5-MAVZU: IQTISODIYOTNI RIVOJLANTIRISH VA LIBERALLASHTIRISHNING О‘ZIGA XOS XUSUSIYATLARI VA USTUVOR YО‘NALISHLARI
Reja:
1. Fuqarolik jamiyatining shakllanishida xususiy mulk, о‘rta qatlamning о‘rni
2. Fuqarolik jamiyatida xususiy mulkchilik va ijtimoiy munosabatlar
3. О‘rta qatlam mulkdorlar qatlamining shakllanishi va davlat instituti
4 Rivojlangan Sharq mamlakatlari ijtimoiy-iqtisodiy hayotini modernizatsiyalashda fuqarolik jamiyati instutlarining о‘rni
Tayanch sо‘zlar: Fuqarolik jamiyati, iqtisodiy omil, huquqiy davlat, xususiy mulk, iqtisodiy qadriyatlar, umumjamoaviy manfaat, о‘rta qtlam, mulkiy munosabatlar, iqtisodiy elita, bozor munosabatlari, ishchilar, mulkdorlar.
1. Fuqarolik jamiyatining shakllanishida xususiy mulk va о‘rta ijtimoiy qatlamning о‘rni.
Bugungi kunda fuqarolik jamiyatini о‘rganish nafaqat tadqiqotchilar, balki davlat va nodavlat sohasidagi amaliyotchilar uchun ham katta qiziqishga sabab bо‘lmoqda. Fuqarolik jamiyatiga nisbatan davlat tomonidan berilayotgan e’tibor unga nisbatan qiziqishni yanada orttirib yubordi. Fuqarolik jamiyatining tarixidan ma’lumki, uning vujudga kelishida aynan iqtisodiy omilning о‘rni nihoyatda yuksak bо‘lgan. Davlat va mulkdorlar qatlami orasida vujudga kelgan ziddiyatli munosabatlar negizida tom ma’nodagi fuqarolik jamiyatining ildizlarini kо‘rish mumkin.
Shu nuqtai nazardan fuqarolik jamiyatini tо‘laqonli anglash uchun uning iqtisodiy asoslarini atroflicha tushunish talab etiladi. Ma’lumki turli shakldagi mulkchilikka asoslangan ishlab chiqarish munosabatlari huquqiy davlatning iqtisodiy asosini tashkil etadi. Huquqiy davlatda mulk moddiy boyliklarni ishlab chiqaruvchi va iste’mol qiluvchilarga bevosita tegishli bо‘lib, yakka holdagi ishlab chiqaruvchi о‘z mehnati mahsulining egasi sifatida maydonga chiqadi. Ishlab chiqarish munosabatlarining tengligi, barcha sohalarda huquqning ustuvorligi, jamiyat farovonligining muttasil oshib borishi davlatning huquqiyligini namoyon etadi.
Fuqarolik jamiyatining rivoj topishi uchun butun jamiyat uchun umumiy bо‘lgan qadriyatlar shakllanishi talab etiladi. Bunday holatda jamiyat a’zolari umumjamoaga xos qadriyatlarga tayanadilar va ular о‘rtasida о‘zaro ishonch hissi shakllanadi, natijada jamiyatda yagona ma’naviy asos vujudga keladi. Bu borada Birinchi Prezidentimiz I.Karimov jamiyat hayotini har tomonlama erkinlashtirish borasidagi strategik vazifalar О‘zbekistonda uzoqni kо‘zlab amalga oshirilayotgan izchil siyosat natijasi, demokratik davlat, fuqarolik jamiyati barpo etish, bozor iqtisodiyotini shakllantirish uchun barcha siyosiy va ijtimoiy kuchlarni birlashtirish prinsipial vazifa ekanligini ta’kidlaydi.
Ma’lumki, iqtisodiy taraqqiyot uchun ham fuqarolik jamiyati uchun ham xususiy mulk va о‘rta qatlamning ahamiyati yuksak ekanligini olimlar inkor etishmaydi. Boshqacha aytganda bu qatlamsiz tо‘laqonli fuqarolik jamiyati bо‘lishi mumkin emasligi kо‘pgina manbalarda keltiriladi. Aynan О‘zbekiston sharoitida bunday qatlamning shakllanishi jarayoni bilan fuqarolik jamiyatining rivojini qiyosiy tahlil etish talab etiladi.
Ma’lumki, erkin bozor munosabatlariga asoslangan demokratik jamiyatning asosini xususiy mulkdorlar tashkil etadi. Garchi xususiy manfaat individlarga xos bо‘lib, yakka holdagi manfaatlarni ifoda etsa-da, aynan ana shu xususiy manfaatlarning о‘zaro va davlat bilan munosabatalarida yuzaga kelgan hodisalar asnosida umumiy qadriyatlar namoyon bо‘ladi.
