Fanlar integratsiyasi mavzular doirasida
Boshlangʻich sinf matematika kursi yaxlitligi bilan, mavzularning tuzilish jihatidan keng imkoniyatlarga ega. Boshlangʻich sinf oʻquvchilari dastlabki matematik tushunchalarni oʻzlashtirishlari uchun oʻqituvchi qulay metod va dars shakllarini (turlariini) tanlashi kerak. Bunda didaktik oʻyinlarning ahamiyati katta. Darhaqiqat, oʻyin bogʻcha va maktab yoshidagi bolalarga, oʻsmirlarga ta'lim-tarbiya berishning an'anaviy va sinalgan usullaridan biridir.
Oʻquvchilar matematikadan faqat dastur materiallarini oʻzlashtiribgina qolmay, atrof-muhitni, hodisa va jarayonlarni kuzatishga, solishtirishga, fikrlashga, oʻz xulosalarini asoslashga, matematik til bilan soʻzlashishga urinishlari kerak. Didaktik oʻyinlar darsda ishni individuallashtirish, har bir oʻquvchining kuchiga mos topshiriq berish, uning qobiliyatlarini maksimal oʻstirish imkoniyatini beradi. Oʻyin orqali oʻquvchilar darsdan olgan bilimlarini mustahkamlaydilar, ularni hayotga tatbiq eta olishga tayyorlanadilar. Birinchi sinf oʻquvchilariga 11 dan 20 gacha boʻlgan sonlarni oʻrgatish jarayonida topishmoqli oʻyinlardan foydalanish oʻrinlidir:
Sulton tutdi 13 choʻrtan
A'zam tutdi 4 sazan,
Karim tutdi 2 laqqa
Necha baliq chiqdi qirgʻoqqa? (19 ta baliq).) ;
Bu topishmoqning javobini bolalar topishadi. Topgan bolalar ragʻbatlantiriladi.
Bolalardan soʻraladi:
Baliq qayerda yashaydi?
Siz baliqning suzganini koʻrganmisiz?
Baliq nima uchun tutiladi?
Qachon baliqlarni tutish mumkin?
Bolalar savollarga birin-ketin javob berishadi. Bolalar qiynalishsa, oʻqituvchi yordamlashadi.
2-sinf oʻquvchilariga koʻpaytirish va boʻlish mavzularini oʻrgatish jarayonida “Toʻgʻri taqsimlash" oʻyinidan foydalanish mumkin.
Oʻyinning maqsadi: oʻquvchilarning olgan bilim va koʻnikmalarini tizimlashtirish, ogʻzaki hisoblash malakalarini, fikrlash qobiliyatini oʻstirish, tabiatni muhofaza qilish haqidagi bilim va koʻnikmalarini oshirish.
Jihozlar: gul va kapalak rasmlari.
Oʻyinning borishi: Xattaxta yoniga bir oʻquvchi chiqariladi. Oʻquvchi magnitli xattaxtaga 4 ta gul yopishtiradi va har bir gulga 3 tadan kapalak yopishtiradi. Soʻngra koʻpaytirish va boʻlish amallari orqali ifodalab beradi. Oʻyinda 2-3 oʻquvchi xattaxtaga chiqarilib, ularga turli xil oʻyinlar taqsimlab beriladi. Xattaxta yoniga chiqarilgan oʻquvchilarning ishi bolalar tomonidan kuzatiladi. Toʻgʻri taqsimlagan oʻquvchilar ragbatlantiriladi. Soʻngra oʻquvchilar bilan ishkomdagi uzumlar, olma shoxlaridagi mevalar, polizdagi qovun-tarvuzlar haqida suhbat oʻtkaziladi. Bolalar oʻzlari kuzatgan daraxt shoxlaridagi mevalarning taqsimlanishi haqida fikrlaydilar.
Bu esa bolani tabiatga boʻlgan qiziquvchanligini oshiradi. Matematika darslarida esa quyidagi topishmoqlardan foydalanish muhimdir: Masalan, sonlarni oʻrganishga tegishli topishmoqlardan:
Bir uychada mingta yigitcha. Bu nima?
Asalari.
Yuz qavat koʻylakchasi, yoʻqdir hammasida tugmachasi. Bu nima?
Karam.
Mingta yigitchaga bitta qiyiqcha? Bu nima?
Bedabogʻ
Tovuq desang pati yoʻq,
Oyoq, koʻz, tomogʻi yoʻq,
Ming-minglab ochar joʻja,
Buni toping Xolxoʻja? (Inkubator).
Pak-pakana boʻyi bor, yetti qavat toʻni bor. Bu nima?
Piyoz.
