Bog'liq 4-ma’ruza. Faoliyat xavfsizligini boshqarish tizimi 270921114228
2. Mehnatni muhofaza qilishni boshqarish. Mehnatni muhofaza qilishni davlat tomonidan boshqarish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, mehnatni muhofaza qilish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi, shuningdek mehnatni muhofaza qilish sohasida qonun hujjatlariga muvofiq ayrim vakolatlarga ega bo‘lgan boshqa davlat organlari tomonidan amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining mehnatni muhofaza qilish sohasidagi vakolatlari. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
- mehnatni muhofaza qilish sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlaydi;
- mehnatni muhofaza qilish sohasidagi davlat dasturlarini tasdiqlaydi va amalga oshiradi;
- davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining mehnatni muhofaza qilish sohasidagi faoliyati muvofiqlashtirilishini ta’minlaydi;
- mehnat sharoitlarining davlat ekspertizasini o‘tkazish tartibini belgilaydi;
- ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni va kasb kasalliklarini tekshirish hamda hisobga olish tartibini belgilaydi;
- tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish xizmatini tashkil etish tartibini belgilaydi;
- mehnatni muhofaza qilish uchun ish beruvchi tomonidan mablag‘lar ajratish, shuningdek mehnatni muhofaza qilish jamg‘armalarini tuzish va ularning mablag‘laridan foydalanish tartibini belgilaydi;
- mehnatni muhofaza qilish sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Mehnatni muhofaza qilish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organining vakolatlari. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi mehnatni muhofaza qilish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organidir.
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi:
- mehnatni muhofaza qilish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiradi;
- mehnatni muhofaza qilish sohasidagi davlat dasturlari va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
- mehnatni muhofaza qilish masalalari bo‘yicha texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni va normativ-huquqiy hujjatlarni o‘z vakolatlari doirasida ishlab chiqadi, kelishib oladi hamda tasdiqlaydi;
- mehnatni muhofaza qilishga oid talablarga rioya etilishi, shu jumladan noqulay va alohida mehnat sharoitlarida ishlaganlik uchun xodimlarga imtiyozlar va kompensatsiyalar berilishi yuzasidan davlat nazorati hamda tekshiruvini amalga oshiradi;
- mehnat sharoitlarining davlat ekspertizasi o‘tkazilishini ta’minlaydi;
- davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda boshqa tashkilotlar bilan mehnatni muhofaza qilish masalalari bo‘yicha hamkorlik qiladi;
- davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining mehnatni muhofaza qilish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirib boradi;
- mehnatni muhofaza qilish sohasidagi xizmatlar bozori professional ishtirokchilarining yagona reestrini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda yuritadi;
- mehnatni muhofaza qilishning holati monitoringini o‘tkazadi;
- ishlab chiqarishdagi jarohatlanishlarning sabablarini tahlil qiladi hamda davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlariga, mahalliy davlat hokimiyati organlariga, yuridik va jismoniy shaxslarga bunday jarohatlanishlarning oldini olish bo‘yicha takliflar kiritadi;
- ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarning maxsus tekshiruvi o‘tkazilishini va hisobga olinishini ta’minlaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining mehnatni muhofaza qilish sohasidagi vakolatlari. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi:
- xodimlarning dastlabki tarzda (ishga kirayotganda) va davriy (mehnat faoliyati davomida) majburiy tibbiy ko‘riklarini o‘tkazish tartibini belgilaydi;
- ishlab chiqarish muhiti omillarining zararliligi va xavfliligi, mehnat jarayonining og‘irligi va tig‘izligi ko‘rsatkichlari bo‘yicha sanitariya qoidalarini, normalarini va gigiena normativlarini belgilaydi;
- mehnat sharoitlari noqulay ishlarda band bo‘lgan xodimlarga beriladigan sutni (shunga teng bo‘lgan boshqa oziq-ovqat mahsulotlarini), davolash-profilaktika oziq-ovqatini, gazlangan tuzli suvni (issiq sexlarda ishlovchilar uchun) berish normativlarini belgilaydi;
