3. Rasmiy uslubning lingvistik xususiyatlari
Rasmiy uslub tilining asosiy xususiyati aniqlik va ixchamlikdir, unda muayyan nutqiy qoliplar, kasb-hunar so‘zlari, atamalar, tayyor sintaktik qurilmalar keng qo‘llanib, nutqning aniq va ravshan ifodalanishini ta’minlaydi. Tayyor nutq qurilmalari (shu asosda: shunga ко‘rа; ma’lum qilamizki; ...ni e’tiborga olib; ...ga ко‘rа; ...biz, quyida imzo chekuvchilar, ...ga asosan (muvofiq); ...uchun, ...dan kelib chiqib; ...sharti bilan; ...berilsin, ...taqdirlansin kabi) hujjat matnining darak hikoya xarakterida bo‘lishini, so‘zlarning bir ma’noda ishlatilishini, badiiy-tasviriy vositalarning bo‘lmasliguii, fe’lning majhullik va buyruq-istak shakllarining, qo‘shma gap turlarining keng qo‘llanishini talab qiladi. Til materiali hujjatning turi va xarakteriga qarab tanlanadi.
Ushbu uslubga xos bo‘lgan yoki xos bo‘lmagan stilistik xususiyatlar rasmiy tilda shakllangan matnlarning leksik-grammatik xususiyatlarida yana ham yaqqol namoyon bo‘ladi.
Rasmiy uslubning leksik xususiyatlari. Rasmiy uslubga oid matnlar leksikasi va turg‘un birikmalari o‘zbek tilidagi boshqa FUlarga tegishli matnlar tilidan sezilarli darajada farqlanadi. Shuning uchun ham, ularda boshqa vazifaviy uslublarda deyarli uchramaydigan alohida so‘z va turg‘un birikmalarga duch kelamiz: ma‘muriy javobgarlik, fuqarolik holati, fuqarolik javobgarligi, aybdor, gumondor, jabrlanuvchi, sudlanuvchi, guvoh, jamoat kafilligi, surishtiruv, jabrlanuvchi bilan yarashuv kabi. Yangi sharoitda yangicha mazmun kasb etgan O‘zbekiston Ruspublikasining Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Oliy Majlis, Qonunchilik palatasi, Oliy majlis senati, siyosiy partiyalar, davlat hokimiyat organi, qishloq fuqarolar yig‘ini, saylovoldi tashviqoti, O‘zbekiston ekologik harkati, «Kamolot» yoshlar harakati, qonun ijrosi, konstitutsiyaviy tuzum, davlat tuzilishi, siyosiy institutlar, milliy xolding kompaniyasi singari turg‘un birikmalar ham mustaqillik davri o‘zbek tili taraqqiyotining mahsulidir. Masalan, “O‘zbekiston Respublikasi prokuratura organlari o‘z vakolatlarini har qanday davlat organlari, jamoat birlashmalari va mansabdor shaxslardan suveren holda, faqat qonunga bo‘ysunib amalga oshiradilar”. Gaplarda suveren so‘zining qo‘llanishida sun‘iylik, uslubiy g‘alizlik paydo bo‘lganligini payqash qiyin emas. Xulosa shunday bo‘ladiki, mustaqil so‘zi tilimizda ommalashgan, uni barcha o‘zbekcha matnlarda uchratishimiz mumkin, ma‘nosida kenglik, qo‘llanishida erkinlik mavjud. Suveren so‘zi esa jiddiy ma‘noga ega bo‘lib, rasmiy ohang beradi va rasmiy uslub doirasida chegaralanib, faqat davlat so‘ziga bog‘langanligi ma‘lum bo‘ladi.
Mustaqillik davrida yangicha mazmunda muomalaga qaytgan yoki kirib kelgan prezident, parlament, palata, senat, senator, mahkama, vazirlik, vazir, hokimiyat, hokim, fuqaro, harakat, suverenitet so‘zlarning qo‘llanishiga tilning amalda bo‘lish qonuniyatlariga, uslub talablariga ko‘ra yondashish to‘g‘ri bo‘ladi. Rasmiy uslubda qo‘llaniladigan ayrim so‘z va jumlalarning faolligi shu darajaga yetganki, ularni Rasmiy uslubga xos shtamplar sifatida e‘tirof etishga majbur bo‘lamiz: maqsadida, muvofiq, binoan, belgilamoq, tasdiqlamoq, kuchaytirmoq, nazorat o‘rnatmoq, zimmasiga yuklamoq, taklif kiritmoq, ta‘minlamoq, chora ko‘rmoq, ishlab chiqmoq, joriy etmoq, qabul qilmoq, amalga oshirmoq, tavsiya etmoq, zimmasiga yuklamoq kabilar.
Rasmiy uslubning morfologik xususiyatlari. Rasmiy matnlarning uslubiy alomatlari uning morfologiyasi va sintaksisida ham yaqqol ko‘zga tashlanadi. Masalan, har bir so‘z turkumiga oid so‘zlarning qo‘llanishida o‘ziga xoslik ko‘zga tashlanadi. Otlarni olaylik. Umumlashtiruvchi ma‘nodagi otlar faol: bolalar, ota-onalar, qo‘shin, qurol, aholi, xalq, ishchilar, xizmatchilar, shaxslar, tomonlar, saylovchilar, partiyalar, vakillar va hokazo. Otlarning ma‘lum bir qismi rasmiy uslub ichidagi janr ko‘rinishlariga mos tarzda qo‘llaniladi. Idoraviy uslubdagi ma‘lumotnoma, dalolatnoma, ariza, tilxat, tavsifnoma, bayonnoma singari otlar bunga misol bo‘la oladi. Noaniqliklarga yo‘l qo‘yilmaslik maqsadida ular olmoshlar bilan almashtirilmaydi: O‘zbekiston Respublikasi o‘z taraqqiyot yo‘lini, o‘z nomini aniqlaydi, o‘z davlat ramzlarini: gerbi, bayrog‘i, madhiyasini ta‘sis etadi, o‘z davlat tilini belgilaydi. O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining ramzlari muqaddasdir (1991 yil 31 avgustda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi asoslari to‘g‘risida» gi Qonunning 16 - moddasidan).
Rasmiy uslubga oid matnlarda fe‘l so‘z turkumidagi so‘z shakllari alohida mavqega ega. Masalan, uning o‘timli va o‘timsiz shakllarini olib ko‘raylik. Konstitutsiya matnida quyidagi o‘timli fe‘llar uchraydi: amalga oshirmoq, afv etmoq, bekor qilmoq, belgilamoq, vakolatlarini saqlab qolmoq, vakolatlarni amalga oshirmoq, joriy qilmoq, imzolamoq, kafolatlamoq, rag‘batlantirmoq, saylamoq, tayinlamoq, taqdim etmoq, tartibga solmoq, tasdig‘iga kiritmoq, tasdiqlamoq, ta‘minlamoq, ta‘sis etmoq, tuzmoq, o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritmoq, qilmoq, halqilmoq kabi. O‘timsiz fe‘llar esa nihoyatda faol qo‘llaniladi. Bu holat, ayniqsa, buyruq, farmoyish, bayonnoma, qaror, dalolatnoma, shartnoma singari hujjatlar matnida yaqqol namoyon bo‘ladi: saylanmoq, amalga oshirilmoq, belgilanmoq, tasdiqlanmoq, taqdim etmoq, ilova qilinmoq, rasmiylashtirilmoq, taqdim etilmoq, qabul qilmoq kabi.
Nazorat savollari
1. Rasmiy idoraviy uslubning boshqa uslublardan farqi nimada?
2. Rasmiy-idoraviy hujjatlarni tayyorlashda tinish belgilarini nima uchun qo’llaymiz?
3. Rasmiy uslubga oid matnlarda qaysi so‘z turkumiga oid so‘z shakllari qo’llaniladi va buni misollar bilan keltiring.
Do'stlaringiz bilan baham: |