Bu topishmoqlardan dars jarayonida foydalanish orqali oʻquvchilarning fikrlash qobiliyati oʻstiriladi. Bolalarni ona-tabiatni sinchkovlik bilan kuzatishga, borliqdagi narsalarni, turli-tuman voqea va hodisalarni, mehnatni bir-biridan farqlay olishga oʻrgatadi. Turfa olamga boʻlgan qiziqishlarni oʻstiradi.
Masalan: "Bizning maktab va jonajon oʻlka'' mavzusini oʻtish davomida darsning ayrim bosqichlarida didaktik oʻyinlardan foydalanish oʻrinlidir. Oʻyinlarning nomlari taxminan "Oʻylab top" "Kim topadi" boʻlishi mumkin.
"Oʻylab top" mavzusida oʻtkaziladigan oʻyin.
Oʻyinning maqsadi: oʻquvchilarni oʻquv qurollari va ulardan foydalanishga oʻrgatish, tabiatdagi hodisa va predmetlarning go`zalligi haqidagi bilimlarni mustahkamlash.
Jihozlar. oʻquv qurollari, taxtacha-oʻlchov, sirkul, kitob, tevarak atrofni aks ettiruvchi rangli hamda chiroyli rasmlar va boshqalar.
Oʻyinning borishi: Bolalarga turli xil rasmlar tarqatiladi. Oʻqituvchi juda ixcham tuzilgan savollar bilan oʻquvchilarga murojaat qiladi. Oʻquvchi oʻquv qurollarining rasmini tez ajratib olsa, magnit doskaga yopishtiriladi. Shuningdek joylarning fasllarga doir rasmlari asosida savollar tuzib, oʻquvchilar oʻyinga jalb qilinadi.
"Kim tez topadi?" Oʻyinning maqsadi: oʻquvchilarni maktabda ishlayotgan har xil kasb egalarining hayoti va faoliyati bilan tanishtirish. Kasb tanlashga oʻrgatish, mavzu yuzasidan olgan bilimlarini mustahkamlash.
Oʻyinning borishi: stol ustiga turli kasb egalarining fotosuratlari yoyib qoʻyiladi. Doskaga 2-3 oʻquvchi chiqarilib: "Qani aytinglarchi, maktabimizda qaysi kasb egalari ishlaydi?"- deb soʻraladi. Bolalar oʻqituvchi, oshpaz, sotuvchi, hamshira va bogʻbonlarning fotosuratlarini qoʻlga olib, magnit doskaga yopishtiradilar.
Bu jarayon boshqa oʻquvchilar ishtirokida oʻqituvchi tomonidan kuzatib boriladi. Rasmlarni toʻgʻri aniqlagan oʻquvchilar rag`batlantiriladi. Notoʻgʻri javob esa oʻquvchilar va oʻqituvchi tomonidan toʻldiriladi, umumlashtiriladi. Soʻng oʻqituvchi boshqa kasb egalariga tegishli suratlarni ham 4-5 oʻquvchiga tarqatib, ulardan birin-ketin soʻraydi. Ular magnit doskaga yopishtirilgan javoblarni oʻquvchilar yordamida tekshiradi va oʻzi toʻldirib, xulosa chiqaradi.
Matematika darsining texnologiya darsi bilan bogʻlanganligini oʻquvchilar maktabga kelgan kunlardanoq birinchi darsdan sezish mumkin. Bolalar qoʻl mehnati darslarida qogʻoz, karton, plastilin kabi turli materialdan oddiy o`yinchoqlar, kartochkalar, geometrik figuralari yasaydilar. Bunda oʻquvchilar materiallarning rangi, shakli va boshqa xususiyatlariga qarab javob beradilar hamda ularda rang, shakllarni tanlash, solishtirish, taqqoslash koʻnikma va malakalarni hosil boʻladi.
Oʻquvchilar texnologiya darslarida oʻlchash, chizish va turli narsalarning modellarni yasash ishlarini oʻqituvchilar bilan birgalikda bajarib, biz oʻquvchilar ongida grafikaviy tushuncha koʻnikmalarni shakllantirgan boʻlamiz.
Matematika va texnologiya darslarida predmatlararo aloqani amalga oshirib, oʻqituvchi oʻquvchilarni, bogʻbon, sohibkor, haydovchi, sut sogʻuvchi, quruvchi, tikuvchi kabi kasblarga boʻlgan qiziqishlarini oʻstiradi.
Nazorat savollari.
1. Oʻqish-tabiatshunoslik fanlarining integratsiyalashuviga misol keltiring?
2. Tabiatshunoslik-matematika fanlarining integratsiyalashuviga misol keltiring?
3. Ona tili-matematika fanlarining integratsiyalashuviga misol keltiring?
Do'stlaringiz bilan baham: |