Demokratik tamoyillarning milliy g‘oya maqsadlari bilan o‘zaro bog‘liqligi
Milliy g‘oya insonparvarlik tamoyiliga amal qilishni taqozo etadi. Mamlakatimizda insonparvar va demokratik jamiyat barpo etilmoqda. Biz xalqimizning muqaddas qadriyatlari hamda ulkan tarixiy merosiga tayanib, shuningdek, umume’tirof etilgan demokratik tamoyil va me’yorlarga rioya qilgan holda, insonparvar jamiyat barpo etmoqdamiz. Bugunga kelib mustabid tuzum asoratlaridan, uning g‘ayriinsoniy g‘oyalaridan, shuningdek yakka mafkurachilik amalidan xalos bo‘ldik. Hozirgi murakkab rivojlanish bosqichida O‘zbekistonning demokratik istiqbolini jamiyatda insonning tub manfaatlariga mos ijtimoiy munosabatlarni shakllantirish orqaligina ta’minlash mumkin. Bunda milliy g‘oyaning insonparvarlik va demokratik tamoyillari mazmuni inson va jamiyat manfaatlari uyg‘unligini belgilab beruvchi tayanch nuqta va jipslashtiruvchi kuch hisoblanadi.
Millat tafakkuri, ruhiyati va fikrlash tarzi qarashlar xilma–xilligini aslo inkor etmaydi. Xalqimizning «Kengashli to‘y tarqamas» degan maqoli ham fikrimizni tasdiqlaydi. Umumbashariy demokratik tamoyillarning hayotimizdan mustahkam o‘rin olishi, ma’naviy kuch-qudratimiz timsoli bo‘lgan milliy g‘oyada aks etgan insonparvar tuzum, barqaror taraqqiyot, xavfsizlik, milliy davlatchilikning ma’naviy tayanchlari nechog‘lik mustahkam bo‘lishiga bog‘liq.
O‘zbekiston Konstitutsiyasi va qonunlarida fuqarolarimizning huquqlari to‘la kafolatlangan. Ushbu huquqiy asosga tayangan holda g‘ayriinsoniy qarashlarning hayotimizga ta’siridan mutloq xalos bo‘lish, millatning kuch qudratini zaiflashtiruvchi ayrim ma’naviy nuqsonlarga barham berish jarayoni izchil amalga oshirilishi kerak. Bu esa demokratiya mohiyatini tom ma’noda anglab etishni, hokimiyat organlari va fuqarolar o‘rtasidagi munosabatlar madaniyatini yuqori saviyaga ko‘tarishni talab etadi.
Mamlakatimizda demokratik jarayonlar rivojlanishi va jamiyat hayotini yangi sharoitga mos ravishda ma’naviy–ma’rifiy yangilanish, odamlarni ana shu jarayonlarga moslashuvi bozor munosabatlari shakllanishidan orqada qolayotganligi kuzatilmoqda.
SHuningdek, jamiyatning demokratiyalashuvi uchun yaratilgan imkoniyatlar, huquqiy bazalar bilan ularning real hayotga aylanishi o‘rtasida nomutanosiblik sezilmoqda. YUrtimizda jamiyatni demokratiyalashuvi uchun huquqiy baza va imkoniyatlar yaratilgan. Ammo, ularning real amalga oshuvi mavjud ehtiyoj darajasidan orqada qolmoqda.
Bugungi kunda bizning turmush tarzimizga, ruhiyatimizga turli ma’naviy–ma’rifiy xurujlar bo‘lmoqda, «demokratiya» va «erkinlik» niqobi ostida soxta demokratiya va erkinlik g‘oyalari turli usullar orqali uzluksiz ravishda tiqishtirilayapti. Hozir bizning milliy tushunchalarimizni barbod etishga, mafkuraviy immunitetimizni susaytirishga, yoshlarimizni duragaylashtirishga qaratilgan tajovuzlarni, muntazam harakatlarni sezib turibmiz. Bugungi kunda inson qalbini egallash uchun butun dunyoda to‘xtovsiz kurash ketayapti. Bu zararli g‘oyalarga qarshi xalqimizning or–nomusi, imon-e’tiqodi, ma’naviy qadriyati mafkuraviy immunitet vazifasini o‘tashi zarur.
