4-mavzu: O`zbekiston Respublikasida ijtimoiy o’zgarishlar
Reja:
1.O’zbekiston Respublikasida ijtimoiyyo’naltirilgan barqaror bozor iqtisodiyoti, ochiq tashqi siyosatga ega kuchlid emokratik huquqiy davlat va fuqarolik jamiyati barpo etilishi jarayonlari.
2.Besh tashabbusning amaliyotga joriy etilishi
3.Mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi islohotlar ustidan jamoatchilik nazorati samaradorligini, shuningdek, fuqarolarning demokratik oʻzgartirishlardagi faolligini oshirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Tayanch tushunchalar: ijtimoiy siyosat, jtimoiy himoya, aholi qatlamlari, kuchli ijtimoiy siyosat, besh tashabbuslar, yoshlar davlat siyosati.
ADABIYOTLAR:
1. 2017-yil 7-fevralda qabul qilingan 2017-2021 yillarda O’zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo’nalishi bo’yicha HARAKATLAR STRATEGIYASI Davlat dasturi.
2. Mirziyoyev Sh.M .. Biz birgalikda ozod va obod, demokratik O'zbekiston davlatini barpo etamiz. T. O'zbekiston, 2016 yil.
3. Mirziyoev Sh.M. Tanqidiy tahlil, qat'iy intizom va shaxsiy javobgarlik har bir rahbarning kundalik qoidasi bo'lishi kerak. T. O'zbekiston, 2017 yil.
4. Mirziyoev Sh.M. Biz buyuk kelajagimizni mard va olijanob xalqimiz bilan birgalikda quramiz. T.2017.
5. Karimov I.A. O'zbekistonning o'z mustaqilligi va taraqqiyot yo'li. T. "O'zbekiston" 1992 yil.
6. Karimov I.A. O'zbekiston - bozor iqtisodiyotiga o'tishning o'ziga xos usuli. T. "O'zbekiston" 1993 yil.
7. Karimov I.A. Jamiyatimizni liberallashtirish, islohotlarni chuqurlashtirish, ma'naviyatimizni yuksaltirish va xalqimizning turmush darajasini oshirish bizning barcha ishlarimizning mezoni va maqsadidir. T. O'zbekiston, 2007 yil.
9. Karimov I.A. Mamlakatni modernizatsiya qilish va iqtisodiyotimizni barqaror rivojlantirish yo'lida. T. O'zbekiston, 2008 yil.
10. Karimov I.A. Vatanimiz baxti va buyuk kelajagiga xizmat qilish eng katta baxtdir. T. O'zbekiston. 2015 yil.
11. G'aniev D. O'zbekiston: mustaqillikka qadam. T. "Sharq", 1995 y.
12. G'ulomov S. Mustaqillik sari. T. "Muxlis", 1996 y.
13. Usmonov K. Mustaqillik O'zbekistonga nima berdi? T. Fan, 2000 yil
14. O'zbekistonning yangi tarixi. 3-kitob. Mustaqil O'zbekiston tarixi. T., "Sharq", 2000 yil.
15. Shamsutdinov R., Karimov Sh., Ubaydullayev Ў. Vatan tarixi. Sharq ”, 2003 y.
16. Jo’rayev N.Mustaqil O’zbekiston tarixi. T.”G’afur G’ulom nomidagi nashriyot-matbaa ilodiy uyi. 2013.
17. Xoliqulov R.,G’aniyev K.,Nasrullayev M.O’zbekiston tarixi(nomutaxassis yo’nalish talabalari uchun). Samarqand, 2019.309-324-betlar.
O’zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti I.A.Karimov tomonidan yurtimizda ijtimoiy yo’naltirilgan barqaror bozor iqtisodiyoti, ochiq tashqi siyosatga ega kuchli demokratik huquqiy davlat va fuqarolik jamiyati barpo etildi. Istiqlolimizning ilk yillaridayoq, yurtboshimiz yuksak demokratik talablarni hayotimizga to’liq joriy etish, fuqarolik jamiyati barpo qilish, farovon hayotga erishish bir-bir bilan chambarchas bog’liq va uzluksiz davom etadigan jarayon ekanligini ta’kidlab, bunday darajaga ko’tarilish hech qachon osonlikcha kechmasligini uqdirib o’tgan edilar. I.A.Karimov “O’zbekiston – bozor munosabatlariga o’tishning o’ziga xos yo’li” risolasida mamlakat mustaqillikka erishgandan so’ng dastlabki yillardagi rivojlanish jarayonlarini tahlil qilib, O’zbekistonda davlat qurilishi va iqtisodiyotni isloh qilish dasturining o’zagi sifatida 5 ta asosiy tamoyilni belgilab berdilar. Nazariy va amaliy jihatdan puxta ishlab chiqilgan bu dastur yashab turgan fuqarolarning taqdirigina emas, balki ularning kelajak avlodlarining taqdirini ham o’ylab tuzilgan bo’lib, o’sha davrda hukmron bo’lgan yakka hokimlik tizimining illatlarini tezroq bartaraf etish, mamlakatimizni rivojlangan, madaniyatli mamlakatlar darajasiga chiqib olishini ta’minlashni ko’zda tutgan edi. Bu haqiqatan ham Islom Karimov nomi bilan jahonga tanilgan taraqqiyotning o’zbek modeli edi.Taraqqiyotning o’zbek modeli quyidagi tamoyillarga asoslanadi:
birinchidan, iqtisodiy islohotlar hech qachon siyosat ortida qolmasligi kerak, ya’ni iqtisodiyot siyosatdan ustun bo’lishi kerak. SHuningdek, ichki, tashqi va iqtisodiy munosabatlarni mafkuradan holi etishni ta’minlash zarur;
ikkinchidan, o’tish davrida davlat asosiy islohotchi bo’lishi lozim. U islohotlarning ustuvor yo’nalishlarini belgilab berishi, o’zgarishlar siyosatini ishlab chiqishi va uni izchillik bilan amalga oshirishi shart;
uchinchidan, qonun ustuvorligiga erishish, qonunlarga qat’iy rioya etish lozim. Buning ma’nosi shuki, demokratik yo’l bilan qabul qilingan yangi Konstitutsiya va qonunlarni barcha hech istisnosiz hurmat qilishi va ularga og’ishmay rioya etishi lozim;
to’rtinchidan, aholining demografik tarkibini hisobga olgan holda kuchli ijtimoiy siyosat o’tkazish kerak.
beshinchidan, bozor iqtisodiyotiga o’tish iqtisodiyotning ob’ektiv qonun-larini e’tiborga olib, yaqin o’tmishdagi “inqilobiy sakrashlar”siz, ya’ni evolyutsion yo’l bilan puxta o’ylab, bosqichma-bosqich amalga oshirilishi kerak.
Bozor iqtisodiyotini shakllantirishning evolyutsiya yo’lining tanlab olinganligi o’zining an’anaviy og’ir-bosiqligi, puxta o’ylab qaror qabul qilishga ruhan moyilligi hamda tinchliksevarligi tufayli bir holatdan ikkinchisiga, ayniqsa turmush tarzida, sakrab o’tishga rag’bati yo’q o’zbek xalqining fikrlash tarziga aynan mosdir. Yana shu narsa ham g’oyat muhimdirki, bozor taraqqiyotining bosqichli jarayoni davlatning tub ijtimoiy-iqtisodiy o’zgarishlarni ahillik vaziyatida, jamiyatning qo’llab-quvvatlashiga tayanib amalga oshirish imkonini beradi.
Mamlakatimiz strategiyasi nafaqat ichki va tashqi siyosatdagi islohotlar sari tashlangan qadamda, balki, eng avvalo, davlatning xalqqa, xalqning davlatga boʻlgan munosabatini oʻzgarayotganligida namoyon boʻlmoqda. Yurtimizda yashayotgan har qaysi inson millati, tili va dinidan qatʼi nazar, erkin, tinch va badavlat umr kechirishi, bugun hayotdan rozi boʻlib yashashi davlatning bosh maqsadi sifatida strategik yoʻnalishlar belgilanmoqda. Ular avvalo, rivojlantirilayotgan ijtimoiy sohalarda oʻz ifodasini topmoqda. Yoshlarga munosib taʼlim berish, zamonaviy kasb-hunarlar bilan qurollantirish, aholining salomatligini taʼminlash, nogironligi boʻlgan shaxslar, boquvchisini yoʻqotganlar, yolgʻiz keksalar, umuman, koʻmakka muhtoj qatlamlarni qoʻllab-quvvatlash davlatimiz rahbarining 2018 yil 28 dekabr kuni Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasida oʻz tasdigʻini topdi.
Davlat va jamiyat qurilishi shunday bir murakkab tuzilmaki, uning tarkibidagi bir-biriga bogʻliq boʻlgan va bir-birini toʻldiradigan soha va jabhalarni bir vaqtning oʻzida jadal rivojlantirishni talab qiladi. Ularning har biri ikkinchisiga zamin yaratadi. Qaysidir asosiy soha avval rivojlanib, boshqa soha va tarmoqlar uchun lokomotiv vazifasini ham bajaradi. Albatta, bu jarayonda har bir sohaning oʻziga xos xususiyatlarini inobatga olish, obyektiv tahlil qilish, oʻz vaqtida tegishli chora-tadbirlar qabul qilish, ularni rivojlantirishning huquqiy asoslarini yaratish, samarali ishlash mexanizmlarini yangi texnologiyalar asosida tashkil etib berish kabi vazifalarni hal qilishni talab qiladi.
Davlatning harakatlar strategiyasi yetaklovchi lokomotiv kuchi — bu davlat va uning organlari. Islohotlarning garovi va kafolati hokimiyatning samarali faoliyati bilan bogʻliq hodisa. U boshqaruv mahorati bilan uzoqqa moʻljallangan maqsadlarni rejalashtiradi, siyosiy va ijtimoiy jarayonlarni idora qiladi, aholini safarbar etadi, mavjud resurslardan oqilona foydalanish va uni odilona taqsimot qilish vazifalarini amalga oshiradi. Shunday ekan, davlat va jamiyat boshqaruvi tizimlarini takomillashtirmasdan turib mamlakat hayotini modernizatsiya qilib boʻlmaydi. Modernizatsiya oʻz umrini poyoniga yetkazgan boshqaruv usullarini yangi sifat va talablar darajasiga koʻtarish bilan mamlakatni rivojlantirishga olib keladi. Bu jarayonlar bevosita mahalliy hokimiyatlarning hududlarni rivojlantirishga oid masalalarni hal etishda mustaqil qarorlar qabul qilishning huquqiy asoslarini shakllantirishni taqozo qiladi. Shu nuqtai-nazardan Prezidentimiz parlamentning muhim qarorlar qabul qilish va qonunlar ijrosini nazorat etish faoliyatini kuchaytirish, ijro hokimiyati tizimini optimallashtirish, maʼmuriy islohotlarni davom ettirish va davlat boshqaruvida zamonaviy menejment usullarini keng qoʻllash, davlat boshqaruvida samaradorlikni oshirish maqsadida davlat xizmatiga malakali mutaxassislarni jalb etishga qaratilgan yagona kadrlar siyosatini shakllantirish, mahalliy hokimiyat organlarining vakolat va masʼuliyatini qayta koʻrib chiqish, ularning mustaqilligini yanada oshirish vazifalarini belgilaydi.
Boshqaruvda adolatli davlat idora tizimlari shakllanmas ekan, qonun ustuvorligini taʼminlash va sud-huquq tizimini isloh qilishning ustuvor yoʻnalishlari — ikkinchi uzviy bogʻlanuvchi muhim tamoyil taʼminlanmaydi. Ular sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini taʼminlash, sudning nufuzini oshirish, sud tizimini demokratlashtirish va takomillashtirish orqali amalga oshiriladi. Bunday tizimning samarali faoliyati fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishning real imkoniyatlarini vujudga keltiradi.
Jamiyatda adolatli boshqaruvning vujudga kelishi, shubhasiz, iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirishning ustuvor yoʻnalishlarini takomillashtirish imkoniyatini yaratadi. Ular makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash va yuqori iqtisodiy oʻsish surʼatlarini saqlash, tarkibiy oʻzgartirishlarni chuqurlashtirish, milliy iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarini modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, uning raqobatbardoshligini oshirish, ayniqsa, qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish va jadal rivojlantirishning yangi innovatsion texnologiyalarining tatbiq etilishi imkoniyatlarini yaratadi. Yaʼni rivojlanishning ichki qonuniyatlariga koʻra, yangi sifat bosqichga koʻtarilishning murakkab, ammo takomillashgan shakllari paydo boʻladi.
Jamiyatda ijtimoiy ongning oʻzgarishi bilan ijtimoiy munosabatlar ham rivojlanib boradi. Jamiyat va uning holati aslida inson ongining inʼikosi. Fuqarolar qanday ezgu amallar maʼrifati bilan qurollangan boʻlsa, ana shu ruhiy qudrat istaklarining hosilasini oladi. Bu jarayon ulkan toʻlqin sifatida millatning mushtarak maqsadlarida namoyon boʻladi. U, oʻz navbatida, ijtimoiy hayotning barcha jabhalarida yangi tarmoqlarning, ishchi oʻrinlarning paydo boʻlishiga, aholining real daromadi va shunga muvofiq turmush darajasining oʻsib borishiga xizmat qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 3 aprel kuni yoshlar ta’lim-tarbiyasi uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish, xotin-qizlar bandligini oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan 5 ta tashabbusni amaliyotga joriy etish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.
