REJA: 1. Iqtisodiy faoliyat va ijtimoiy ishlab chiqarish jarayoni
2. Ishlab chiqarish omillari va samaradorligi.
3. Iqtisodiy harajatlar, ularning tarkibi va turlari.
4. Foydaning mazmuni va taqsimlanishi. 5. Maxsulot xususiyatlari.
1. Iqtisodiy faoliyat va ijtimoiy ishlab chiqarish jarayoni
Kishilik jamiyatida ehtiyojlar turli-tuman bo’lganidan ularni qondirish ham turlicha yo’llar bilan amalga oshiriladi, lekin baribir bu ish iqtisodiy faoliyatni talab qiladi. Iqtisodiy faoliyat deganda inson tirikchiligini ta’minlash usullari va vositalari majmui tushuniladi. Iqtisodiy faoliyat ishlab chiqarishdan boshlanadi, yaratilgan mahsulotlarni ayirboshlash orqali iste’mol etish bilan tugallanadi. Uning asosiy bo’g’ini ishlab chiqarish, ya’ni har xil mahsulot va xizmatlarni yaratishdir. Mehnat yaratgan ne’matlar iqtisodiy ne’matlar deyiladi. Ular tabiatdagi tekin ne’matlar (havo, quyosh nuri, suv) dan farq qiladi. Mahsulotlarni ayirboshlash va ularni iste’moli (ishlatilishi) ham iqtisodiy faoliyat tarkibiga kiradi. Ishlab chiqarish tijorat (savdo-sotiq) orqali iste’mol bilan bog’lanadi. Iqtisodiy faoliyat turlari xilma-xil, lekin ular bir-birini albatta taqozo etadi.
Ishlab chiqarish bo’lmasa kishilar yashay olmaydi, ammo kishilar yaratgan mahsulotlarini o’zaro ayirboshlash orqali iste’molni qondiradilar, bir-birlariga kerakli mahsulotlarni etkazib beradilar.
Kishilar o’z ehtiyojini qondirmasa, ish qobiliyatini tiklay olmaydilar. Binobarin, iste’molsiz ishlab chiqarish ham bo’lmaydi. Ishlab chiqarish turlari g’oyat ko’p. Hozir dunyoda 25 million xil mahsulot va ularning butlovchi qismlari va detallari yaratiladi. Aholiga minglab xil xizmatlar ko’rsatiladi.
Ishlab chiqarish birlamchi faoliyat sifatida ikki turga bo’linadi:
1. Moddiy ishlab chiqarish — aniq moddiy shaklga ega mahsulotlarni (masalan, iste’mol buyumlari, yoqilg’i, xomashyo, mate¬rial, mashina va uskunalarni) yaratish, shuningdek, moddiy sohaga xizmatlar ko’rsatish. Bunga sanoat, qishloq xo’jaligi, yuk transport, qurilish, ombor xo’jaligi, aloqa kiradi.
2. Nomoddiy ishlab chiqarish — moddiy shaklga ega bo’lmagan, qo’l bilan ushlab his etilmaydigan, ammo nafi bor xizmatlar ko’rsatish. Masalan, shifokor yoki o’qituvchi xizmati moddiy ko’rinishda emas, lekin u hammaga zarur. Nomoddiy ishlab chiqarishga madaniyat, xalq ta’limi, sog’liqni saqlash, jismoniy tarbiya va sport kabi sohalar kiradi.Ayirboshlash faoliyatida mahsulotlar va xizmatlar yaratilmaydi, balki ular ma’lum miqdoriy nisbatda bir-biriga almashtiriladi. Bu jarayon ikki xil kechadi: biri –mahsulot ayirboshlash, ikkinchisi — tovar ayirboshlash.
Bir mahsulotning boshqasiga pul vositasida va ma’lum narx asosida, ya’ni oldi-sotdi yo’li bilan ayirboshlanishi tovar ayirboshlash deyiladi.
Tovar ayirboshlash barterdan farqliroq, tovarni oldin pulga, so’ngra pulni kerakli boshqa tovarga ayirboshlashni bildiradi. U hammabop, ya’ni universal ayirboshlashdir. Bu jarayonda pul ishtirok etadi, pulga xohlangan tovarni xohlagan joydan sotib olish mumkin bo’ladi.
Iste’mol - mahsulotni amalda, ya’ni ehtiyojni qondirish uchun ishlatish demakdir. Mahsulotlar, birinchidan, tirikchilik uchun kishilarning o’zlari tomonidan iste’mol etiladi, ikkinchidan, ishlab chiqarishni davom ettirish uchun uning o’zida ishlatiladi.
Iste’mol faoliyat sifatida yakka, oilaviy, guruhiy yoki umummilliy iste’mol tarzida yuz beradi. Masalan, ko’ylakni har bir kishi yakka tartibda kiyadi, televizor, gilam yoki mebel oilaning birgalikdagi iste’molida bo’ladi. Maktab, kasalxona yoki bolalar bog’chasidagi asbob-anjom va jihozlar ham birgalikda ishlatiladi. Armiya, xavfsizlik xizmati yoki boshqa ma’muriy tashkilotlar xizmatidan ayrim kishilar yoki guruhlar emas, balki butun xalq bahramand bo’ladi. Xullas, mahsulotlar va xizmatlar har xil yo’sinda iste’mol etiladi. Ammo, bundan qat’iy nazar, ular iste’mol etilgach, yana qayta yaratilishi lozim. Demak shunday qoida mavjud - ya’ni cheksiz ehtiyojni qondirish uzluksiz iqtisodiy faoliyatni talab qiladi.
Iqtisodiy faoliyat yoki iqtisodiyot kishilarning ma’lum maqsad yo’lidagi xatti-harakatini bildiradi. Uning ishtirokchilari ayrim kishilar, oila, korxona.
Do'stlaringiz bilan baham: |