Insoniylikni har narsadan aziz bilgan xalqimiz bunday «demokratiya», bunday «erkinlik»ni aslo qabul qilolmaydi. SHu sababli ham bunday zararli g‘oya va harakatlarning turmush tarzimizga kirib, yoshlarning qalbini egallashi va milliy urf–odat, qadriyatlarimizni qadrsizlantirishiga murosasiz bo‘lish har bir ma’rifatli insonning vatanparvarlik burchidir.
Ayrim kuchlar tomonidan «demokratiya targ‘iboti» shaklida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘ridan–to‘g‘ri G‘arb turmush tarzining zo‘rma zo‘raki tiqishtirilishiga aylanib ketayapti. Bir paytlar «jahon proletariati inqilobi» qanday eksport qilingan bo‘lsa, bugun behayolik, uyatsizlik, shafqatsizlik va zo‘ravonlik singari noinsoniy tushunchalar shunday eksport qilinayapti. Bunday zararli g‘oyalarga qarshi yoshlarda mafkuraviy immunitetni shakllantirishning zarurligi to‘g‘risidagi Prezidentimizning quyidagi fikrlari o‘rinli. YA’ni, «Har qanday kasallikning oldini olish uchun, avvalo, kishi organizmida unga qarshi immunitet hosil qilinadi. Biz ham farzandlarimiz yuragida ona Vatanga, boy tariximizga, ota–bobolarimizning muqaddas diniga sog‘lom munosabatni qaror toptirishimiz, ta’bir joiz bo‘lsa, ularning mafkuraviy immunitetini kuchaytirishimiz zarur»1.
Ushbu omillarning mustaqilligimizga va milliy ma’naviyatimizga zararini e’tiborga olib, YUrtboshimiz «Millatni asrash kerak» degan g‘oyani qayta-qayta uqtiradi. Millatni asrash o‘zligimizni, odob–axloqimizni, merosimiz, qadriyatlarimiz va milliy ruhimizni zararli g‘oyalar va mafkuralar ta’siridan himoyalab, ularga qarshi kurashish fuqarolarimiz va yoshlarimiz qalbida mafkuraviy immunitetni shakllantirish degan ma’noni ham anglatadi. SHu sababdan mustaqil O‘zbekistonda hozirgi davrda millat, jamiyat, davlatning birlashtiruvchi bayrog‘i bo‘lgan milliy g‘oya va mafkurani xalqimiz ongiga singdirish borasida keng ko‘lamli ma’naviy–ma’rifiy ishlar olib borilmoqda
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik o‘zgarishlar va erkinlashtirish jarayonlarini yanada chuqurlashtirish, milliy–ma’naviy salohiyatni rivojlantirish, yoshlar ongiga milliy g‘oyaning demokratik va gumanistik mazmunini singdirish muhim vazifadir.
Mustaqil O‘zbekiston huquqiy demokratik davlat qurilishining o‘ziga xos yo‘lini, ya’ni jahonda e’tirof etilgan «o‘zbek modeli»ni tanlagan. O‘tgan yillar ichida har jihatdan qo‘lga kiritgan yutuqlarimiz bilan fahrlansak arziydi. Ana shu muvaffaqiyatlarda mustaqil taraqqiyotimizning tub manfaat va maqsadlarini ifodalovchi g‘oyalar tizimi - milliy mafkura ham muhim rol o‘ynamoqda.
Zero, har bir davlat, jamiyat o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan vazifani amalga oshirish, barcha ijtimoiy sinflar, tabaqalar, millatlar, turli diniy e’tiqod vakillarini birlashtirish uchun ma’lum bir mafkurani tanlaydi. Insonparvar, demokratik jamiyat va huquqiy davlat o‘z faoliyatida jamiyatdagi barcha ijtimoiy kuchlarning umumiy manfaatlarini ko‘zda tutib ish ko‘radi, oqibatda muxolif ijtimoiy guruhlar, siyosiy partiyalar o‘zaro kurashmaydilar. Negaki, ular jamiyat umummafkurasi asosida ish yuritadilar va demokratiya qoidalariga rioya qilib, har bir masalani o‘zaro bahs-munozara, fikrlashuv asosida hal etadilar. CHunki, har qanday davlat va jamiyatda demokratik tartib-qoidalar buzilsa, huquqiy normalar paymol etilsa, u albatta inqirozga yuz tutishini tarix isbotlagan. Jumladan, fashistlar Germaniyasi, Italiya, Sobiq SSSR, Afg‘oniston, Iroq, Suriya va bir qator arab davlatlari bunga yorqin misoldir.
Demokratik huquqiy davlat qurilishida mafkuraning ahamiyati kattadir. Birinchi Prezidentimiz I.Karimovning asarlarida asoslab berilgan nuqtai nazar va g‘oyalar milliy mafkuraning asosi sifatida e’tirof etilmoqda. YA’ni, bu mafkura xalqimizning tarixini, axloqini, turmush tarzini, qadriyatlarini, falsafasini, badiiy didini, diniy ta’limotlarini o‘ziga chuqur singdirgan.
Demokratiya inson qadr-qimmati, manfaatlari, fikr erkinligi bilan bog‘liqligi (O‘zbekiston Respublkasi Prezidenti SH.M.Mirziyoevning Davlat hokimiyati idoralarining xalq uchun ishlashi – demokratik taraqqiyot talabi ekanligi haqidagi fikrlari. “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturiga mosligi).
Huquqiy demokratik davlat va erkin fuqarolik jamiyatini barpo etish milliy mafkuradagi asosiy maqsad bo‘lib, unga Vatan ravnaqi, yurt tinchligi, xalq farovonligi, komil inson, ijtimoiy hamkorlik, millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik g‘oyalarini insonlar ongiga singdirish bilan erishish mumkin. Buning uchun, avvalo, har bir fuqaroning jamiyatdagi o‘z o‘rni, huquq va burchlarini chuqur anglashi g‘oyat muhim ahamiyatga ega.
Fuqarolik jamiyatida shaxsning barcha huquqlari qonun yo‘li bilan kafolatlanadi va uning manfaatlari imkon qadar ro‘yobga chiqariladi.
Inson huquqlari ustuvorligi jamiyat a’zolarining tom ma’nodagi tengligini anglatadi. Huquqiy madaniyat insondagi fuqarolik jamiyati a’zosiga xos bo‘lgan dunyoqarashning zaruriy poydevori hisoblanadi. Sobiq shurolar davri Konstitutsiyalarining barchasi jamiyatning bir qismini boshqa bir qismiga qarama-qarshi qo‘yishga, davlatning sinfiyligi tushunchasiga asoslangan edi. Mamalakat ishchi va dehqonlar davlati deb e’lon qilinib, xususiy mulk bekor qilingan, tadbirkorlik, tashabbuskorlikka chek qo‘yilgan edi. Sotsializm davrida barcha sohalarda mafkuraviy aqidabozlik avjga chiqdi, jamiyat hayotida «ishchilar sinfining dunyoqarashi» hamma narsadan baland qo‘yildi. Ilmiy, badiiy, ma’naviy, falsafiy hayot erkinlikdan mahrum etildi. SHu sababli sho‘ro tuzumi tanazzulga yuz tutdi.
Demokratiya tamoyillari tizimida mafkuraviy plyuralizm turli fikrlarning o‘zaro hamohangligini e’tiborga oladi. G‘oyaviy-mafkuraviy plyuralizm jamiyat demokratiyalashuvining yorqin ko‘zgusidir.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida jamiyat hayotining, xususan mafkuraviy jarayonlarning ham huquqiy me’yorlari aniq belgilab qo‘yilgan. Konstitutsiyaning 12 moddasida: «O‘zbekiston Respublikasida ijtimoiy hayot siyosiy institutlar, mafkuralar va fikrlarning xilma – xilligi asosida rivojlanadi. Hech qaysi mafkura davlat mafkurasi sifatida o‘rnatilishi mumkin emas» deyilgan».1
Albatta, davlat - jamiyat siyosiy tizimining o‘zagi, mamlakat barqarorligi va izchil taraqqiyoti uchun mas’ul bo‘lgan siyosiy institutdir. SHu ma’noda, u jamiyatning o‘z milliy `g‘oyalari atrofida mustahkam jipslashuvi, fikrlar rang–barangligi va qarashlar xilma xilligi asosida hayotda mafkuraviy jarayonlarning muvofiqlashuvidan manfaatdor.
Bosh islohotchi sifatida davlat ijtimoiy–siyosiy barqarorlik, milliy xavfsizlik, kelajak hayot manfaatlaridan kelib chiqib jamiyatda milliy g‘oyani ro‘yobga chiqarish uchun faoliyat olib boradi. O‘zbekistonda davlat milliy mafkuraning sub’ekti emas, balki undagi g‘oyalarni ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladigan siyosiy institutdir.
Fikrlar rang–barangligini qaror toptirish – demokratik jamiyat barpo etishning asosiy shartidir. Demokratiya davlat va jamiyat qurilishi va uni idora etishning eng maqbul shakli sifatida har bir fuqaroga o‘z fikrlarini erkin ifoda etishi uchun sharoit yaratadi. Bu esa insonning mamlakat siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy, hayotidagi ishtirokini, qonunlarni ishlab chiqish va ularni hayotga joriy etishdagi faolligini ta’minlaydi. Milliy g‘oyaning ushbu tamoyili olamdagi turli tumanlik bilan insoniyat dunyosidagi xilma xillikning, odamlarning fikrlashi, orzu–umidlari, g‘oya va maqsadlaridagi rang–baranglikni ifodalaydi. Fikrlar rang–barangligi milliy mafkuraga jon bag‘ishlaydi, uning takomillashishiga yordam beradi. Ana shu asosda bu mafkura xilma–xil fikrlar bilan boyib boradi, turli g‘oyalarni o‘ziga doimiy singdirish imkoniga ega bo‘ladi.
Mustaqil O‘zbekiston ijtimoiy plyuralizm, hayotni erkinlashtirish, mulkning turli shakllari teng huquqligini qonuniy kafolatlash yo‘lidan bormoqda. Natijada o‘tgan yillar ichida turli ijtimoiy guruhlar, tabaqalar, sinflar maydonga keldi. Ularning o‘z iqtisodiy va siyosiy manfaatlari bir–biridan ma’lum darajada farq qilmoqda. Ammo, ular umumiy maqsad – yagona Vatan ravnaqi, yurt tinchligi, halq farovonligi yo‘lida o‘zaro hamkorlik va tinch–totuvlik, kelishuvchanlik talablariga rioya qilmoqdalar. Zero, jamiyat har kimning qanday partiya yoki harakatga mansub bo‘lganiga qarab emas, el–yurt tinchligi, Vatan ravnaqi, xalq farovonligi yo‘lida amalga oshirayotgan ishlariga qarab baho beradi.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik–huquqiy islohatlarni fuqarolar ongiga singdirish milliy mafkuramiz oldida turgan muhim masalalardandir.
Demokratiya – erkinlik, erkin fikr, erkin harakat – faoliyat demak. YA’ni, o‘zlikni namoyon etish imkoniyatining mavjudligidir. Har bir fuqaro qobiliyati, bilimi, malakasini ishga solib, yaxshi yashash uchun bemalol kurash olib bora oladi. Biroq ayni vaqtda, demokratiya – yuksak ma’naviyatni, ma’suliyatni his qilishni talab etadi. Qonun, huquq imkoniyatlar bersa, axloq burch, o‘zgalar manfaatini hisobga olish esa mas’uliyat yuklaydi, har bir individual shaxs manfaati bilan jamiyat manfaati chambarchas bog‘liq ekanini bildirib turadi. SHu zaminda raqobat ham, aqlu zakovat ham, adolat o‘zaniga tushadi, kishining kishi tomonidan nohaq ezilishi, zo‘ravonlik qilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Demokratiya - bozor iqtisodiyoti. Bu esa, turgan gapki, hamma sohalarda shaxsiy qobiliyatni charxlaydi, raqobat va «kim o‘zarga» bardosh berishni talab qiladi. Buning oqibatida shaxsda kurashchanlik ortadi, kishi toblanadi, shu bilan birga, xudbinlik ham rivojlanadi. Xudbinlik andishasizlikni vujudga keltirishi mumkin. Biroq, yuqorida qayd etganimizdek, demokratiya erkin va ochiq muloqotlarni, qonun asosida munosabatlarni qat’iy yo‘lga qo‘yib, oshkoralikni yuzaga keltiradi va adolatni tiklashga imkon yaratadi.
Prezidentimiz SHavkat Miromonovich Mirziyoev O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 24 yilligiga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilishda 2017 yilni yurtimizda “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb e’lon qildilar. SHu bilan birgalikda Prezident o‘z ma’ruzasida “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”ning maqsadi va vazifalariga to‘xtalib, davlat organlarining fuqarolar bilan o‘zaro munosabatlari yuzasidan yondashuvni tubdan qayta ko‘rib chiqish zarurligini va bu borada aholi bilan doimiy muloqot qilish, ularni qiynayotgan muammolarni hal etishning yangi mexanizmlari va samarali usullarini joriy etish yuzasidan bajarilishi zarur bo‘lgan muhim masalalar to‘g‘risida gapirib o‘tdi.
Prezident SHavkat Mirziyoev bu yilda davlat boshqaruv idoralari oldiga qo‘yiladigan eng muhim vazifalarga to‘xtalib, “Biz aholi eng ko‘p murojaat qiladigan davlat idoralari faoliyatida odamlar bilan ishlash bo‘yicha sifat jihatidan mutlaqo yangi tizimga o‘tish haqidagi o‘ylayapmiz. Xususan, 2017 yildan boshlab barcha darajadagi hokimlar, prokuratura va ichki ishlar organlari rahbarlarining aholi oldida hisobot berish tizimi joriy etiladi”, -deb ta’kidladi.
2017 yilni O‘zbekistonda “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb e’lon qilinishi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
2016 yil 5 oktyabrda qabul qilingan “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi va 2016 yil 21 oktyabrda qabul qilingan “Sud-xuquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning xuquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonlarida ilgari surilgan muhim tadbirlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.
Sud-xuquq tizimini yanada demokratlashtirish va erkinlashtirish, sud, xuquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari faoliyati samaradorligini oshirish, aholining odil sudlovga bo‘lgan ishonchini oshirish, jamiyatda qonun ustivorligini ta’minlash va qonuniylikni mustahkamlashga qaratilgan Farmonda –“fuqarolarning xuquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga tajovuz qilish holatlari yuzasidan zudlik bilan zarur choralar ko‘rish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini o‘z vaqtida hal etish, murojaatlarni ko‘rib chiqishda sansalorlik va befarq munosabatda bo‘lish holatlariga yo‘l qo‘ymaslik uchun jinoiy javobgarlikgacha bo‘lgan javobgarlikning muqarrarligini ta’minlash, shuningdek, buzilgan xuquqlarni tiklash bo‘yicha barcha zarur choralarni ko‘rish”, - yaqin kelajakdagi Davlat siyosatining asosiy ustivor yo‘nalishlarini amalga oshirish bo‘yicha sud, xuquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlarining muhim vazifalari sifatida belgilandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonlari talablarini bajarish va aholining xuquq va erkinliklarini himoya qilish borasida bergan ko‘rsatmalari asosida hozirgi kunda respublikamizning har bir tuman va shaharlarida “Xalq qabulxonalari” tashkil etildi va faoliyat olib bormoqda. Minglab insonlarning, ayniqsa keksa yoshdagi qariyalarning yillar mobaynida hal etilmay kelayotgan muammolari hal qilinmoqda. Fuqarolarning qonuniy talablarini bajarmagan va ularning xuquqlarini poymol qilgan mansabdor shaxslarga nisbatan qonunda belgilangan choralar ko‘rilmoqda. Eng asosiysi mamlakatimizning barcha aholisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2017 yilni Respublikamizda “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb e’lon qilinganligidan cheksiz quvonmoqdalar va Prezidentimizga o‘z minnatdorchiligini bildirmoqdalar.
Do'stlaringiz bilan baham: |