5-ma’ruza. O’lchash o’zgartirgichlari
REJA:
1.Tok va kuchlanish transformatorlari
2.Transformatorlar
3.Tez to’yinuvchi tok transformatorlari tok va kuchlanish transformatorlari
Tayanch so’z va iboralar
Tok va kuchlanish transformatorlari, o’lchash transformatorlari, aniqlik klasslari, magnit o’zagining to’yinishi, davriy bo’lmagan tashkil etuvchilar, transreaktorlar, salt yurish rejimi, tez to’yinuvchi tok transformatorlari, differentsial rele.
Tok va kuchlanish transformatorlari
Rele himoyasi qurilmalari o’lchovchi, mantiqiy va ijro etuvchi qismlardan iborat. Yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlarida rele himoyasining o’lchovchi qismiga tok va kuchlanish o’lchash transformatorlari, jumladan,, tok va kuchlanish transformatorlari yordamida keltiriladi.
O’lchash transformatorlarining vazifalari quyidagilar: rele himoyasining o’lchovchi qismini va o’lchash priborlarini yuqori kuchlanishli birlamchi zanjirdan gol’vanik ajratish; nominal birlamchi kuchlanish va tokning qiymatidan qat’iy nazar standart ikkilamchi kuchlanish va tok hosil qilish. Amaliyot natijalari va ularning tahlili shuni ko’rsatadiki, rele himoyasi qurilmalarini ta’minlovchi tok transformatorlarining xatoligi, ularning birlamchi cho’lg’amidan o’tish ehtimoli bo’lgan maksimal qisqa tutashuv toklari o’tgan vaqtda ham, tok bo’yicha 10% dan va burchak bo’yicha 7° dan katta bo’lmasligi kerak. Tok transformatorlari 0,5;1;3;10 va R aniqlik klasslarida tayyorlanadi.
Aniqlik klasslari rele himoyasini ta’minlovchi tok transformatorlarini tanlash uchun asos bo’lib xizmat qila olmaydi. CHunki, ular ko’rsatilgan aniqlik klassini birlamchi tok va yuklama nominalgacha bo’lganida ta’minlaydi. Maxsus rele himoyasi uchun R aniqlik klassdagi tok transformatorlari tayyorlanadi. Himoyalanayotgan ob’ektning yuklama toki, kuchlanishi va rele himoyasining turiga asosan tok transformatorlari tanlanadi. Katta birlamchi toklarda aniq ishlashi talab qilinadigan himoyalar masalan, differentsial himoya uchun R aniqlik klassdagi tok transformatorlari va nisbatan kichik birlamchi toklarda aniq ishlashi talab qilinadigan himoyalar uchun 1,3 va 10 aniqlik klassiga ega bo’lgan tok transformatorlari tanlanadi.
Transreaktorlar
Elektr stantsiyalar va sistemalar quvvatining ortishi natijasida qisqa tutashuv toklari va ularning davriy bo’lmagan tashkil etuvchilarning so’nish vaqt doimiysining ortishi o’tish jarayoni vaqtida tok transformatorlarining to’yinishi, birlamchi tok transformatsiyasining buzilish va rele himoyasining noto’g’ri ishlashiga olib kelishi mumkin. To’yinishni kamaytirish uchun transreaktorlardan, ya’ni magnit o’zagida havoli oraliq bo’lgan transformatorlardan foydalanish mumkin. Transreaktorning birlamchi cho’lg’ami xuddi tok transformatorlari singari birlamchi tok zanjiriga ketma - ket ulanadi (1.1-rasm ). Transreaktorning ikkilamchi cho’lg’amiga katta yuklama qarshiligi ulanadi, ya’ni transreaktor tok transformatorlaridan farqli ravishda salt yurish rejimiga yaqin rejimda ishlaydi. Ikkilamchi tok juda kichik bo’lganligi sababli F magnit oqimni faqat birlamchi - cho’lg’amning magnitlovchi kuchi I W hosil qiladi deb hisoblashimiz mumkin
F = I W / Rm
Transreaktorning ikkilamchi cho’lg’amida F1 oqim Ye2 E.Yu.K ni hosil qiladi
e2=4,44 W1 F1m = K1 F1m=KI1.
Induktsiya konuniga asosan Ye2 vektor F1 va I1 vektorlardan 90°ga farq qiladi, kompleks shaklda Ye=-jkI1. Havoli oraliq ning mavjudligi transreaktor magnit o’zagi magnit qarshiligi Rm ning katta bo’lishiga va magnit oqim F1 ning kamayishiga olib keladi. Natijada magnit uzakning tuyinishi cheklanadi.
1.1-rasm. Transreaktor va uning vektor diagrammasi
Tez to’yinuvchi tok transformatorlari
Differentsial himoya davriy bo’lmagan toklar ta’sirida noto’g’riishlashi mumkin. Buning oldini olish uchun differentsial rele tez to’yinuvchi tok transformatori (TTT) orqali ulanadi. TTT ning parametrlari davriy bo’lmagan toklarni o’tkazmaydigan va sinusoidal (davriy) toklarni yaxshi o’tkazadigan qilib tanlanadi. TTT ning birlamchi cho’lg’amidan tok o’tganda (1.2-rasm, a) uning ikkilamchi cho’lg’amida induktsiya konuniga asosan Ye2 e.yu.k. hosil bo’ladi
E2=-dF/dt
Davriy bo’lmagan tok Idb ta’sirida t vaqt ichida magnit oqimining o’zgarishi ‑Fdb juda kichik bo’ladi. (3-rasm,b), ya’ni
E2=-dF/dt=0
Davriy (sinusoidal) tok Id ta’sirida magnit oqimining o’zgarishi nisbatan katta, ya’ni davriy tok T T T orqali yaxshi transformatsiyalanadi. Natijada TTT orqali ulangan diferentsial himoya qisqatutashuv toki tarkibida davriy bo’lmagan tashkil etuvchilar bo’lganda ishlamay turadi va ular so’nib faqat davriy tashkil etuvchilar qolganda to’g’ri ishlaydi.
1.2-rasm. Tez to’yinuvchi transformator va uning xarakteristikasi
Do'stlaringiz bilan baham: |