Avval xabar qilinganidek, 19 mart kuni shu borada videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilib, birlamchi vazifalar belgilab berilgan edi. Ularga asosan har bir yo‘nalish bo‘yicha dasturlar loyihalari ishlab chiqildi.
Yig‘ilishda mazkur dasturlarga kiritilgan takliflar, ularni amalga oshirish mexanizmlari muhokama qilindi.
Xususan, birinchi tashabbus bo‘yicha yoshlarni madaniyat va san’at muassasalariga keng jalb etishga oid dastur loyihasi tayyorlangan. Unga muvofiq, 2019-2020 yillarda 14 dan 30 yoshgacha bo‘lgan 2 million yoshlarni madaniyat va san’atga jalb etish bo‘yicha hududiy “yo‘l xarita”larini tasdiqlash ko‘zda tutilgan. Shuningdek, bolalar musiqa va san’at maktablarida qo‘shimcha sinflar, madaniyat markazida cholg‘u, xonandalik, tasviriy san’at to‘garaklari, havaskorlik teatr jamoalari va bolalar ansambllarini tashkil etish belgilangan. Yangidan quriladigan, rekonstruksiya va kapital ta’mirlanadigan hamda jihozlanadigan madaniyat markazlari manzilli ro‘yxati ham shakllantirilgan.
Davlat rahbari dastur loyihasida tadbirlarni amalga oshirish mexanizmlari yetarli emasligi, har bir shahar va tumanga ijodiy maslahatchi sifatida biriktirilgan taniqli namoyandalarning amaliy vazifalari aniq belgilanmaganini qayd etdi. Hududiy “yo‘l xarita”lari ijrosini tizimli tashkil etish, to‘garak va sinflarga qamrab olingan bolalarni rag‘batlantirish, jumladan, har xil tanlovlar o‘tkazish zarurligini ta’kidladi.
Belgilangan qurilish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash, shuningdek, madaniyat markazlari, musiqa va san’at maktablarini musiqa cholg‘ulari bilan ta’minlash uchun tegishli mablag‘ ajratish bo‘yicha topshiriq berildi.
Ikkinchi tashabbus yuzasidan tayyorlangan yoshlarni jismoniy tarbiya va sportga jalb etish, sport inshootlari quvvatini oshirishga qaratilgan dastur loyihasida yaqin 2 yilda har bir tumanda yengil konstruksiyali, sendvich panelli kichik sport zallari qurish belgilangan.
Prezident xarajatlarni belgilashda shularni inobatga olish, aholi va yoshlar o‘rtasida ommaviy sport tadbirlarini o‘tkazishni ko‘paytirish kerakligini ta’kidladi.
Uchinchi tashabbus – aholi va yoshlar o‘rtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanish chora-tadbirlariga oid dastur doirasida 2019-2020 yillarda tuman va shaharlarda Raqamli texnologiyalar o‘quv markazi tashkil etish va ularda bepul ta’lim berish, 19 mingga yaqin ijtimoiy soha ob’ektini yuqori tezlikdagi internet tarmog‘iga ulash ko‘zda tutilmoqda.
Yig‘ilishda aholining kompyuter savodxonligini oshirish, axborot texnologiyalariga qiziqqan bolalarni to‘g‘ri tarbiyalab, ularni malakali mutaxassis darajasiga olib chiqish, dasturiy mahsulotlar yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish chora-tadbirlar dasturi loyihasi to‘rtinchi tashabbus maqsadlarini amalga oshirishga qaratilgan. Unga ko‘ra, har bir hududga 1 million donadan badiiy, tarixiy, ilmiy, ommabop mavzulardagi kitoblar yetkazib berish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, axborot-kutubxona markazlarini rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash, tadbirkorlar tomonidan xalq kutubxonalari ochish ham belgilangan.
Beshinchi tashabbus bo‘yicha hududlarda tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish va xotin-qizlar bandligini ta’minlash chora-tadbirlari dasturi loyihasi tayyorlangan.
Do'stlaringiz bilan baham: |