" so‘zlariga e’tibor qaratish kerak. Bu tushunchalar O‘zbekiston qurayotgan jamiyatning qanday umuminsoniy tamoyillarga, qadriyatlarga asoslanishini ko‘rsatadi. Shuning uchun ham mamlakatimizda yashaydigan barcha insonlar uchun millati, tili va dinidan qat’i nazar, munosib hayot sharoitini yaratib berish, rivojlangan demokratik davlatlar kabi kafolatlangan turmush darajasi va erkinliklarini ta’minlash davlatimiz siyosatining falsafiy mazmun - mohiyatini ifodalaydi. Bu — xalqimizning asriy an’analariga, insonparvarlik mohiyatiga, milliy qadriyatlarimizga sodiq qolgan holda rivojlangan davlatlar tajribalaridan shunchaki nusxa ko‘chirmasdan, o‘zimizga xos va o‘zimizga mos yo‘lni izchil davom ettirishni anglatadi. Bu jamiyat hayotini demokratlashtirish va erkinlashtirish jarayonlarini yanada chuqurlashtirish, mamlakatimiz siyosiy hayotining barcha sohalarini, davlat va jamiyat qurishni erkinlashtirish, aholining siyosiy faolligini oshirish, siyosiy hayotda haqiqiy ma’nodagi ko‘p partiyaviylikni qaror toptirishni bildiradi. Bu mahalliy hokimiyat va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyat doirasini kengaytirish, ularga davlat vakolatlarining bir qismini bosqichma-bosqich o‘tkazib borish, nodavlat va jamoat tuzilmalarining huquq va mavqeini oshirishni ko‘zda tutadi.
O‘zbekistonda demokratik jamiyat qurilishi jarayonlarining huquqiy asosini O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida ko‘ramiz. Konstitutsiya o‘ziga xos falsafiy mazmunga ega bo‘lib, unda O‘zbekistonda qurilayotgan demokratik jamiyatning ustuvor maqsadlari, tamoyillari, inson huquq va erkinliklari o‘zining yaqqol ifodasini topgan.
Mustaqillik mamlakatimizga jahon sivilizatsiyasining eshigini ochdi, uning teng huquqli a’zosi bo‘lish va dunyodagi eng rivojlangan davlatlar qatoridan munosib o‘rin egallash imkonini yaratdi. Bugungi kunda xalqimizning ana shu yo‘lda amalga oshirayotgan ulkan bunyodkorlik faoliyati sivilizatsiyalashgan mamlakatlarga xos hayot tarzini shakllantirishga qaratilgan.
“Sivilizatsiya” tushunchasi. Ma’lumki, lotin tilidagi “civilis” so‘zi asosida shakllangan, fuqaroviy, ijtimoiy, degan ma’nolarni anglatadigan mazkur tushunchani ilm-fan tarixida dastlab shotland tarixchisi va faylasufi A.Fergyusson (1723—1816) jahon tarixiy jarayonining ma’lum bir bosqichini ifodalash uchun, Fransuz ma’rifatparvarlari esa aql-idrok va adolatga asoslangan jamiyat, degan ma’noda ishlatgan edilar. Undan keyin ham sivilizatsiya tushunchasiga turlicha mazmun berish davom etdi. Ayrim holda uni madaniyatning, ba’zan faqat moddiy madaniyatning sinonimi sifatida ishlatgan bo‘lsalar, nemis faylasufi O.Shpengler esa, aksincha, uni madaniyatning antipodi ma’nosida, ya’ni madaniyatning halok bo‘lish jarayoni bosqichini xarakterlash uchun, ingliz sotsiologi va tarixchisi A.Toynbi esa o‘ziga xos va nisbatan yopiq bo‘lgan jamiyatlarni ifodalash uchun ishlatgan.
Sivilizatsiya tushunchasining mazmunini belgilashda turfa xillik hozirgi vaqtda ham saqlanib qolmoqda. Bu tushuncha: 1) ijtimoiy rivojlanishning yovvoyilik va varvarlikdan keyin keladigan bosqichini; 2) umuman kishilik jamiyati rivojlanishining ma’lum bir bosqichini (masalan, neolit, nokapitalistik yoki hozirgi zamon sivilizatsiyasi); 3) ma’lum bir ijtimoiy-iqtisodiy formatsiyani; 4) geografik jihatdan farqlanuvchi birliklarni (mas., Yevropa yoki Osiyo Ts.si); 5) diniy mansubligiga ko‘ra, farqlanuvchi madaniy birliklarni (mas., xristian yoki islom sivilizatsiyasi); 6) kelib chiqishi va planetar mansubligiga ko‘ra farqlanuvchi birliklarni (mas., Yer sivilizatsiyasi, Yerdan tashqaridagi sivilizatsiyalar); 7) etnik asosga ko‘ra farqlanuvchi ijtimoiy-madaniy birliklarni (mas., qad. Misr yoki Bobil sivilizatsiyasi) va shu kabi ma’nolarni ifodalash uchun qo‘llanib kelmoqda.
Sivilizatsiya tarixning, jamiyatning sifatiy o‘ziga xosligini, u yoki bu mamlakat doirasida amal qiladigan, ishlab chiqarish kuchlari, inson faoliyati, madaniyati tomonidan belgilanadigan umumiy ijtimoiy qonuniyatlarning spetsifikasini ifodalaydi. Bularning barchasi sivilizatsiyani yaxlit birlik sifatida mavjud bo‘lishi uchun imkoniyat yaratadi. Bu sifatiy xususiyatlarning yo‘qolishi sivilizatsiyaning halokatini anglatadi.
Ushbu mulohazalardan shuni xulosa qilib aytish mumkinki, sivilizatsiya tushunchasi muayyan xalq, mamlakat (jamiyat)ga yoki uning rivojlanishining sifatiy jihatdan farqlanuvchi ayrim bosqichlariga nisbatan ishlatilgandagina, u aniq ilmiy mazmunga va demakki, metodologik ahamiyatga ega bo‘ladi. Aynan etnik birliklar, mamlakatlar darajasida sivilizatsiyaning o‘ziga xosligi, asosiy xarakteristikalari o‘zini yaqqol namoyon etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |