8.1-rasm. Turistlar va mehmonlarni joylashtirish vositalari
Mehmonxona qator qo‘shimcha pullik xizmatlar ko‘rsatadi. Jumladan zarur axborot olish, pasportlar va turistik hujjatlarni rasmiylashtirish, ekskursiyaga ro‘yxatga olish, valyuta ayirboshlash, teatr, muzey, konsert zallari, stadionlarga chiptalar sotish, samolyot, po‘ezd va boshqa qatnov vositalariga chiptalarni buyurtma qilish, ijaraga avtomobil olish shular jumlasidandir. Ayrim mehmonxonalarda ish yuzasidan tashrif buyurgan mijozlar uchun biznes markazlari tashkil etiladi. Markaz mijoz ishlashi va kasbiy ta’lim olishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratadi. Biznes markazida hujjatlarni tarjima qilish, qayta chop etish ishlari bajariladi, kompyuter xizmatlari ko‘rsatiladi. Markaz teleks va faksimil aloqa vositalari, videomagnitofon va proyeksion apparatlar bilan jihozlanadi.
Mehmonxona nomeri ko‘p funksiyali ahamiyatga ega bo‘lib, u mijozning tunashi, dam olishi, ovqatlanishi, yuvinishi, ishlashi, muloqot qilishini ta’minlaydi. Nomerda mehmonning shaxsiy buyumlari saqlanadi. Nomerlar o‘rinlar soni, xonalar soni, maydoni, jihozlanishiga qarab tasniflanadi. Jahon amaliyotida bir yoki ikki kishiga mo‘ljallangan bir xonali nomerlar ayniqsa keng tarqalgan. Ayrim mehmonxonalarda har bir yashovchiga nisbatan bir xonali nomerlar ulushi nomer fondining 60-100% ga yetadi. Nomerlarda mebel nomerning gabariti, devorlarining oralig‘i, isitish xususiyatlari, texnologik ko‘rsatkichlariga qarab joylashtiriladi. Mebel foydalanuvchi uchun qulay bo‘lishi, sanitariya va ergonomika talablariga javob berishi, mijozlar didiga mos kelishi kerak.
Appartamentlar soni nomerlar umumiy miqdorining 10% dan oshmaydi. Ular xonalarining soni va vazifasiga, hojatxonasi va vannasiga, dahlizi va maydoniga ko‘ra har xil bo‘ladi.
Xodimlar uchun xonalarni joylashtirishda ish vaqtida xodimlarning harakat yo‘nalishlarini qisqartirish zarurligidan kelib chiqish kerak. Xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarning xonalari ish joyidan uzoq bo‘lsa, bu qo‘shimcha quvvat sarfiga, xodimlar ko‘proq charchashiga olib keladi. Shu sababli, qavatdagi nomerlarga bevosita yaqin joyda xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarning bir qancha xonalari, chunonchi: xodimalarning xonalari, omborlar (toza choyshab va yostiq jildlari, sarflash materiallari, kir choyshab va yostiq jildlari, tozalash vositalari omborlari), ofitsiantlarning xonalari, axlat yig‘gich va b. joylashtiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |