5- mavz Demokratiya va milliy g‘oya
Demokratiyaning SHarqona va G‘arbona talqini
Demokratik tamoyillarning milliy g‘oya maqsadlari bilan o‘zaro bog‘liqligi
Demokratiya inson qadr-qimmati, manfaatlari, fikr erkinligi bilan bog‘liqligi (O‘zbekiston Respublkasi Prezidenti SH.M.Mirziyoevning Davlat hokimiyati idoralarining xalq uchun ishlashi – demokratik taraqqiyot talabi ekanligi haqidagi fikrlari. “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturiga mosligi).
Demokratiya va milliy g‘oya
Jamiyatni erkinlashtirish va demokratlashtirish milliy g‘oyani xalqimiz ongi va qalbiga singdirishning muhim shartidir. Milliy g‘oya siyosiy voqelikni uyg‘unlashtirib, turli shaxslar, ijtimoiy guruhlar ehtiyojlarini mutanosiblashtiradi, ularni mavjud imkoniyatlar asosida bir–biri bilan yaqinlashtiradi va shu ma’noda demokratik qadriyatlarning nufuzini oshiradi. Kishilar ongini mahalliychilik, urug‘-aymoqchilik, milliy mahdudlik kabi ijtimoiy illatlar asoratidan poklash, yot g‘oyalarga nisbatan mafkuraviy immunitetni shakllantirish, mafkuraviy kurashda to‘g‘ri yo‘l tanlash va jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish, g‘oyaviy-mafkuraviy ishlarni demokratiyalash bilan bog‘liq hozirgi davrdagi eng muhim vazifalardandir.
Milliy g‘oya kuchli davlatdan kuchli jamiyat sari borish konsepsiyasiga asoslanadi va shundan kelib chiqib, u siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy hayotning barcha sohalarini erkinlashtirish va demokratlashtirishda hayotiy manfaat va maqsadlar uyg‘unligini ta’minlovchi omil bo‘lib xizmat qiladi.
Mamlakatimiz mustaqillikning dastlabki yillaridan boshlab o‘z rivojlanishining aniq yo‘nalishlarini belgilab oldi. Birinchi Prezidentimiz I.A.Karimov bu yo‘nalishlarning mazmun va ma’nosiga to‘xtalib, mamlakatning siyosiy, iqtisodiy hayotini, davlat va jamiyat qurilishini erkinlashtirish va demokratlashtirish ustuvor yo‘nalish ekanligini ta’kidlagan edi.1 Hozirgi davrda jamiyat hayotining barcha sohalarini erkinlashtirish va demokratiyalash mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha o‘zgarishlarning asosiy bo‘g‘ini ekanligi bilan xarakterlanadi. Mustaqillik yillaridagi erkinlashtirish jarayonlari, jamiyatni demokratiyalashtirish natijalari bu yo‘lda erishilgan dastlabki bosqich sifatida baholanmoqda. Ayni chog‘da, iqtisodiy, siyosiy sohani, huquqiy demokratik davlat hamda fuqarolik jamiyati qurilishini yanada erkinlashtirish, demokratiyalash va modernizatsiyalash bilan bog‘liq aniq vazifalar belgilab olindi.
Birinchi Prezidentimiz I.Karimovning 2005 yil O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qo‘shma majlisida “Bizning bosh maqsadimiz – jamiyatni demokratlashtirish va yangilash, mamlakatni modernizatsiya va isloh etishdir” nomli ma’ruzasida bu boradagi vazifalar aniq-ravshan ko‘rsatib berilgan edi. CHunonchi, “Mustaqillikni mustahkamlash, jamiyatni demokratlashtirish va yangilash biz uchun hamisha birinchi darajali ustuvor maqsad va vazifa bo‘lib qolaveradi”, deb ta’kidlandi, ma’ruzada.1 Milliy g‘oyaning strategik yo‘nalishlari, vazifalari va istiqboldagi rivojlanish xususiyatlari ayni shu vazifalar bilan uzviy bog‘liqdir.
Istiqlolimizning ilk kunlaridanoq xalqimizning eski, qotib qolgan mafkuraviy aqidalardan voz kechib, ma’naviy yangilanishiga, odamlarning ongi va qalbiga milliy g‘oyani singdirishga qaratilgan aniq siyosat olib borayotganligi, yurtdoshlarimizning tafakkurini o‘zgartirishda, islohotlarni joriy etishda yangicha yondashuvlarni shakllantirish, jamiyatimizda diniy bag‘rikenglik, millatlararo totuvlik va barcha ijtimoiy guruhlar o‘rtasida ahillikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |