O‘zbekiston Respublikasida faoliyatni doimiy muassasa orqali amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi norezidentlari doimiy muassasa joylashgan joydagi davlat soliq xizmati organiga O‘zbekiston Respublikasidagi faoliyatining xususiyati haqidagi hisobotni (erkin shaklda), shuningdek yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘ining hisob-kitobini chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar uchun yillik moliyaviy hisobotni topshirish uchun belgilangan muddatlarda taqdim etadi. Bunda yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘ining hisob-kitobida byudjetga to‘lanadigan sof foydadan olinadigan soliq summasi alohida satrda ko‘rsatiladi. Faoliyat kalendar yil tugashidan avval tugatilgan taqdirda, bu hujjatlar faoliyat tugatilganidan keyin bir oydan kechiktirmasdan taqdim etilishi shart.
Soliq to‘lash tartibi
Yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i bo‘yicha joriy to‘lovlarning summasini aniqlash uchun soliq to‘lovchilar joriy hisobot davri birinchi oyining 10-kunigacha davlat soliq xizmati organiga joriy hisobot davri uchun taxmin qilinayotgan soliq solinadigan foydadan va yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘ining belgilangan stavkasidan kelib chiqib hisoblangan yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘ining summasi haqida ma’lumotnoma taqdim etadilar.
Yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i bo‘yicha joriy to‘lovlar har oyning 10-kunidan kechiktirmay hisoblab chiqarilgan yil choragi bo‘yicha yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i summasining uchdan bir qismi miqdorida to‘lanadi.
Hisobot davrida taxmin qilinayotgan soliq solinadigan foyda eng kam ish haqining ikki yuz baravaridan kam miqdorni tashkil etadigan soliq to‘lovchilar joriy to‘lovlarni to‘lamaydi.
Soliq to‘lash tartibi
Taxmin qilinayotgan soliq solinadigan foydadan kelib chiqqan holda hisoblab chiqarilgan yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i summasi hisobot davri uchun byudjetga to‘lanishi lozim bo‘lgan yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i summasiga nisbatan 10 foizdan ko‘proq kamaytirilgan taqdirda, davlat soliq xizmati organi joriy to‘lovlarni yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘ining haqiqiy summasidan kelib chiqib penya hisoblagan holda qayta hisoblashga haqli.
Yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘ini to‘lash hisob-kitoblarni topshirish muddatlaridan kechiktirmay amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi norezidentining doimiy muassasasi yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘ini, shuningdek sof foydadan olinadigan soliqni joriy to‘lovlarni to‘lamasdan yiliga bir marta, hisob-kitobni taqdim etish muddatidan keyin bir oy ichida to‘laydi.