Jamiyatning asosini о‘rta va mayda qatlam vakillari tashkil etar ekan, bu kesim vakillarining daromad manbai va oilalar hayotining asosiy vositasi xususiy mulkchilikka asoslangan iqtisodiy faoliyatdan iborat. Bu sanoat, savdo-sotiq, qishloq xо‘jaligi, xizmat kо‘rsatish va hokazo yо‘nalishlardagi xususiy korxonalar, ijaraga beriladigan yer, kо‘chmas mulk, daromad keltiradigan qimmatli qog‘ozlar, foiz keltiradigan pul vositalari, yozuvchilar, shoirlar, kompozitorlar, kashfiyotchilar, ilmiy tadqiqotchilar va hokazolarga oid intellektual mulk asosida amalga oshiriladigan faoliyatdan iborat. Bu kesim о‘zining asosiy faoliyatidan mahrum bо‘lgan taqdirda nafaqat daromad, balki hayotiy muhim manbadan ayriladi. Shuning uchun mulk egalari о‘z mulkini himoya etish uchun barcha zaruriy tashkiliy va huquqiy faoliyatni amalga oshirishadi. Ana shu nuqtai nazardan xususiy mulk fuqarolik jamiyati vujudga kelishining asosiy sabablaridan biri sifatida kо‘rsatiladi. Aynan xususiy mulk asosida ijtimoiy munosabatlar jadallashadi, natijada esa jamiyat о‘z-о‘zini tashkil etadigan qudratli tizimga aylanadi.
Ma’lumki, xususiy mulk shaxslarning tadbirkorlik faoliyatini rag‘batlantirish bilan mamlakatning umumiqtisodiy taraqqiyotiga xizmat qiladi. Buni dalillash uchun о‘zbek olimi M.Sharifxо‘jayev quyidagi omillarni kо‘rsatib о‘tadi:
Birinchidan, xususiy mulk mulkni oqilona boshqarishni rag‘batlantiradi. Boshqacha aytganda mulkdorlar о‘z mulklarini asrash va uni kо‘paytirish, daromad olish uchun muntazam faoliyat yuritishlari, doimo izlanishda bо‘lishlari talab etiladi. Aks holda, mulkning qadrsizlanishi va oxir oqibatda mulkdorlar inqirozga yuz tutishlari mumkin. Agar mulkka nisbatan e’tibor yuqori bо‘lib, u muntazam rivojlantirilsa daromadni yuksaltirish imkoni kengayib boradi.
Agar mulk davlatga daxldor bо‘lsa yoki unga katta bir guruh birgalikda egalik qilsa, uni tо‘laqonli asrash imkoniyati susaya boradi. Sobiq tizim davrida davlat mulkiga nisbatan xо‘jasizlikni bunga misol keltirish mumkin. Buni rivojlangan mamlakatlarda davlatga tegishli bо‘lgan uy-joylarning ayanchli holatidan ham guvoh bо‘lish mumkin.
Ikkinchidan, xususiy mulk odamlarni о‘z moddiy imkoniyatlarini oshirish va undan samarali foydalanishga rag‘batlantiradi. Xususiy mulkni rivojlantirishga bо‘lgan ehtiyoj odamlarni о‘z malakalarini oshirish, samarali ishlashga undaydi. Aynan shuning uchun iqtisodiyotni, xususan biznesni boshqaruvga ixtisoslashgan oliy о‘quv yurtlari rivojlangan mamlakatlarda eng yuksak darajadagi ta’lim dargohlari bо‘lib, ularda tahsil olish ulkan miqdordagi moliyaviy mablag‘larni talab etadi. Bunday oliy dargohlarni bitirgan mutaxassislar uchun hamisha ish о‘rinlari mavjud va tajriba oshgani sari maoshlar ham muttasil kо‘tarila boradi.
Uchinchidan, xususiy mulkdorlar о‘z resurslarini boshqalarning manfaatiga xizmat qildirish uchun harakat qilishadi. Zero, boshqalarga samarali xizmat qiladigan mulk daromad keltiradi. Mulkning boshqalar uchun foydali ekanligi uning qadrini va mulk egasining mavqeini oshiradi. Shu nuqtai nazardan mulkdor tomonidan amalga oshiriladigan xatti-harakat iste’molchilar tomonidan ma’qullansa mulkning qadri oshadi, aksincha bunday xatti-harakat maqullanmasa, mulkning qadrsizlanishi rо‘y beradi. Kо‘rinib turganidek, mulkning holati fuqarolik jamiyatida о‘ziga xos mezon vazifasini ham о‘tamoqda. Aslida har qanday mulkdor garchi о‘z daromadini oshirish uchun faoliyat yuritsa-da, fuqarolik jamiyati sharoitida tadbirkor birinchi inavbatda о‘zining ana shu asl niyatini emas, balki jamiyatga sifatli xizmat kо‘rsatishni birlamchi ekanligini namoyon etadi. Tom ma’nodagi fuqarolik jamiyatida daromad topish niyati ikkilamchi ahamiyat kasb etadi. Tadbirkorlikning fuqarolik jamiyati uchun muhim va zaruriy ekanligini mulkdorlar ham, davlat ham jamiyat ham teng darajada anglab yetishi bu yerda muhim bо‘lgan jihatdir.
Tо‘rtinchidan, xususiy mulk resurslardan kelajak uchun oqilona foydalanish va ularni asrash imkonini beradi. Mulkdorlar nafaqat bugungi kun, balki istiqboldagi о‘zgarishlar va daromadni о‘stirishni nazarda tutgan holda bugungi kun va kelajakdagi manfaatlarni muvofiqlashtirishga harakat qilishadi.
Demak fuqarolik jamiyatining iqtisodiy asoslari deganda, jamiyatdagi ijtimoiy munosabatlarda muhim о‘rin tutgan xususiy mukchillika asoslangan iqtisodiy munosabatlar nazarda tutiladi. Tarixda aynan xususiy mulk va mulkdorlar qatlami fuqarolik jamiyatining rivojiga hissa qо‘shgan. Bugungi kunga qadar aynan aa shu mulkdorlar qatlami nafaqat iqtisodiyotning, balki ijtimoiy munosabatlarni jadallashtiruvchi muhim omil bо‘libqolmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |