An’anaviy yondashuv o‘tgan asrning 60-chi yillarigacha pedagogikada ustun yo‘nalish hisoblangan va hozirgi kungacha ham o‘z ta’sirini yo‘qotmagan. Mazkur yondashuv doirasida o‘quvchi ta’sir ko‘rsatish ob’ekti sifatida ko‘rib chiqiladi. Pedagogikaning asosiy maqsadlariga, ya’ni jamiyatga foydasi tegadigan shaxsning bilimini shakllantirish va uni tarbiyalashga erishish dastlabki vazifalardan biri edi. Mazkur yo‘nalishdagi pedagogikada ta’limning an’anaviy uslublari va qaror topgan an’anaviy “ustoz-shogird” munosabatlari qo‘llanilgan, ularga ko‘ra o‘qituvchi “asosiy o‘rin” egallab, o‘quvchi esa unga berilayotgan bilimlarning iste’molchisi bo‘lgan. Bu borada ta’lim jarayoni pedagogic boshqaruv, o‘quvchi shaxsining “tashqaridan” uning faolligi va individualligi hisobga olinmagan holda shakllantirilishi nuqtai nazaridan ko‘rib chiqilgan. Pirovard natijada an’anaviy pedagogikada o‘quvchi itoatkor refleksiyasiz (mulohazasiz) bajaruvchi hisoblanadi.
Pedagogikadagi an’anaviy yondashuv maktab shaxsga jamiyatda o‘z aqliy va boshqa imkoniyatlariga mos ravishda oqilona taqsimlashga yordam berishi va bu bilan insonning ijtimoiy muhitga ko‘nikishiga ko‘maklashishi haqidagi g‘oyaga asoslanadi. Shunday qilib, “maktabning vazifasi gumanitar sohada qobiliyati bo‘lgan bolalar gumanitar sinflarda o‘qishi, texnika sohadagilari esa – texnikaga ixtisoslashgan sinflarda o‘qishi uchun ularni “saralash” zarurligiga, ta’lim olishga qobiliyati bo‘lgan bolalar o‘qishni davom ettirishi, qobiliyati bo‘lmaganlari esa – umuman o‘qimasligini belgilash”dan iborat. Buning uchun bolalarni qobiliyatlariga qarab taqsimlash, rag‘batlantirish va jazolash tizimidan, baholashning musobaqa tizimidan foydalanish qo‘llaniladi.
An’anaviy pedagogikaga zid ravishda 1960 yillarning oxirida G‘arb pedagogikasida yangi yo‘nalish – tanqidiy pedagogika yoki ta’limning tanqidiy nazariyasi paydo bo‘ldi, unga ko‘ra an’anaviy pedagogikaning omilkorona tamoyillari qat’iy tanqid ostiga olinadi va qayta ko‘rib chiqilishi talab etiladi. Mazkur yo‘nalishning yetakchilari qatorida AQSh akademik pedagogikasi vakillari (Anri Jiro va Piter Maklaren), fransuz tanqidiy pedagogikasi vakili (Per Bordo) va boshqalar bor. Ushbu yo‘nalishning nazariy manbalari sifatida L.Altyusser, A.Gramshi, P.Burde, B.Bernstaynning asarlari hisoblanadi. O‘sha 1960-chi yillarda taniqli rossiyalik olimlar – L.V.Zankov, D.B.Elkonin, G.P.Shchedroviskiy, V.V.Davidov va boshqalar ham pedagogikada nuqtai nazarlarni o‘zgartirishgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |