4.5. Arab xalifaligi davri davrida Movarounnahrda ijtimoiy-iqtisodiy hayot
Xalifalik o‘lkani zabt etish jarayonida uning deyarli barcha obod dehqonchilik vohalarini, juda ko‘p shahar va qishloqlarga o‘t qo‘yib vayron etdi. Suv inshootlari buzib tashlandi. Ekin maydonlari suvsizlikdan qurib qoldi. Zabt etilgan shahar va qishloq aholisidan oltin, kumush, qimmatbaho buyumlar va ko‘plab qurol-yarog‘lar tortib olindi. Sulh tuzishga majbur bo‘lgan Buxoro, Poykand, Sug‘d hukmdorlaridan katta miqdorda boj-u tovonlar undirib olindi. Xalifalik qo‘shinlariga minglab nafar mahalliy yigitlarni jalb etdilar.
Arablar Movarounnahrni bosib olgach, bu yerdagi yer-mulklar xalifaga qarashli bo‘lib qoldi. Xalifa davlat yerlarini iqto tariqasida in’om qilgan. Davlat yerlari ayrim harbiy yo‘lboshchilar va amaldorlarga umr bo‘yi yoki mulkka vorislik tariqasida berilgan. Biroq yerlarning asosiy egasi xalifa sanalar va u iqtodorlardan ushr olish huquqiga ega edi. Yirik yer egalari – dehqonlar arab xalifaligi davrida ham o‘z yerlarining egalari bo‘lib qoldilar, biroq ular endilikda ijaradorga aylanib, daromadning ma’lum qismini xalifalik xazinasiga jo‘natish majburiyatini olgan edilar.
Arablar tomonidan Movarounnahr bosib olingach, “Xiroj”, “ushr”, “zakot”, “jizya” kabi soliqlar joriy etiladi. “Juz’ya” jon boshiga solinadigan soliq bo‘lib, musulmon bo‘lmagan fuqarolardan asosan pul yoki mahsulot shaklida undirilgan. Islomni qabul qilmagan boylardan 48, o‘rtahollardan 24, kambag‘àl dehqon va hunarmandlardan 12 dirhamdan jizya solig‘i olingan. “Xiroj” esa dehqonlar daromadidan undirilgan va bu daromadning 1/3 qismiga, hatto undan ortig‘iga ham teng bo‘lgan. “Zakot” odatda pul daromadlarining 1/40 ulushi (2,5%) ga teng bo‘lishi kerak edi. Shuningdek, “Ushr” (arabcha o‘ndan bir) degan soliq ham bo‘lgan. Bu soliq turi davlat foydasiga olinadigan soliq bo‘lib, natura va pul shaklida asosan dehqonchilik mahsulotlaridan olingan. Bulardan tashqari aholiga mahalliy va mavsumiy soliq va majburiyatlar ham yuklangan edi. Aholidan olinadigan markazlashgan soliqlar hajmi daromadning qariyb yarmini tashkil etardi. IX asrda yashagan arab tarixchisi Xo‘rdodbehning ma’lumot berishicha, xalifalikka faqat xiroj solig‘i hisobiga Sug‘d viloyati 326 ming, Farg‘ona 280 ming, Shosh 607 ming, Ustrushona 50 ming dirham soliq to‘lagan. Buxoroga belgilangan xiroj solig‘i miqdori bulardan ham ko‘p bo‘lgan.
Arablar og‘ir soliqlarni o‘z vaqtida to‘lay olmagan fuqarolarni haqoratlab va xo‘rlab taxtachalarga “qarzdor” degan yozuvlar yozdirib, ularning bo‘yniga osdirib qo‘yar edilar. Arablar islom dinini qabul qilib musulmon bo‘lgan mahalliy aholi vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlab, ularga imtiyozlar berdilar. Jumladan, islomni qabul qilganlar “juz’ya” va “xiroj” kabi soliqlardan ozod qilingan. Bu ikki soliqdan ozod qilish siyosatini xalifa Umar II ham qo‘llagan va qonun ijrosini Xurosonga 717-yilda noiblikka tayinlangan Jarroh ibn Abdulladan talab qilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |