Tizza qopqog‘i (patella, 36-rasm) – to‘rt boshli son muskuli payining orasida joylashgan eng katta sesamasimon suyak. Tizza qopqog‘ining oldingi yuzasi (facies anterior) g‘adir-budur bo‘lsa, orqasi silliq bo‘g‘im yuzasi (facies articularis) son suyagi bilan bo‘g‘im hosil qiladi. Uning keng asosi basis patellae va uchi apex patellae deyiladi.
36-rasm. Tizza qopqog‘i (patella).
A – old yuzasi, 1–basis patellae; 2–apex patellae; 3–facies anterior.
B – orqa yuzasi. 1–basis patellae; 2–facies articularis; 3–apex patellae.
Boldir suyaklari (34-rasm) ikkita naysimon suyakdan, ya’ni medial (ichki) tomonda joylashgan katta boldir va lateral (tashqi) tomonda joylashgan kichik boldir suyagidan tashkil topgan. Bu ikki suyak orasidagi masofa spatium interosseum cruris deyiladi.
K a t t a b o l d i r s u ya g i (tibia, 37-rasm) kichik boldir suyagiga nisbatan katta bo‘lib, yuqori uchi (epiphis)da medial do‘ng (condylus medialis) va lateral do‘ng (condylus lateralis) bor. Ikkala do‘ngning yuqorisida son suyagi bilan bo‘g‘im tuzish uchun botiqroq yuza (facies articularis superior) joylashgan. Ana shu bo‘g‘im yuzalar ikkita do‘mboq (medial do‘mboq– tuberculum intercondylare mediale, lateral do‘mboq – tuberculum intercondylare laterale)dan tuzilgan tepacha (eminentia intercondylaris) vositasida bir-biridan ajralib turadi. Tepachaning old tomonidagi yuza area intercondylaris anterior, orqa tomonidagi yuza esa area intercondylaris posterior deyiladi. Lateral do‘ngning pastki va orqa tomonida kichik boldir suyagining yuqori uchi birlashadigan yassi bo‘g‘im yuzasi (facies articularis fibularis) bor.
37-rasm. Katta boldir suyagi (tibia), kichik boldir suyagi (fibula). Old yuzalari.
1–condylus medialis; 2–tuberositas tibiae; 3–margo interosseus tibiae; 4–facies medialis; 5–tibia; 6–margo anterior; 7–facies lateralis; 8–malleolus medialis; 9–malleolus lateralis; 10–margo interosseus fibulae; 11–fibula; 12–margo anterior; 13–facies lateralis; 14–caput fibulae; 15–apex capitis fibulae; 16–condylus lateralis tibiae.
Katta boldir suyagining tanasi (corpus tibiae) uch qirrali bo‘lib, oldinda o‘tkir qirra (margo anterior) teri ostidan ko‘rinib turadi. Qirraning tepa tomonidagi g‘adir-budur tepa tuberositas tibiae ga qo‘shiladi. Kichik boldir suyagi tomonida lateral qirra (margo interosseus)ga suyakaro parda yopishadi. Medial tomonda to‘mtoq qirra (margo medialis) bor. Qirralar orasida uchta yuza tafovut etiladi. Ulardan medial silliq yuza (facies medialis) teri ostida, lateral yuza (facies lateralis), orqa yuza (facies posterior) muskullar ostida joylashgan. Katta boldir suyagining pastki uchi (epiphysis distalis) to‘rtburchak shaklida bo‘lib, medial tomonda pastga qarab maxsus o‘siq – ichki to‘piq (malleolus medialis), uning orqasida sulcus malleolaris joylashgan. Katta boldir suyagining pastki uchida oyoq panjasi suyaklari bilan bo‘g‘im hosil qiladigan botiq bo‘g‘im yuzasi (facies articularis inferior) va ichki to‘piqning bo‘g‘im yuzasi (facies articularis malleoli) bor. Katta boldir suyagining lateral tomonida kichik boldir suyagi joylashadigan o‘ymani (incisura fibularis) ko‘rish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |