Xayol jarayonlarining fiziologik asoslari
Xayol jarayonlarining, shu jumladan fantaziya obrazlarining vujudga kelishi inson miyasi faoliyatining mahsuli hisoblanib, bosh miya katta yarim sharlari po’stloq qismining funktsiyasi orqali amalga oshadi. Xotira bilan xayolning fiziologik asoslari, mexanizmlari o’rtasida muayyan darajada o’xshashlik va ba’zi tafovutlar mavjudligini ta’kidlab o’tish joiz.
Xotiraning fiziologik asosi muvaqqat nerv bog’lanishlarining o’zaro birikuvi hamda faollashuvi (qayta jonlanishi, tormozlanishi)dan iborat bo’lsa, xayol jarayonida inson ontogenezida yuzaga keltirilgan bog’lanishlar tizimi buzilishi (emirilishi) oqibatida yangi tizim hosil qilinadi. Favquloddagi bunday holat (birlashishi, yangi tizim) ma’lum ehtiyoj yoki birorta tasodifiy taassurot (tashqi ta’sir) orqali miya po’stida kuchli qo’zg’alish o’chog’ining hosil bo’lishi tufayli vujudga kelishi mumkin. Xuddi shu boisdan xayol surayotgan shaxsda nerv hujayralarining guruhlari o’zaro yangitdan (qaytatdan) bog’lanishi, shuning uchun fantaziya obrazlariga xos yangilik va o’xshashlik alomatlari mazkur yangicha bog’lanishga bo’ysunadi.
Shunday qilib, xayol miya katta yarim sharlari po’stining funktsiyasi hisoblanishiga qaramasdan, uning fiziologik mexanizmlari miyaning boshqa qismlari bilan bog’liq ekanligi to’g’risida faraz qilishga imkon tug’diradi. Miyaning mana shunday chuqurroq qismlari gipotalam-limbik (yunoncha hypothalamus anglatadi va yuksak markazlar majmuasidan iborat bo’lib, har xil funktsiyalar moslashuvini ta’minlab turadi; lotincha limbus chegara, chet, hoshiya degan ma’noni bildiradi; yunoncha thalamus tepalik degani tizimi fantaziya obrazlarining shakllanishi bilan ularni faoliyat jarayonlariga qo’shilishda miya yarim sharlari po’sti bilan birga qatnashadi. Tizimning po’stloq bilan po’stloqosti qismlari bog’lanishi tufayli gipotalamus miya stvolining yarim sharlar bilan tutashuvida «limb» (chegara) hosil qiladi.
Inson miyasi fantaziya obrazlariga hamda organizmning periferik (chet) qismlariga boshqaruvchanlik ta’sirini o’tkazib, ularning faoliyatini o’zgartirib turadi. SHaxs asabiylashganida biror narsa haqida qattiq o’ylasa, albatta tana a’zolarida ko’zga tashlanadigan o’zgarishlar sodir bo’lishi mumkin. Yuzaga kelgan bunday alomatlar (belgilar, izlar) «stigmat»lar deb nomlanadi (yunoncha stigma dog’ yoki chandiq degan ma’noni anglatadi). Qadimgi xalq afsonlari, rivoyatlariga qaraganda inson qattiq jismoniy kaltaklangan davrini eslasa, go’yoki o’sha azobning izlari favquloddagi paytda yuzaga kelishi ta’kidlanadi. Qo’rqinch holat to’g’risida xayol obrazlari yaratilsa, odamga uchuq chiqishi, lablari yorilganday his etishi voqeliklari uchrab turadi. Masalan, chekish va ichishni mutloq tashlagan shaxs papiros yoki spirt ichimligi to’g’risida o’ylasa, uning og’iz bo’shlig’ida tamaki ta’mi, aroqning achchiqligi paydo bo’lishi mumkin. Inson juda suvga tashna bo’lsa yoki ochlik azobi qiynasa, ular to’g’risida o’ylasa, «shirin qoniqish» «lazzatlanish» hislari vujudga keladi.
Psixologiyada qo’rqinch holati to’g’risida muayyan materiallar to’plangan va tahlil qilingan. Qo’rqinch yunoncha phobos «fobiya» deb nomlanadi. Fobiya muayyan sharoitlar va vaziyatlarda shaxsda vujudga keladigan kuchli asosga ega bo’lmagan qo’rqinch va tashvishlanishdan iborat, inson tomonidan yengish imkoniyat yo’q muttasil psixopatologik holati. Mazkur patologik holatning ba’zi birlariga tushuncha berishga harakat qilamiz: 1)agarafobiya- shaxsning gavjum maydonlardan, shoh ko’chalardan o’tishiga qo’rqishi; 2) kaustrofobiya- insonning eshigini quluflab yolg’iz o’tirishidan qo’rqishi; 3) monofobiya- shaxsning yakka-yu yolg’iz, hech kimsiz qolishdan qo’rqishi; 4) atropofobiya- insonning ko’pchilik davrasidan, haloyiqdan qo’rqishi; 5) nazofobiya- odamning kasal bo’lib qolishdan qo’rqishi; 6) eyrotrofobiya- shaxsning ko’pchilik davrasida izza bo’lishdan, o’zini yo’qotib qo’yishdan qo’rqishi; 7) didaktogen- o’quvchi yoki talabaning o’qituvchidan qo’rqishi; 8) yatrogen- bemorning shifokordan qo’rqishi va hokazo.
Xayolning organik jarayonlari bilan uzviy bog’liqligi haqidagi ma’lumotlar yana ideomotor (yunoncha idea- tushuncha, tasavvur, lotincha motor harakatlantiruvchi degan ma’noni bildiradi) aktlar (harakatlar)da mujassamlashgan bo’ladi. Inson u yoki bu harakatni tasavvur qilish bilanoq xuddi shu narsaning tabiiy ravishda bajarilishi boshlanadi. Masalan, shaxs qaysidir ashulani dildan o’tkazsa, uning xirgoyisi amalga oshiriladi yoki rubob to’g’risida tasavvur qilinsa, undagi barmoq harakati tasodifiy ijroga kirishadi va boshqalar.
Do'stlaringiz bilan baham: |