3-SINF
-
Dars mavzusi: Uy hayvonlari
-
Darsning maqsadi:
a) ta’limiy maqsad: o’quvchilarga hayvonot dunyosi, uy hayvonlari va ularning turlari, insonlar hayotidagi ahamiyati haqida to’la ma’lumot berish;
b) tarbiyaviy maqsad: o’quvchilarni yuksak vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda ona tabiat va hayvonot dunyosiga bo’lgan mehr-muhabbat tuyg’ularini uyg’otish;
v) rivojlantiruvchi maqsad: o’quvchilarni mustaqil va erkin fikrlashga o’rgatish, ijodiy fikrlash ko’nikmalarini takomillashtirish, dunyoqarashini rivojlantirish.
-
Asosiy tushuncha va atamalar: sigir, buzoq, qo’y, qo’zichoq, qo’chqor, qorako’l qo’yi, hisor qo’yi, qorabayir, arabi ot, Vladimir oti, qimiz, toy.
-
O’quvchilar egallashi lozim bo’lgan BKM elementlari:
Bilimlar:
-
uyda boqiladigan hayvonlarni bilish;
-
hayvonlarning insonlar uchun foydali jihatlarini bilish;
-
sigirning necha yilda voyaga yetishi, necha litr sut berishi, necha yil umr ko’rishini bilish;
-
sigirni insonlar qanday maqsadlarda boqishlarini bilish;
-
qo’y junidan sanoatda nimalar ishlab chiqarilishini bilish;
-
dunyoda otlarning nechta turi borligini bilish;
-
ot go’shti va suti haqidagi ma’lumotlarni bilish;
-
otning bolasi “toy” haqidagi ma’lumotlarni bilish.
Ko’nikma va malakalar:
-
qoramollarning turlarini ajrata olish;
-
qoramollarning nimalar bilan oziqlanishini ayta olish;
-
qo’ylarning turlari, boqilish joylarini ajratish;
-
otning O’zbekistonda necha xil zoti borligini aytish;
-
otlardan odamlar qanday maqsadda foydalanishlarini aytib bera olish.
-
Darsning metodlari: “Aqliy hujum” metodi, “Nomini top” o’yini, “SAN” texnologiyasi, “Olmos” strategiyasi.
-
Dars shakli: Suhbat-ma’ruza.
-
Dars usuli: tayyor materiallar va ko’rgazmalar usulida.
-
Darsda qo’llaniladigan vositalar: mol, ot, qo’y va boshqa uy hayvonlarining rasmlari, go’sht va sut mahsulotlarining rasmlari, oq list, marker va hok.
-
Darsning borishi:
-
Tashkiliy bosqich: salomlashish, davomatni aniqlash, fasllar, yangiliklar haqida suhbatlashish.
-
O’tilgan mavzuni takrorlash:
O’tilgan mavzu: Qushlar. Parrandalar.
Takrorolash yuzasidan savollar:
-
Qushlarning insonlar hayotida qanday ahamiyati bor?
-
Hasharotxo’r qushlar qaysilar?
-
Uy parrandalari haqida ma’lumot bering.
-
Yangi mavzu bayoni:
-
Aqliy hujum: Qanday uy hayvonlarini bilasiz va ulardan qaysilarini boqasiz?
-
”Nomini top” o’yini.
Ushbu o’yin bevosita mavzuni boshlashdan oldin o’tkaziladi. O’yin natijasida sinfdagi bolalar mavzuga jalb etiladilar va ularda mantiqiy fikrlash, idrok qilish ko’nikmalari shakllantiriladi. O’yin davomida quyidagi harakatlar amalga oshiriladi:
-
o’qituvchi doskaga ixtiyoriy bir o’quvchini chiqaradi;
-
oq listga biror bir uy hayvonining nomini yozadi. ( mol, ot, mushuk, qo’y va hokazo);
-
o’quvchi doskada boshqa o’quvchilarga teskari holatda qarab turadi;
-
o’qituvchi hayvon nomi yozilgan oq listni uning orqasiga yopishtiradi;
-
o’tirganlar hayvon nomini ko’rib olganlaridan so’ng o’quvchi bolalarga qaraydi va berkitilgan hayvonni topishi kerak bo’ladi;
-
buning uchun u o’z o’rtoqlariga savol beradi, qolgan bolalar esa uning savollariga ” ha” yoki ” yo’q ” deb javob berishlari kerak bo’ladi.
Masalan:
-
u jonlimi? (ha);
-
uni yesa bo’ladimi? (yo’q);
-
u hayvonmi? (ha);
-
u uyda boqiladimi? (ha);
-
undan sut olinadimi? (ha) tarzida. O’qituvchi ushbu o’yinni 2 yoki 3 o’quvchi ishtirokida o’tkazishi mumkin.
-
Darslik bilan ishlash.
Uy hayvonlari nima uchun boqiladi?
O’lkamizning tabiati nihoyatda go’zaldir. Hayvonlar inson qadami yetgan hamma joyda uchraydi. Odamlar ulardan sigir, qo’y, ot, tuya, echki, it, mushuk va quyonni uyda boqadilar. Shuning uchun ularni uy hayvonlari deb yuritiladi. Uy hayvonlari odamlarga foyda keltiradi. Bizning respublikamizda uy hayvonlari oziq mahsulotlari va sanoat xomashyosi (teri, jun) yetishtirish uchun boqiladi. Buning uchun jamoa va fermer xo’jaliklari tashkil etilgan.
Qoramollar
Qoramollarning turli zotlari bor. Ko’p sut beradigan zotdor qoramollar ko’paytirib boriladi. O’lkamizda qoramollar bahor, yoz va kuzda, asosan, yaylovda boqiladi. Qishda esa g’amlab qo’yilgan hashaklar bilan oziqlanadi. Qoramollarga silos, kunjara, shulxa kabi ozuqalar beriladi. Sigirlar har yili bittadan bolalaydi. Ayrim hollarda ikkita ham tug’ishi mumkin. Buzoqlar 2-3 yilda voyaga yetadi. Bitta sigirdan bir kunda o’rtacha 8-10 litr sut sog’ib olinadi. Ular 15-20 yil yashaydi.
Qo’ylar
Qo’ylar, asosan, go’shti va juni uchun boqiladi. Ona qo’y 10-15 yil yashaydi. Har yili bitta yoki ikkitadan qo’zilaydi. Qo’zichoqlar bir yilda voyaga yetadi. Qo’chqor esa 1-2 yil bo’rdoqiga boqilib, go’shtga topshiriladi. Qo’ylar junidan ip yigiriladi va issiq kiyim-kechaklar to’qiladi. Qo’ylarning qorako’l, hisor kabi zotlari ko’proq boqilib ko’paytiriladi. Qorako’l qo’yning terisidan telpak, paltoning yengi va yoqalari tikiladi. Hisor qo’ylari eng yirik zotli qo’ylar hisoblanadi. Bunday qo’ylar go’sht va yog’i uchun boqiladi. Qo’ylar tog’ va cho’l yaylovlarida katta poda qilib boqiladi.
Otlar
Dunyoda otlarning 205 tadan ortiq zotlari mavjud. Ulardan O’zbekistonda 8 xil zoti bor. Qorabayir, Arabi oti, Vladimir otlari ko’p uchraydi. Qadimdan ot transport vazifasini bajargan. Unga minib, uzoq joylarga borganlar, jang qilganlar. Hozirgi kunda ham qishloq joylarda otlardan foydalaniladi. Ayniqsa, mol va qo’ylarni boqishda cho’ponlar otda yurishadi. Ot go’shti iste’mol qilinadi, sutidan qimiz tayyorlanadi. Biya har yili bitta, ayrim hollarda ikkita bolalaydi. Yangi tug’ilgan toychoq qulun, ikki yoshlisi toy, uch yoshdagisi qo’non va to’rt yoshlisi do’non deyiladi.
Mustahkamlash uchun metodlar.
-
“SAN” texnologiyasi. ( uchlik- samarali, axloqiy, nazokatli).
Texnologiyaning maqsadi: o’quvchilarda yakka, jamoaviy, guruh bilan ishlash, ijodiy va tashkilotchilik faoliyati ko’nikmalarini, ishga mas’uliyat bilan yondoshuvni shakllantirish, ularda aktyorlik qobiliyatlarini rivojlantirish va hayvonot dunyosiga mehr-muhabbatni uyg’otish.
Mashg’ulotni o’tkazish tartibi: o’qituvchi o’quvchilar auditoriyasini o’tkaziladigan mashg’ulotning tartib-qoidalari bilan tanishtiradi va o’quvchilarni 3 guruhga ajralishlarini iltimos qiladi. Guruhlarda ular yana 3 ta asosiy rollarga bo’linadilar. Bular:
-
ZUKKOLAR;
-
TOPQIRLAR;
-
AKTYORLAR.
O’qituvchi har bir guruhga alohida topshiriq beradi va bir xil vaqt belgilaydi.
-
“Zukkolar” jamoasi berilgan vaqt mobaynida uy hayvonlari to’g’risidagi ma’lumotlarni o’rtoqlariga batafsil so’zlab berishlari kerak bo’ladi. Bu topshiriq natijasida o’quvchilar o’qituvchi kitobdan o’qib bergan ma’lumotlarni yanada mustahkamlash imkoniyatiga ega bo’ladilar. O’quvchilar topshiriqni navbatma-navbat bajaradilar. Topshiriqqa barcha birday jalb etilishi kerak bo’ladi.
-
“Topqirlar” jamoasiga esa berilgan topshiriqlar yuzasidan tezkor savollarga javob berish vazifasi yuklatiladi. Savollar o’qituvchi tomonidan avvaldan tayyorlab qo’yilgan bo’lishi kerak va quyidagicha bo’lishi mumkin:
-
Uy hayvonlari qaysilar?
-
Qoramollarning qanday zotlari bor?
-
Qoramollarga qanday ozuqalar beriladi?
-
Qorako’l qo’yining terisidan nimalar tikiladi?
-
Qo’ylar asosan necha yil yashaydi?
-
Qadimda ot qanday vazifalarni bajargan?
-
O’zbekistonda otning necha xil zoti bor? va hokazo tarzida.
3. “Aktyorlar” jamoasiga esa uy hayvonlarining ovozlari va o’ziga xos qiliqlarini o’xshatib bajarish vazifasi topshiriladi. Qolgan o’quvchilar esa ularning qiliqlariga qarab turib o’quvchi qaysi hayvonga taqlid qilayotganini topishlari kerak bo’ladi.
Qo’shimcha mustahkamlash uchun “Olmos” strategiyasi. Bunda o’qituvchi har bir o’quvchiga oq listga ixtiyoriy uy hayvonining rasmini chizish vazifasini topshiradi. O’quvchilar rasmlarni chizib bo’lganlaridan so’ng o’qituvchi tomonidan yig’ib olinadi va quyidagi mezonlar asosida baholanadi: “Chiroyli”, “O’ziga xos”, “O’zgacha”, “Ajoyib” , “Kulgili” va kokazo. Baholash jarayonida o’qituvchi rasmlarni piramida shaklida joylashtiradi.
1
-
2
3 3 3
4 4
5
Do'stlaringiz bilan baham: |