- xodimni yengilroq ishga yoki noqulay ishlab chiqarish omillari ta’sirini istisno etadigan ishga o‘tkazish uchun tibbiy va boshqa ko‘rsatkichlar ro‘yxatini tasdiqlaydi;
- xodim kasb kasalligiga chalingan deb gumon qilinganda uning mehnat sharoitlarining sanitariya-gigiena tavsifini tuzishga doir talablarni belgilaydi;
- kasb kasalliklarini aniqlash va xodimlarning kasbga oid mehnat qobiliyatini yo‘qotganligi darajasini aniqlash uchun yo‘llanma berish tartibini belgilaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining mehnatni muhofaza qilish sohasidagi vakolatlari. Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari o‘z vakolatlari doirasida:
- mehnatni muhofaza qilish sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
- mehnatni muhofaza qilish masalalari bo‘yicha texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni va normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqadi;
- mehnatni muhofaza qilish sohasidagi tarmoq maqsadli va maxsus dasturlarni tasdiqlaydi hamda ularning amalga oshirilishini ta’minlaydi;
- tizimidagi tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilishga oid talablarga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
- tizimidagi tashkilotlarda ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarning va xodimlar sog‘lig‘iga boshqacha shikast yetkazilishining tekshiruvdan o‘tkazilishi hamda hisobga olinishini tashkil etadi va ta’minlaydi;
- tizimidagi tashkilotlar rahbarlari va mutaxassislarining mehnatni muhofaza qilish masalalari bo‘yicha tayyorlanishi, qayta tayyorlanishi, malakasi oshirilishi va bilimlari tekshirilishini tashkil etadi.
Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Mahalliy davlat hokimiyati organlarining mehnatni muhofaza qilish sohasidagi vakolatlari. Mahalliy davlat hokimiyati organlari:
- mehnatni muhofaza qilish sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni amalga oshirishda ishtirok etadi;
- mehnatni muhofaza qilish sohasidagi hududiy dasturlarni tasdiqlaydi va amalga oshiradi;
- davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari tegishli hududiy bo‘linmalarining mehnatni muhofaza qilish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirib boradi.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
3. Tashkilotning mehnatni muhofaza qilish xizmatlari.
Zamonaviy ishlab chiqarishning murakkabligi mehnatni muhofaza qilishga kompleks yondashishni talab qiladi. Bunday sharoitda korxona va tashkilotlarda quyidagi vazifalarni hal qiladi:
- mehnatni muhofaza qilish masalalari bo'yicha ishchilarni o'qitish;
- ishlab chiqarish uskunalarining xavfsizligini ta'minlash;
- binolar va inshootlarning xavfsizligini ta'minlash;
- ishchilarni shaxsiy himoya vositalari bilan ta'minlash;
- optimal ish va dam olish rejimlarini ta'minlash;
- ishlab chiqarish jarayonlarining xavfsizligini ta'minlash;
- mehnat sharoitlarini normallashtirish va boshqalar.
Ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshiruvchi, xodimlarining soni ellik kishi va undan ortiq bo‘lgan har bir tashkilotda mehnatni muhofaza qilish talablariga rioya etilishini ta’minlash, ularning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish maqsadida mehnatni muhofaza qilish xizmati tashkil etiladi yoki mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha tegishli tayyorgarlikka ega bo‘lgan mutaxassis lavozimi joriy etiladi. Ellikta va undan ortiq transport vositasi mavjud bo‘lgan tashkilotda yo‘l harakati xavfsizligi xizmati ham tashkil etiladi yoki yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha mutaxassis lavozimi joriy etiladi.
Xodimlarining soni ellik nafardan kam bo‘lgan tashkilotda mehnatni muhofaza qilish xizmatini tashkil etish yoki mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha mutaxassis lavozimini joriy etish to‘g‘risidagi qaror ish beruvchi tomonidan mazkur tashkilot faoliyatining o‘ziga xos xususiyati hisobga olingan holda qabul qilinadi.
Mehnatni muhofaza qilish xizmati va yo‘l harakati xavfsizligi xizmati tashkilotning mustaqil tarkibiy bo‘linmalari bo‘lib, ular bevosita tashkilot rahbariga bo‘ysinadi.
Mehnatni muhofaza qilish xizmati mutaxassislari mehnatni muhofaza qilish qoidalari va normalariga barcha xodimlar tomonidan rioya etilishini nazorat qilish, tarkibiy bo‘linmalarning rahbarlariga aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish to‘g‘risida ijro etilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berish, shuningdek mehnatni muhofaza qilish masalalari bo‘yicha texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar va normativ-huquqiy hujjatlar talablarini buzayotgan shaxslarni javobgarlikka tortish to‘g‘risida tashkilot rahbariga taqdimnomalar kiritish huquqiga ega.
Mehnatni muhofaza qilish xizmatining vazifalari mehnatni muhofaza qilish sohasidagi xizmatlar bozorining professional ishtirokchilari tomonidan shartnoma asosida amalga oshirilishi mumkin.
Mehnatni muhofaza qilish sohasidagi xizmatlar bozorining professional ishtirokchilari. Mehnatni muhofaza qilish sohasida shartnoma asosida xizmatlar ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar mehnatni muhofaza qilish sohasidagi xizmatlar bozorining professional ishtirokchilaridir.
Mehnatni muhofaza qilish sohasidagi xizmatlar bozorining professional ishtirokchilari:
tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish xizmatining vazifalarini amalga oshirishi;
ish o‘rinlarining mehnat sharoitlari bo‘yicha attestatsiyasini o‘tkazishi;
mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha mutaxassislarni qayta tayyorlashi va ularning malakasini oshirishi;
tashkilotda mehnatning muhofaza qilinishini boshqarish tizimi auditini o‘tkazishi mumkin.
Mehnatni muhofaza qilish sohasidagi xizmatlar bozorining professional ishtirokchilariga va ular tomonidan xizmatlar bajarilishiga doir talablar, shuningdek ularning yagona reestrini yuritish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Tashkilotda mehnatni muhofaza qilishni boshqarish tizimining auditi. Tashkilotda mehnatni muhofaza qilishni boshqarish tizimining auditi mehnatni muhofaza qilish tizimining holatini baholash bo‘lib, ushbu audit ish beruvchining qaroriga binoan o‘tkaziladi va quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
- tashkilotda mehnatni muhofaza qilishni boshqarish tizimining mehnatni muhofaza qilish masalalari bo‘yicha texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar va normativ-huquqiy hujjatlar talablariga muvofiqligini aniqlash;
- mehnatni muhofaza qilishni boshqarish tizimining ishlashi sifatini, ishlab chiqarishdagi jarohatlanishlar va kasb kasalliklarining oldini olishga, darajasini kamaytirishga qaratilgan tadbirlar samaradorligini baholash;
- aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etishga, ishlab chiqarishdagi jarohatlanishlar va kasb kasalliklarining oldini olishga qaratilgan takliflar hamda tavsiyalar ishlab chiqish.
Tashkilotda mehnatni muhofaza qilishni boshqarish tizimining auditi mehnatni muhofaza qilish sohasidagi xizmatlar bozorining professional ishtirokchilari tomonidan shartnoma asosida amalga oshiriladi.
Ishlab chiqarish korxonalarida mehnat muhofazasiga doir ishlar tashkiliy-texnik tadbirlarning kompleks rejasi asosida amalga oshiriladi. Bu tadbirlarni korxona ma’muriyati mahalliy kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan birgalikda ishlab chiqadi. Kompleks reja yillik, besh yillik yoki ko‘p yillik rejalardan tashkil topadi. Bunda fan va texnikaning mehnat muhofazasi sohasida erishgan yutuqlari hamda korxonaning rivojlanish istiqbollari hisobga olinadi. Ishning bajarilishini nazorat qilish xavfsizlik yo‘llari bo‘yicha muhandis zimmasiga, uni amalga oshirishga javobgarlik esa korxona sehlari, bo‘limlari, bo‘linmalari boshliqlari zimmasiga yuklatiladi.
Korxonalar ma’muriyati va muhandis-texnik xodimlarning asosiy vazifalari mehnat haqidagi qonunlar majmui hamda “Xavfsizlik yo‘llari va ishlab chiqarish sanitariyasi qoidalari” bilan belgilanadi. Ishlab chiqarishda shikastlanish va kasb kasalliklarini kamaytirish hamda ularning oldini olishga oid mehnat muhofazasi bo‘yicha ishlarni amalga oshirish, tadbirlariga umumiy rahbarlik hamda bu ishga javobgarlik korxona rahbari uning o‘rinbosari-bosh muhandis zimmasiga yuklatiladi.