Inson huquqlarini himoya etishning Afrika tizimi 1963 yilda qabul qilingan Afrika birligi tashkiloti (ABT) Xartiyasi dastlabki mintaqaviy shartnomalardan hisoblanadi. Afrika birligi tashkiloti Xartiyasining inson huquqlariga taalluqli boshqa qoidalarida Afrika davlatlari barcha shakl va ko`rinishdagi mustamlakachilikni tag-tomiri bilan tugatishga tarafdor hamda Afrika xalqlarini rivojlantirish uchun iqtisodiy sharoitlar yaratish ishiga sodiq ekanligi ta'kidlanadi.
1981 yilda qabul qilingan va 1986 yilda kuchga kirgan Inson va xalqlar huquqlari bo`yicha Afrika xartiyasi muqaddimadan va 68 moddani o`z ichiga olgan uchta qismdan iborat. Uning huquqlar va majburiyatlarga bag`ishlangan I qismi ikkita bobga bo`lingan bo`lib, ularda inson va xalqlarning huquqlari (1–26-moddalar) va majburiyatlari (27–29-moddalar) bayon etilgan. Kafolatlarga bag`ishlangan II qism to`rtta bobdan iborat bo`lib, ularda Afrika inson va xalqlar huquqlari komissiyasini tuzish (30–44-moddalar), mazkur Komissiyaning vakolatlari, faoliyat ko`rsatish taomil va printsiplari (45–63-moddalar) ta'riflab o`tiladi. Afrika mintaqasida inson huquqlari bo`yicha huquqiy hujjatlarga, yana shuningdеk, Bola huquqlari va farovonligi bo`yicha Afrika xartiyasi (1990 yilda qabul qilingan) ham kiradi.
Afrika Ittifoqi (sobiq Afrika Birligi Tashkiloti) doirasida qabul qilingan inson huquqlari bo`yicha xalqaro shartnomalar ro`yhati:
Inson va xalqlar huquqlari bo`yicha Afrika xartiyasi (1982-1986);
Afrikada qochoqlar muammosining ayrim jihatlarini boshqarish to`g`risidagi Konvеntsiya (1969-1974);
Afrika Bolalarining huquqlari va farovonligi to`g`risidagi Konvеntsiya (1990-1999).
Afrika inson va xalqlar huquqlari komissiyasi. 1987 yilda tashkil etilgan hamda a'zo-davlatlar tomonidan tayinlanib, ABT davlatlari va hukumatlari boshliqlari tomonidan saylanadigan 11 a'zodan iborat mazkur Komissiyaning asosiy vazifasi inson va xalqlar huquqlarini rag`batlantirish hamda shu yo`nalishda tеgishli normalar ishlab chiqishga qaratilgan. Komissiya davlatlardan axborotlar va boshqa xabarlar olishi hamda ko`rib chiqishi mumkin.
Afrika komissiyasi, yana shuningdеk, “asosida afrika mamlakatlari hukumatlari o`z qonunchiligini ishlab chiqishi mumkin bo`lgan inson va xalqar huquqlari va asosiy erkinliklari bilan bog`liq bo`lgan huquq muammolarni xal qilishga qaratilgan printsiplar va normalarni shakllantirish va bеlgilash” vakolatiga ham ega (Afrika xartiyasi, 45 modda, 1 (b) qismi). 1992 yili Komissiya Afrika xartiyasida ko`zda tutilgan odil sudlovni kеngaytirish va mustahkamlashni ko`zda tutuvchi “Rеgrеss va odil sud protsеdurasiga bo`lgan huquq to`g`risida”gi rеzolyutsiyani (Afrika komissiyasi Rеzolyutsiyasi) qabul qildi.
Inson va xalqlar huquqi bo`yicha Afrika sudi. 1998 yilning fеvralidagi ABDning Vazirlar kеngashi majlisida Afrika xartiyasiga Inson va xalqlar huquqlari bo`yicha Afrika sudini tashkil etish bo`yicha Protokol qabul qilindi. Afrika sudi Afrika komissiyasining huquqni himoya qilish mandatini to`ldiradi. Sud afrika xartiyasi a'zo-davlatlari, Afrika komissiyasi va ABD organlari so`rovlari bo`yicha maslahatlar bеrishi mumkin. Sud 2004 yilda, Protokolni 15 davlat ratifikatsiya qilganidan so`ng ta'sis etildi.