Churiyalar. Chorvachilikda churiya qo‘shiqlarining ham o‘ziga xos o‘rni bor. Avvalo, sog‘iladigan sigirga, qo‘yga, echkiga alohida-alohida qo‘shiq yaratilishiga e’tibor beraylik. Ho‘sh qo‘shiqlari qo‘y sog‘ishda aytilmaganidek, turey-tureylar va churiyalar sigir sog‘ishda aytilmaydi. Tabiiyki, hayvon uchun qanday qo‘shiq aytib sog‘ish bari bir emasmi? – degan savol tug‘iladi. Yo‘q, hayvon uchun ham bari bir bo‘lmagan. Egasi buni hisobga olgan. Gap shundaki, har bir chorvador qo‘yga, echkiga o‘ziga xos munosabatda bo‘ladi. Ular hatto sigirning qaysi rangni yaxshi ko‘rishini, qaysi qo‘shiqni eshitganida ko‘proq sut berishini bilganlar.Churiya qo‘shiqlarining mazmun-mohiyati ham echkini maqtashdan, uning odat va fazilatlarini oshirib ta’riflashdan iborat:
Og‘ziginangda o‘ting bor, churey-churey,
Yelinginangda suting bor, churey-churey.
Sersoqolim jonivor, churey-churey,
Kerilib turgan buting bor, churey-churey.
Bu qo‘shiqlarda «og‘zing» emas, «og‘ziginang», «elining» emas, «elinginang», «sersoqolim» kabi so‘zlarga e’tibor bering.
Shoxlaring bor bir minora, churiya-churiya,
Minora qushlar qo‘nara, churiya-churiya.
Bolang olib iskasang-a, churiya-churiya,
Kuygan yuraging qonar-a, churiya-churiya.
Mazkur to‘rtlikka o‘xshash qo‘shiqlarda o‘ziga xos kichik lirik asar yaratilgandek tasavvur hosil bo‘ladi. Hatto sut sog‘uvchining dardi «bolang olib iskasang-a» misrasida aks etmaganmi-kan, degan fikr paydo bo‘ladi.Xullas, chorvachilik bilan bog‘liq qo‘shiqlar xalqimizning qadimdan bu kasbni egallab kelganidan, chorvachilikning sir-sinoatlaridan xabardor ekanidan darak beradi. Xalq har bir hayvonga xuddi odamdek muomalada bo‘lgan. Uni erkalagan, maqtagan, ta’riflagan, sifatlagan. Eng muhimi, aytilayotgan qo‘shiqning oxir oqibat natijaga ijobiy ta’sir qilishini bilgan.Shubhasiz, «Ho‘sh», «Turey-turey», «Churiya» qo‘shiqlarini chorvadorlar orasida yashagan shoirtabiat odamlar to‘qishgan. Bu qo‘shiqlarda so‘z san’atining boshqa namuna-larida bo‘lganidek, turli badiiy vositalardan foydalanilgan. Xususan, «esli molim», «qalam qoshing», «zotli molim» kabi sifatlashlar; «qozon-qozon suting bor», «aqllisan, donosan», «shoxlaring bor bir minor» kabi mubolag‘alar; «elkamdagi kokilim», «bog‘da ochilgan gulim» kabi istioralar; «qalam qoshing suzilsin», «sutliligingni bildirgin» kabi jonlantirishlar qo‘llangan. Qo‘shiqlarda qofiya san’atiga ham alohida e’tibor berilgan. Bu tasvir vositalari qo‘shiqlarning estetik qimmatini oshirgan, joziba bag‘ishlagan. Ayni paytda xalq qo‘shiqlari xazinasidan munosib o‘rin olish imkonini ta’minlagan. Hunarmandchilik bilan bog‘liq qo‘shiqlar. Yusuf Xos Hojib «Qutadg‘u bilig» dostonida «Uzlar birla qatilmaqni ayur» (Hunarmandlar bilan aralashmoqni aytadi) bobini hunarmandlarga bag‘ishlagan. Unda temirchi, etikchi, o‘ymakor-duradgor, bo‘yoqchi, rassom, o‘qsoz-yoysozlar maqtovi berilgan. Dunyoning go‘zal-liklari bulardan chiqadi, olamdagi hayratomuz ishlar bulardan chiqadi, deb shoir hunar-mandlarning hayotdagi o‘rnini yuqori baholaydi. Haqiqatan ham, hunarmandlar jahon siviliza-siyasi rivojiga munosib hissa qo‘shgan kasb sohiblaridir. O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan qog‘ozdan tortib shohi atlasgacha, o‘ymakorlikdan tortib to‘qilgan gilamlargacha dunyoda mashhur bo‘lgan. Hunarmand ustalarning shogird tanlash sinovida mumtoz she’riyatimizdan baytlar so‘rash odati keng tarqalgan edi. Chunki biror hunarni mukammal egallamoqni faqat kasbiy mahorat bilan cheklash mumkin emas edi. Mohir hunarmand ma’naviy jihatdan ham komil inson bo‘lishi talab qilingan. Shuning uchun ham hunar egalari qo‘shiq aytgan, askiya sirlarini bilgan, musiqa chalgan. Bu an’ana bugungi kunda ham saqlangan. Qo‘shiq jo‘rligida tayyorlangan mahsulotga ustaning mehri qo‘shilgan.O‘zbek mehnat qo‘shiqlarining salmoqli qismini gilam to‘qish, kashta tikish, charx yigirish kabi hunar bilan shug‘ullanish davomida aytiladigan namunalar tashkil etadi. Ularning eng qadimgilaridan biri charx qo‘shiqlari hisoblanadi. Bugungi kun tekstil sanoati paydo bo‘lmasdan oldin paxta chigiti qo‘lda ajratilgan. Maxsus yasalgan qurilma – charx aylantirilib, paxta tolasidan ip yigirishgan. Mehnat u qadar og‘ir bo‘lmagan, ammo juda zerikarli va unumsiz edi. Ish jarayoniga bir oz bo‘lsa-da yengillik bag‘ishlash maqsadida charx qo‘shiqlari aytilgan:
Charx yigirib, charx yigirib,
Shul qo‘lginam toladir.
Agar shuni yigirmasam,
Bolalar och qoladir.
Odatda, ip yigiruvchi ayollar ip ishlatadigan kosiblarning buyurtmalarini bajarishgan. Ayniqsa, qish faslida yollanib bajaradigan ishlari kamaygan paytda ip yigirish oilada ro‘zg‘or tebratish vositasiga aylangan. Majburiyat uy bekasidan butun irodani ishga solib mehnat qilishga undagan:
Charxginam, ey charxginam,
Yurakkinam olasan.
Ayt-chi, sen bu yurtlardan
Qachongina yo‘qolasan.
Yuqoridagi to‘rtlikda charx aylantirayotgan ayolning qalbidagi butun dard, alam yorilib chiqqandek taassurot uyg‘otadi. «Qachongina yo‘qolasan» so‘z birikmasidagi fikr yo‘nalishi charxga qaratilgan emas, balki butun qismatga, taqdirga nisbatan chiqarilgan hukm qimmatida bahola-nadi. Aslini olganda, ayol charxning yo‘qolishini istamaydi. Chunki charx, ehtimol, ro‘zg‘orning so‘nggi ilinji va umid vositasi bo‘lishi mumkin. Bo‘z to‘qish jarayoni ham charx yigirishdan oson bo‘lmagan. Faqat bo‘z to‘qishda bir nechta do‘kon deb atalgan bo‘z to‘qish qurilmalari bir xonaga joylashtirilgan bo‘lib, bu yerda ikki va undan ortiq kosiblar birga ishlashi mumkin edi. Bo‘z to‘qilganda qo‘l va oyoq muayyan maqsadga binoan bir xil harakatda bo‘lgan. Kosiblar bu harakatlarga shu qadar ko‘nikib ketar edilarki, ba’zan do‘konda ishlamayotgan bo‘lsalar ham odatiy harakatni takrorlayverardilar. Qo‘shiq esa soatlab tinmay ishlash jarayonida ularning ovunchog‘i vazifasini bajargan. Qo‘shiq kuylashdan kosib estetik qoniqish hosil qilgan:
Bo‘z to‘qiyman qirog‘ini o‘xshatib,
Mokki otaman qo‘lginamni qaqshatib,
Bozordagi shohilardan yaxshiroq,
Nafisdan o‘xshagan bo‘zim yaxshidir.
Yuqoridagi qo‘shiqda bo‘zchining o‘z mehnatiga bergan bahosi ham ifodalangan. Ma’lumki, bo‘z paxta ipidan to‘qilgan. Bunday matoni, odatda, iqtisodiy jihatdan yaxshi ta’minlanmagan odamlar sotib olganlar. Bo‘zning pishiq, ayni paytda, mayin chiqishi kosibning ustaligiga bog‘liq edi. Uzilgan ipni o‘sha zahoti ulash, mokkini bir xil otish, tepkini maromida bosish mahsulot sifatini belgilagan. Binobarin, bo‘zchi o‘z ish faoliyatini nazorat qilishi lozim edi. Ammo turmush tashvishi, buyurtmachilarning injiqligi, iqtisodiy tanqislik kosiblik ishiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan. Shuning uchun mehnat qo‘shiqlarining hamma turlarida bo‘lganidek, ma’nosi bir xil, matni boshqa quyidagi qo‘shiq vujudga kelgan:
Do‘kon uyga kirsam, tanam qaqshaydi,
Sovuqlarda o‘lmay qolsam, yaxshiydi,
Qarisi tillaga ketsa, yaxshiydi,
Shundan mening bo‘zim arzon ketarmi?
Marg‘ilon, Qo‘qon shahridagi keksa bo‘zchi otalar bilan bo‘lgan suhbatimizda, ular bo‘z qo‘shiqlarini doimiy ravishda xirgoyi qilmasliklarini eslashdi. Ish paytida ular «Galdir», «Omon yor», «Sumbula» qo‘shiqlarini, askiya payrovlarini aytib g‘ubor chiqarishar ekan. Bu holat boshqa kasbdagi odamlar uchun ham taalluqlidir. Xususan, charx yigiradiganlar faqat charx, bo‘zchilar faqat bo‘z, gilam, sholcha to‘qiydiganlar faqat o‘rmak qo‘shiqlarini aytishgan, deb xulosa chiqarish to‘g‘ri emas. Ularning har biri o‘z kasbiga mos qo‘shiqni aytgan, ammo ko‘ngil va xohish amri bilan mashhur lirik qo‘shiqlar ijrosini ham yoddan chiqarishmagan.O‘rmak sholcha yoki gilam to‘qish uchun tayyorlangan maxsus qurilma, dastgohdir. Uning yordamida, asosan, ayollar sholcha, gilam to‘qiydilar. Biz ko‘rishga odatlangan gilamlar millimetr ustiga millimetr jun ipining ustma-ust tushishi va keyingi qatlam ip bilan o‘zaro birikuvidan paydo bo‘ladi. Maxsus to‘qmoqqa o‘xshagan asbob bilan ming-ming martalab kaltaklanadi va iplarning o‘rtasi jipslashtiriladi. Deyarli hamma viloyatlarda ayollar to‘qigan gilam va sholchalar turmushga uzatiladigan qizlarga sep, ro‘zg‘ordagi biron kamchilikni to‘ldirish vositasi bo‘lgan. Qo‘shiq ana shunday mashaqqatli mehnatni yengillatgan:
O‘rmagimni o‘ray-yo,
Men boshimga quray-yo,
O‘rmakkinam o‘ngin deb,
Endi sendan so‘ray-yo.
Bu tur qo‘shiqlarda ham odamlar turmush, nasiba, taqdir tashvishi va quvonchlarini izhor qilishgan. Ba’zan hazil, ba’zan chin qabilida ichki kechinmalar bayoniga duch kelamiz:
O‘rmagim yotibdi o‘ralib,
Men yuribman kerilib,
Qaynonam qaramaydi,
O‘rmagimga o‘yrilib .
Shunday qilib, mehnat qo‘shiqlari haqida quyidagi xulosalarga kelish mumkin: Mehnat qo‘shiqlari qaysi mavzuda va qaysi turda yaratilishidan qat’i nazar lirik asarlar hisoblanadi. Ularda qo‘shiqchining qilayotgan mehnat sohasi asosida hayotiy voqealarga nisbatan bo‘lgan munosabati his-tuyg‘ulari orqali aks etadi. Xalqimizning mehnat qilishi, chorvachilik, dehqon-chilik, turli kasb-hunar bilan shug‘ullanishi qanchalar qadimiy bo‘lsa, qo‘shiqning yaratilishi ham shunchalar tarixiydir. Hayotning barcha sohalarida faoliyat bilan shug‘ullangan ajdodlarimiz mashaqqatli va zerikarli mehnat jarayonining samarasini oshirish maqsadida maxsus kasb-hunarlari bilan bog‘liq qo‘shiqlar ijod qilganlar, kuylaganlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |