Insonparvarlik (gumanizm) — kishilarga nisbatan mehr - oqibatli, muruvvatli, himmatli, hurmatli bo’lish, kishilarga yaxshilik qilish, kishi gunoh qilganda ham uni kechirish, uni tushunishga harakat qilish, kishining sharm va mustaqilligini hurmatlash demakdir.
Insonparvarlik odamzot paydo bo’lgandan beri paydo bo’lgan shaxsiy, faqat insongagina xos ongli fazilatdir. Insonparvarlik (gumanizm) deb odamlarga mehr - oqibat bilan qarash, ularni hurmat qilish, insonning moddiy farovonligini oshirish, ma’naviy kamolatini yuksaltirish, baxtli, sifatli, erkin, ozod, daxlsiz yashashini ta’minlash, kelajagi haqida g’amxo’rlik qilish kabi maqsad va g’oyalar bilan sug’orilgan kishilarning hatti - harakatlari hamda fazilatlarning jamiga aytiladi. Insonparvarlik hamma vaqt kishilar hayoti va faoliyatining zaruriy sharti bo’lib kelgan. Frantsuz ma’rifatparvari J. J. Russo: “Odamlar, insonparvar bo’ling! Bu sizning birinchi burchingiz", — degan edi. Buyuk shoir va davlat arbobi Alisher Navoiyning:
“Odami ersang demagil odami,
Onikim yo’q xalq g’amidin - g’ami”,
degan da’vati hozirgi kungacha hayotimizning shiorlaridan bo’lib turibdi. Binobarin, insonparvarlik yakka-yolg’iz faxriylarga, nogironlarga, serfarzand oilalarga, ko’makka muhtoj boshqa fuqarolarga yordam ko’rinishida O’zbekistonda davlat miqyosidagi an’analar safidan tobora kengroq joy olmoqda. I.A.Karimov ta’kidlaganidek, “Insonparvarlik bu o’zbek xalqi milliy ruhiyatining ajralmas fazilatidir. Shafqatsizlik va zo’ravonlik uning tabiatiga yotdir. O’zbek oilasida bugungi kunda yaxshilik va yorug’lik, bolalarga mehr, kattalarga hurmat, yaqinlarga va boshqalarning qayg’usiga hamdardlik mujassamlashgandir”12.
Axloqshunoslikning muhim tamoyillaridan biri mehnatsevarlik, ya’ni insonning moddiy va ma’naviy boylik yaratishga va ko’paytirishga hamda umuminsoniy farovonlik va taraqqiyotini ta’minlashga qaratilgan faoliyatidir. Mehnatsevarlik — kishi kamolotining asosiy omillaridan biri hisoblanadi. U kishilarni muhtojlikdan, yurak siqilishidan, axloqiy bo`zilishdan saqlaydi. Mehnatsevarlik tufayli odamda obro’-e’tibor ortadi, kishidan yaxshi nom qoladi, uning hayoti sermazmun, serjilo va barakali bo’ladi. Binobarin, bugungi kunda O’zbekiston mustaqilligini mustahkamlash uchun mamlakatimiz barcha fuqarolarida, ayniqsa yoshlarda mehnatsevarlikni qaror toptirish va ular hayotiga singdirish har qachongidan ham dolzarb vazifadir. Prezidentimiz I.A.Karimov ta’kidlaganidek: "Buyuk davlatni ko’zlab, porloq kelajak uchun, farzandlarimiz iqboli uchun, avlodlarga ozod va obod Vatan qoldirmoq uchun yashash va halol mehnat kilish O’zbekistonda istiqomat qilayotgan har bir kimsaning muqaddas burchidir”13.
Etikaning muhim tushunchalaridan biri vatanparvarlik, Vatan tuyg’usi, Vatanni sevishdir. Vatanparvarlikning juda ko’p ta’rif - tavsiflari bor. Axloqshunoslikda vatanparvarlik deb insonning o’z Vataniga mehr-muhabbati, unga sadoqati, uning o’tmishi, hoziri va kelajagi bilan faxrlanishi hamda vatan manfaatlari yo’lida xizmat qilishga tayyor turishi kabi hatti - harakatlari va fazilatlariga aytiladi. Inson uchun Vatandan, ona - yurtdan, tug’ilib o’sgan, quchog’ida mehnat qilib, yayrab - yashnayotgan joydan yuksakroq boylik yo’q. Chunki har birimiz qishlog’imizsiz va shahrimizsiz, tumanimizsiz va viloyatimizsiz va nihoyat butun O’zbekistonsiz yashay olmaymiz. Shu boisdan har birimiz O’zbekistonni sevishimiz ham farz, ham qarzdir. Binobarin, bugungi mustaqillik davrida Prezidentimiz I.A.Karimov ta’kidlaganidek: “Vatanning har bir asl farzandi o’zini ota yurtining ajralmas bo’lagi, deb his etayapti va bundan faxrlanayapti. Istiqlol bergan eng katta boyliklardan birinchisi ana shu desak, aslo yanglishmagan bo’lamiz”14.
Etikaning muhim tushunchalaridan biri baynalmilal va xalqaro hamkorlikdir. Baynalmilalchilik arabcha “baynalmilal” — millatlararo so’zidan olingan bo’lib, jahondagi yoki muayyan mamlakatdagi barcha millat va elatlarning tengligi, hamjihatligi va hamkorligini ifodalaydi. Baynalmilallik milliy cheklanish va shovinizm (bir millatning ikkinchi millat ustidan hukmronligi)ga butunlay qarama - qarshidir. Baynalmilallik g’oyalari hamisha kishilarni va mutafakkirlarni jalb qilib kelgan.
Nemis mutafakkiri G. E. Lessing (1729-1781): “Dunyodagi barcha xalqlar har jihatdan ham tengma - teng, biri ikkinchisidan ortiq emas", — degan edi. Sharqda “Qirqta elat birlashsa, dushman kuchi qirqilur”, degan maqol bor. Binobarin, millatlar boshqa xalqlarning yutuqlaridan foydalanmay turib rivojlana olmaydilar. Barcha xalqlarning ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy, ma’naviy yuksalish tarixi bir - birlari bilan chirmashib ketgan. Shuning uchun ham har bir millat o’z doirasida cheklanib qolmay, boshqa millatlar va xalqlar bilan birgalikda taraqqiy qiladi. Demak, mamlakatimizda bironta ham millat, elat boshqa millat va elatlardan, umumiy jahon sivilizatsiyasidan ajralgan holda taraqqiy qila olmaydi. Bu tariximizda ko’plab isbotlanganidek, bugungi mustaqilligimiz sharoitida Yanada muhim ahamiyat kasb etmoqda. Chunki O’zbekistonda o’zbeklar bilan birga 130 ga yaqin millat va elatlar vakillari yashab, mehnat qilmoqda. Prezidentimiz I. A. Karimov ta’kidlaganidek: "hayotimizning o’zi turli millat, e’tiqod va din vakillari o’rtasida o’zaro hurmat hukm surgan sharoitdagina umumiy xonadonimiz, umumiy kelajagimiz, farzandlarimiz kelajagini qurish mumkinligini ko’rsatib turibdi".
Do'stlaringiz bilan baham: |