O’zbek she’riyatida sonnet janri. Bu janr haqida ma’lumot bering. Sonetlar guldastasi atamasini izohlang.
O’zbek she’riyatiga XX asrning birinchi choragida kirib keldi va ommalasha boshladi. Ilk sonnet namunalari Cho’lpon, Usmon NOsir, Masud Shyxzodalar ijodida uchraydi. Keyinchalik Barot Boyqobilov, Rauf Parfi, Abdulla Sher, Mirpo’lat Mirzo, Faxriyor kabi shoirlar janr imkoniyatlaridan unumli foydalangan holda, uning poetik go’zalligidan o’zbek kitobxonlarini bahramand etdilar.
O’zbek sonetnavislari ijodini o’rganishga ehtiyoj sonetning taraqqiyot tadrijini, takomil xususiyatlarini ko’rsatib berish zarurati tufayli yuzaga kelgan. O’zbek she’riyatida bu jarayonni asosan XX asrning ikkinchi yarmida ijod qilgan B>Boyqobilov, Rauf Parfi, Faxriyor sonetlari bizga ma’lum.
Xususan sonnet janrining ham shaklan, ham mazmunan boyitgan ijodkorlardan biri B.Boyqobilovdir. Uning 400dan ortiq sonetlari 2ta sonetlar turkumini tashkil etgan dostonlari ushbu janrning o’zbek adabiyotidagi takomil jarayonini kuzatishga asos bo’ladi.
O’zbek adabiyotida Rauf Parfi sonetlarining ham alohida o’rni bor. U o’ziga xos sonnet turkumlari yaratib, o’zbek soneti taraqqiyotiga munosib hissa qo’shgan shoirdir.
Rauf Parfi sonetlari ko’proq assotsiativ tafakkur hosilasi sifatida yuzaga kelgan. Assotsiatsiyalar sonetlarda metaforalar qo’llash, ramz-obrazlarga murojaat, kontrast usullardan foydalanish hisobiga vujudga keladi. Shoir sonetlarida jiddiy muammo qo’yiladi, kechinma assotsiativ fikrlash tarzi orqali tavsiflanadi. Falsafiy yo’nalishdagi sonetlarda komil inson rozlari, inson erki, millat taqdiriga qayg’urish, shoirning o’ziga xos olami, Vatan muqaddasligi, sevgi iztiroblari va hijron dardlari asosiy mavzu sanaladi.
Assotsiativ tafakkur shoir she’rlaridagi ramz – obrazlar orqali ham yuzaga keladi. “Siyovush” nomli sonetlar majmuida toju taxt dahshatli qirg’in-barotlarga asos sifatida talqin etiladi. Siyovush – ramz, ya’ni o’z farog’ati-yu toju taxtdan voz kechgan, ezguliklar uchun jonini qurbon qilgan shoh avlodining timsoli. Qalam esa pokiza so’z ayta oluvchi ijodkor shaxsi timsoli sifatida talqin etiladi.
Qalamdan o’ch olding. So’zini o’yding
Sening qo’lingdami oyning ajali?!
Shoirning “Munojot” sonetlar majmuida shoir komparativ ko’chimlardan tashqari kontrast ko’chim turlaridan ham unumli foydalangan. Sonetda “do’zaxim-bog’im”, “qoramni oqlab ber” kabi ifodalar shular jumlasidan. Lirik qahramonning hayot haqiqatlaridan, uning o’nqir-cho’nqir yo’llaridan, nohaqliklaridan zada holati uchun shoir o’ziga xos ko’chimlardan foydalanadi.
Nechun boshim uzra qora shamollar,
Osmonda ignadek nur yo’qdir, nechun?
Balki sudrar meni mudhish xayollar,
Ochg’il ko’zlaringni, ey, so’ngsiz ochun.
misralardagi “Qora shamollar” – hayotning salbiy oqimi, “ignadek nur” – haqiqat ma’nosidagi istioralar bo’lsa, “sudrar xayollar”, “ochgin ko’zlaringni ochun”lar apostrofalar, “mudhish xayollar” va “so’ngsiz ochun” esa sifatlash kabi ko’chim turlari qo’llanilganligi ayonlashadi.
Shaftolirang olam nayza uchinda…
Dunyolari yolg’on, men o’ldim chindan…
Ulug’ Tangrim, seni achchiq sog’indim.
She’r davomida aynan harf emas, vasl va raviy birligi takrorlanib kelgan, ya’ni “chin” bo’lagi tertsetlar ohangdorligini ta’minlagan. Islomiy falsafa yo’siniga ko’ra foniy dunyo – yolg’on, sinov dunyosi, boqiy dunyo esa chin dunyo. Lirik qahramon nazarida chin dunyoda Haqqa, Haqiqatga erishish mumkin. Bu bilan qahramonning foniy dunyodan haqiqat izlashi noo’rin ekanligi ta’kidlanmoqda. Tertsetdagi “shaftolirang olam” rangi yorqin bo’lmagan, po’sti yupqa, olovlar ichidagi olam shu holida nayza uchida, ya’ni omonat, bir kun emas bir kun parokanda bo’ladigan holatda tasvirlangan. Ana shu omonat, yolg’on dunyodan qo’l siltagan lirik qahramon so’zlari, ruhiy holati samimiy ekanligiga “chindan o’lish” – “Haqqa yetishish istagi” orqali izoh beradi. Ushbu holatga asos sifatida Tangri sog’inchi esga olinadi. Shuningdek, sonetda “qorong’u nigoh”, “sovuq shivir”, “aziz tovush”, “rangin ovoz”, “go’zal g’imirlash”, “qora shamollar”, “mudhish xayollar”, “yomg’irli yolg’izlik” kabi ko’plab noan’anaviy tashbehlar va istioralar qo’llanilgan bo’lib, ularning har biri shoir nazarda tutayotgan poetik holatning, ijtimoiy muhit va lirik sub’ektning fojiaviy holatini ochib berish uchun ishlatilgan.
Shuningdek, shoirni janr kompozitsion qurilishi va spetsifik xususiyatlari, ya’ni, tugun, ko’tarilish, kul`minatsiya, yechim holati o’ziga jalb qilgan bo’lishi mumkin. Komillik sari intilayotgan inson yo’lidagi qiyinchiliklar ifodasi va u chiqarishi zarur xulosalar, to’xtamlar uchun ushbu kompozitsion qurilish ayni muddao.
O’zbek sonetnavisligida poetik tasvir va talqin imkoniyatlaridan foydalanish tajribasi masalasi yuzasidan quyidagi xulosalarga kelish mumkin:
“O’zbek soneti”da kompozitsion silsila ko’rinishi aks etgan, lekin uni madh etuvchi she’rlar sirasiga kiritib bo’lmaydi. Bunga ularda aks etgan vaziyatlar xilma-xilligi va mavzular ko’lami asosdir. O’zbek she’riyatida sonet janrining taraqqiyot tadriji mobaynida uni favqulodda tashbehlar, yangicha timsollar bilan boyitib borishga harakat qilindi. Sonet poetikasida ko’chimlarning komparativ va kontrast shakllardan ko’proq foydalanildi. Kontigual ko’chim shakllari ayrim o’rinlardagina qo’llanildi.
Xullas, o’zbek soneti badiiy-estetik takomilida Rauf Parfi kabi sonetnavis shoirlarning ijodi muhim rol o’ynagan.
Do'stlaringiz bilan baham: |